Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sovrini 50 ming AQSh dollariga teng xalqaro mukofot joriy qilindi

Sovrini 50 ming AQSh dollariga teng xalqaro mukofot joriy qilindi

Foto: Xabar.uz

Hukumat qarori bilan (676-son, 30.10.2020-y.) Prezidentning Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, ushbu mukofot bilan matematika sohasida fundamental va amaliy ilmiy izlanishlar natijalariga ko‘ra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlar (shu jumladan, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar) yakka tartibda taqdirlanadi.

Mukofot 2 yilda bir marta Prezident tomonidan Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashining (Kengash) taklifiga ko‘ra quyidagi 3 yo‘nalish bo‘yicha beriladi:

  • fundamental sohadagi tadqiqot;
  • yoshlar o‘rtasidagi tadqiqot;
  • iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning yechimini ta’minlagan tadqiqot.

Mukofot bilan taqdirlash uchun nomzodlar bo‘yicha takliflar O‘zbekiston matematika jamiyati tomonidan o‘tkaziladigan doimiy kuzatuvlar asosida shakllantiriladi va Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi.

Vazirlik 1 oy muddatda nomzodlar ro‘yxati va ularga oid hujjatlarni o‘rganadi hamda ko‘rib chiqish uchun mukofot beriladigan yilning iyun oyi yakuniga qadar Kengashga kiritadi. 

Kengash 1 oy muddatda hujjatlarni ko‘rib chiqadi va nomzodlar bo‘yicha taqdimnoma tayyorlab, mukofot beriladigan yilning 25 avgustiga qadar Prezident Administratsiyasiga yuboradi.

Taqdimnoma ma’qullangan taqdirda mukofotga sazovor bo‘lganlarga 50 ming AQSh dollari ekvivalentidagi bir martalik pul mukofoti topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mukofot Prezidentning 2020 yil 7 maydagi PQ–4708-son qarori bilan ta’sis etilgan.

Hujjat haqidagi to‘liq ma’lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring