Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xaridni supermarketda qilaman». Bugun 65 yoshini nishonlayotgan Germaniya kansleri Angela Merkel bolaligi, shaxsiy hayoti va siyosiy faoliyati haqida

«Xaridni supermarketda qilaman». Bugun 65 yoshini nishonlayotgan Germaniya kansleri Angela Merkel bolaligi, shaxsiy hayoti va siyosiy faoliyati haqida

Foto: «Gala»

Angela Doroteya Merkel (qizlik familiyasi — Kasner (nem. Kasner) — nemis davlat va siyosiy arbobi, fizik-kimyogar olima, Germaniya federal kansleri (2005-yil 22-noyabridan).

Germaniya tarixidagi kansler lavozimida ishlayotgan birinchi va yagona ayol.

Angela Merkel bugun, 17-iyul kuni 65 yoshini qarshi oldi.


GDRda o‘tgan bolaligi haqida

«Otam — Germaniyaning urushdan keyin sovet armiyasi nazorati ostida qolgan qismidan... O‘sha yerda katta bo‘lganman. Ana shu tizim bilan chiqisholmaganim ham rost, ammo bu bolaligim yaxshi o‘tmaganini anglatmaydi. Men yashagan joylarning tabiati juda go‘zal edi, Kareliyani eslatardi. Sanoqsiz ko‘llar, katta o‘rmonlar, oz sonli odamlar. Ajoyib oila edik, ukam va singlim, ko‘plab do‘stlar».

Jurnalist Mixail Gusmanning «Formula vlasti» ko‘rsatuviga bergan intervyusidan,
2006-yil, 25-aprel.

Eri, Ioahim Zauer haqida

«U bilan munosabatlarimni shubha ostiga qo‘ygandan ko‘ra, uchta uchrashuvni bekor qilganim ma’qul. Ular (munosabatlar) menga ishonch beradi. U (I.Zauer) bilan nimanidir gaplashishimiz ham shartmas. Biz shunchaki birgalikda sukutga cho‘mishimiz mumkin.

Angela Merkelning jurnalist va suratkash Gerlinda Kelbl tomonidan yozilgan biografiyasidan.

Hazil haqida

«Siyosatda hazil kerak. Kuniga yo‘q deganda bir marta kulaman, bo‘lmasa, ishlay olmayman».

Germaniyada chiqadigan «Brigitte» ayollar jurnali uchun Brijit Huberga bergan intervyusidan,
2017-yil, 26-iyun.

Fizika va siyosatga kirib kelishi haqida

«Tabiiy fanlarni hatto diktatura va sotsializim sharoitida ham o‘zgartirish mumkinmas. Ikki karra ikki — har doim ikki. Inkor etib bo‘lmas narsalar bilan shug‘ullanish uchun ham fizikani tanlaganman. Germaniyada 1989 yili devor ag‘darilganidan so‘ng yangi odamlar, GDRning sobiq fuqarolariga ham talab bo‘lishini tushundim. Siyosatga avvalboshda unchalik ham anglab kirib kelganman deyolmayman.

Jurnalist Mixail Gusmanning «Formula vlasti» ko‘rsatuviga bergan intervyusidan,
2006-yil, 25-aprel.

Siyosatchi-erkaklar haqida

«Erkaklar davrasida o‘zimni iskanjaga tushgandek his qilaman, iloji boricha chekkaroqdan joy olaman.

 Germaniyada chiqadigan «Brigitte» ayollar jurnali uchun Brijit Huberga bergan intervyusidan,
2017-yil, 26-iyun.

Dam olish kunlari, bo‘sh vaqtlari haqida

«Shanba kechlari uydan chiqmaslik payida bo‘laman. Va biron narsa pishiraman. Xaridni supermarketdan qilaman, bu zavqni tortib olishlariga yo‘l qo‘ymayman. Ammo u yerda meni ko‘pincha suratga olishadi.

«Bild» gazetasi uchun sobiq futbolchi Filipp Lamga bergan intervyusidan,
2017-yil, 19-sentyabr.

Adabiyot haqida

«Vaqti-vaqti bilan kitobga sho‘ng‘ish — ajoyib. Tashvishlarni unutib, o‘qiyotgan kitobing bilan butunlay boshqa olamga qadam qo‘yasan. Ayniqsa, ta’til paytidagi mutolaaga yetadigani yo‘q».

«Handelsblatt» gazetasi uchun Gabor Shtayngartga bergan intervyusidan,
2017-yil, 29-avgust.

Uzun ma’ruzalar haqida

«Siyosiy faoliyatim boshida uzoq vaqt gapirolmasdim. Fizikada ko‘p gapirilmaydi, ma’ruzalar ham ixchamgina. Siyosatda ko‘p narsalar takror-takror aytilaverishi juda g‘ashimga tegardi... Siyosatda asosiy vazifa — imkon qadar ko‘proq insonlarga muddaoni yetkaza olish. Shuning uchun birgina ma’ruza bilan ish bitmaydi. Bunga o‘rganish uchun ko‘p vaqt sarflaganman. Hozir ko‘p gapirayotganimdan ba’zida o‘zim ham qo‘rqib ketaman.

«Bild» gazetasi uchun sobiq futbolchi Filipp Lamga bergan intervyusidan,
2017-yil, 19-sentyabr.

Iqtisodiyot haqida

«Bir paytlar biz jahon dorixonasi edik. Keyin avtomobillar mamlakatiga aylandik. Mashinasozligimiz dunyoni boshqargan. Mana shu oxirgi ikki sohada hozir ham o‘rnimizni yo‘qotganimiz yo‘q. Ammo birinchi kompyuter, birinchi MP3-pleyerni ham biz ixtiro qilganmiz... Men chindan ham ijtimoiy bozor iqtisodiyoti tarafdoriman, biroq bugun dunyoda o‘z imkoniyatini kutib turganlar ham oz emas.

«Handelsblatt» gazetasi uchun Gabor Shtayngartga bergan intervyusidan,
2017-yil, 29-avgust.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring