«O‘zbekiston» nashriyoti xalqaro ko‘rgazmada Gran-prini qo‘lga kiritdi
Ostonada davom etayotgan «III Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi» qizg‘in pallaga kirdi. Avvalroq ushbu xalqaro ko‘rgazma ochilgani va unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etayotgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sobir Shukurov boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi mas’ul kotibi Kuatjon Ualiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda agentlik axborot xizmati. Xabarda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingani ta’kidlanadi.
Ma’lum bo‘lishicha, xalqaro ko‘rgazma doirasida taniqli yozuvchi va shoirlar, madaniyat namoyandalari bilan uchrashuvlar, kitob targ‘ibotiga doir tadbirlar davom etgan. «Korme» ko‘rgazmalar markazining konferensiyalar zalida O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Iqbol Mirzo bilan ijodiy uchrashuv, «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: islom olamining buyuk dahosi» mavzusida davra suhbati tashkil etilgan. Kunning ikkinchi qismida ko‘rgazmaning faol ishtirokchilarini taqdirlash marosimi o‘tkazilgan.
Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi tashkiliy qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Agentlik tizimidagi «O‘zbekiston», G‘afur G‘ulom, Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi, «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, «Yangi asr avlodi» nashriyot-matbaa markazi, «Hilol nashr» nashriyot-matbaa korxonasi, «Buxoro kitob olami» mas’uliyati cheklangan jamiyati xalqaro ko‘rgazmadagi faol ishtiroki uchun taqdirlandi.
Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi («Vneklassnoye chteniye» — 1–4-sinflar uchun mo‘ljallangan darsdan tashqari kitobi uchun) «Eng yaxshi o‘quv adabiyoti», «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi («O‘zbek xalq ertaklari» kitobi uchun) «Bolalar va o‘smirlar uchun eng yaxshi kitob» nominatsiyalarida maxsus diplomni qo‘lga kiritdi.
G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi «Namangan» kitob albomi uchun «Eng yaxshi o‘lkashunoslik» nominatsiyasi bo‘yicha, «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi «Alisher Navoiy qomusiy lug‘ati» uchun «Fan va innovatsiya» nominatsiyasida I darajali diplomga ega bo‘ldi.
Dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatidan 150 dan ortiq nashriyotlar qatnashgan ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy paviloni eng yaxshi ekspozitsiya, deb topildi.
«O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan Nursultan Nazarbayevning «XXI asr arafasida» kitobi oliy mukofot — Gran-prini qo‘lga kiritdi.
Ko‘rgazma davom etmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro noshirlik va kitob savdosi tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter