Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy shimolidagi yuzlab masjidlar buzib tashlandi – HRW

Xitoy shimolidagi yuzlab masjidlar buzib tashlandi – HRW

Xitoy hukumati Ninsya muxtor o‘lkasi va Gansu viloyatidagi yuzlab masjidlarni vayron qildi va yopib yubordi. Bu haqda Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti hisobotida so‘z boradi.

«Masjidlarning yopilishi, vayron qilinishi va boshqa muassasaga aylantirilishi Xitoyda islomiy e’tiqodni cheklashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarning bir qismidir», – deydi Human Rights Watch tashkilotining Xitoy masalalari bo‘yicha direktori Mayya Vong.

Inson huquqlari faollari Ninsya muxtor o‘lkasi va Gansu viloyatidagi qishloqlarning sun’iy yo‘ldosh tasviri orqali tadqiq etgan. Masalan, 2019-2021 yillarda Ninsyadagi 7 ta masjidning gumbaz va minoralari buzib tashlangan, yana 3 tasi butunlay vayron qilingan.

Umuman, 2020 yildan buyon Ninsya muxtor o‘lkasidagi 1300 ga yaqin masjid yopilgan yoki boshqa dunyoviy muassasaga aylantirilgan. Bu hududdagi masjidlarning uchdan bir qismi demakdir.

Xitoy ma’muriyati «masjidlarni birlashtirish» siyosati yuritilayotganini aytadi. Inson huquqlari tashkilotlari buni e’tiqod erkinligining buzilishi deb baholaydi.

2016 yilda Xitoy raisi Si Szinpin «islomni xitoylashtirish» masalasini ko‘targan. Bu mamlakatdagi musulmon aholining xitoy an’analari va madaniyatiga assimilyasiyasini ko‘zda tutadi. O‘shandan buyon mamlakatda islom dini ustidan nazorat kuchaygani aytiladi.

2018 yilda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi masjidlar nazoratiga doir hujjat qabul qilgan. Unga ko‘ra, mahalliy hokimiyatlarga «masjidlarni ko‘proq buzish va kamroq qurish» topshirig‘i berilgan.

Masjidlarni buzish siyosati Ninsya va Gansu bilan chegaralanayotgani yo‘q.

Shinjon uyg‘ur-muxtor o‘lkasi Xitoyda musulmonlar eng kuchli ta’qib etilayotgan mintaqa deb baholanadi.

Avstraliya strategik siyosati instituti hisob-kitobiga ko‘ra, 2017 yildan buyon Shinjondagi 16 ming masjiddan 65 foizi buzilgan yoki shikast yetkazilgan.

Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Shinjon uyg‘ur-muxtor o‘lkasida yashovchi millatlar qatag‘on qurboni bo‘layotgani xususida hisobot e’lon qilgan. 160 sahifali hisobotda «qayta tayyorlash lagerlari» deb atalgan yuzlab tutqungohlarda uyg‘ur, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik kabi oz sonli millat vakillariga nisbatan zulm va zo‘ravonlik siyosati yuritilayotgani qayd etiladi.

AQSh Davlat departamenti hisobotida yozilishicha, Xitoyda boshlangan tozalash siyosatidan keyin Shinjonda yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha musulmonlar yopiq lagerlarda saqlanmoqda. Departament xulosasiga ko‘ra, sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan.

AQSh Xitoyning Shinjondagi siyosatini «genotsid» deb atagan.

2020 yil iyun oyida AQSh prezidenti Donald Tramp uyg‘ur va boshqa musulmon ozchilik huquqlarini buzgani uchun Xitoy rasmiylariga nisbatan sanksiya joriy etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring