Xiaomi’ning ilk avtomobili suratlari paydo bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyning Xiaomi smartfonlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasiga tegishli ilk avtomobil suratlari paydo bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, kompaniya birinchi avtomobilini kodli – Modena nomi ostida sinovdan o‘tkazmoqda. Hozircha nega smartfon ishlab chiqaruvchisi mashinaga Italiyadagi provinsiya nomini tanlagani noma’lum.
Avvalroq ushbu avtomobilning narxi 150-200 ming yuan (22-29 ming dollar)ni tashkil qilishi taxmin qilingan edi. Ammo endi e’lon qilinishicha, uning narxi 260-300 ming yuan (38-44 ming dollar)ga baholanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobilning ommaviy ishlab chiqarilishi 2024-yilga mo‘ljallangan. Xitoy yo‘llarida sinovdan o‘tkazilayotgan elektr sedan aerodinamik kuzov shakliga va uzun kapotga ega bo‘lib, uning old oynasi ustida lazerli masofa o‘lchagich ham bor.
Qayd etilishicha, Modena avtomobili uchta versiyada sotuvga chiqariladi, ularning har biriga Qualcomm 8295 chipi o‘rnatiladi. Shuningdek, ularning dastlabki ikkitasi BYD kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, 400 volt quvvatlash imkoniyatiga ega Blade temir-fosfat akkumulyatorlariga, uchinchi versiyasi esa CATL kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Qilin batareyasiga ega bo‘ladi. U 800 volt zaryadlash imkoniyatiga ega bo‘lib, atigi 15 daqiqada 0 dan 80 foizgacha quvvatlana oladi.
Bundan tashqari, Xiaomi kompaniyasi 2025-yilda Le Mans kodli nom ostida elektromobil ishlab chiqarishi haqida ham ma’lumotlar bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter