Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Xalqaro matematika maktabini borib ko‘rdi (foto)

Shavkat Mirziyoyev Xalqaro matematika maktabini borib ko‘rdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qorako‘l tumanidagi Xalqaro matematika maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Bu muassasa 2009 yilda ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi shaklida tashkil etilgan. U yaqin-yaqingacha zamonaviy sharoitga ega emas edi. Ammo bu yerda yo‘lga qo‘yilgan o‘ziga xos ta’lim uslubi oddiy qishloq maktabini mamlakat darajasidagi mashhur ta’lim dargohiga aylantirdi. So‘nggi uch yilda maktab bitiruvchilarining barchasi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi, xalqaro olimpiadalardan eng ko‘p medal olib kelmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlaridan o‘quvchilar kelib o‘qimoqda.

Ushbu ta’lim maskani Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 avgustdagi qarori bilan Xalqaro matematika maktabi sifatida qayta tashkil etildi. Sobiq kasb-hunar kolleji binosi kapital ta’mirlanib, maktab ixtiyoriga berildi. Bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan. 64 ta xona, sport zallari, kutubxona zamonaviy jihozlangan. O‘quvchilar uchun yotoqxona qurilgan.

Maktabga o‘quvchilar iqtisodiyot, texnika va tabiiy fanlar bo‘yicha Davlat test markazi testlari asosida 7-sinfdan qabul qilinadi. Hozir bu yerda 470 nafar o‘g‘il-qiz o‘qimoqda. Ularga 60 nafardan ziyod malakali o‘qituvchilar saboq berayotir.

Davlatimiz rahbari maktab jamoasi bilan suhbatlashdi.

 – Hamma sohalarda katta islohotlarni boshladik. Xorijdan eng zamonaviy texnologiyalarni olib kelyapmiz. Ulardan foydalanish uchun ilm, salohiyatli kadrlar kerak. Sizlar qanchalik bilimli bo‘lsangiz, boshlagan ishlarimiz samarali bo‘ladi, davlatimiz shuncha rivojlanadi. Ta’lim va muallimlarga doimiy e’tibor qaratamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda xalqaro matematika maktabining tajribasini ommalashtirish, IT mutaxassislar tayyorlashga doir loyihalar taqdimot qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring