Xitoy maxfiy lagerlar tarmog‘ini kengaytirmoqda – OAV
Xitoy ma’muriyati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida uyg‘ur hamda boshqa millatlarga mansub musulmonlarni tutqunlikda saqlash uchun maxfiy lagerlarni ko‘paytirmoqda. Avstraliya strategik siyosat instituti (The Australian Strategic Policy Institute, ASPI) e’lon qilgan so‘nggi tadqiqotda shu haqda so‘z boradi. Qayd etilishicha, musulmonlarni «qayta tarbiyalash lagerlari» tarmog‘i jahon hamjamiyati tasavvur qilganidan ham kattaroqdir.
Rasmiy Pekin 2019-yil dekabrda qayta tarbiyalash markazlari tugatilganini ma’lum qilgan edi. Ammo tadqiqotlar buning aksini ko‘rsatmoqda.
ASPI sun’iy yo‘ldoshdan olingan fotosuratlar, qurilish bo‘yicha tender hujjatlarini o‘rganib chiqqan. Institut vakili Natan Ruserga ko‘ra, Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasi hududida so‘nggi oylarda kamida 60 ta lager qurib bitkazilgan va 14 tasi ayni paytda qurilmoqda. Muxtor o‘lka bo‘yicha 380 dan ortiq lager ekani gumon qilinayotgan ob’yektlar aniqlangan.
AQSh Davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, Xitoyda 2017-yilda boshlangan tozalash siyosatidan keyin Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha uyg‘ur, qozoq va boshqa millatlarga mansub musulmonlarni yopiq lagerlar tutqunlikda saqlamoqda.
Davlat departamenti hisobotida qayd etilishicha, sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan.
Mo‘’jiza tufayli tutqungohlardan ozod bo‘lgan va xorijga chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan sobiq mahbuslar lagerlarda ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik avj olgani, shinjonlik musulmonlar namoz o‘qigani yoki ro‘za tutgani uchungina jazolanayotgani haqida so‘zlab bergan.
ASPI tahlillariga ko‘ra, maxfiy lagerlar qo‘riqlash darajasiga ko‘ra 4 darajaga bo‘linadi. Tikan simli baland beton devor bilan o‘ralgan, sanoqsiz kuzatuv kamerasi va minoralar bilan jihozlangan 3- hamda 4-darajaga ega lagerlar qattiq tartibda qo‘riqlanadi.
Avvalroq Avstraliya strategik siyosat instituti Xitoy hukumatining bosimi ostida o‘n minglab uyg‘ur hamda boshqa elatlarga mansub musulmonlar qullik sharoitida mehnat qilayotgani, musulmonlar majburan ishlatilayotgan korxonalar orasida BMW, Samsung, Apple, Lenovo, LG, Dell, Nike, Zara, Adidas, H&M kabi dunyoga mashhur savdo brendlari ham borligi haqida taqdiqot e’lon qilgan edi.
Jahon hamjamiyati Xitoy hukumati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi musulmonlarni xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda tutqunlikda saqlayotgani borasida xavotir bildirib kelmoqda. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi mazkur holatni qoralagan.
Joriy yil iyun oyida AQSh prezidenti Donald Tramp uyg‘ur va boshqa musulmon ozchilik huquqlarini buzgani uchun Xitoy rasmiylariga nisbatan sanksiya joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzoladi. Ushbu qonunga ko‘ra, Xitoy hududida yashovchi musulmon elatlar huquqlarini buzishga aloqador bo‘lgan tashkilot va shaxslarning mablag‘lari muzlatiladi, ularning Qo‘shma Shtatlar hududiga kirishi cheklanadi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron joriy yil 22-sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida xalqaro hamjamiyatni Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi musulmon elatlar taqdiriga oid xavotirli ma’lumotlarni taftish etish uchun BMT vakolati ostida xalqaro komissiya jo‘natish lozimligini aytdi.
Xitoy tomoni esa yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlarni inkor etadi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati yanglish talqin qilinmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter