Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev «CIIE-2020» Import mahsulotlari uchinchi Xitoy xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etdi

Shavkat Mirziyoyev «CIIE-2020» Import mahsulotlari uchinchi Xitoy xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 4-noyabr kuni Shanxay shahrida «CIIE-2020» Import mahsulotlari uchinchi Xitoy xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimi ishtirokchilariga videoaloqa orqali murojaat yo‘lladi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida EKSPOdek yirik tadbirning o‘tkazilayotgani Xitoyning milliy iqtisodiyotni tiklashda erishayotgan muvaffaqiyatlaridan hamda keng ko‘lamli xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik nihoyatda zarur ekanidan dalolat berishini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti global inqiroz sharoitida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va hududlararo aloqalarni rivojlantirishning muhim masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekistonda milliy iqtisodiyotni liberallashtirish, tashqi savdo rejimi va eksport-import tartib-taomillarini soddalashtirish, normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, «yashil yo‘laklar»ni shakllantirish, Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish, yanada qulay investitsiya muhitini yaratish borasida izchil ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev transport sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish va Markaziy Osiyo transport-tranzit salohiyatini kengaytirish muhim ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston mintaqaviy va hududlararo aloqalarni mustahkamlash uchun keng istiqbollar ochib berayotgan «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlayotgani, Markaziy Osiyo, Buyuk ipak yo‘li davrida bo‘lganidek, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va transport-tranzit yo‘laklarining xabiga aylanishi mumkinligiga ishonch bildirildi.

Markaziy va Janubiy Osiyo temir yo‘llari tizimlarini bog‘laydigan yangi transport yo‘laklarini yaratish borasidagi tashabbus katta ahamiyatga ega ekani, bu Yevroosiyo qit’asidagi quruqlik transporti tizimini tutashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari mamlakatimiz Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston yangi multimodal transport yo‘lagi bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihasini tezlashtirish tarafdori ekanini qayd etdi.

Bundan tashqari, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida «quruqlikdagi portlar», logistika va ulgurji-distribyutorlik markazlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish taklif etildi.

Ushbu tashabbuslarning ahamiyatini hisobga olib, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklifi sheriklar va xalqaro tashkilotlar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirildi.

O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasini faol rivojlantirish, birinchi navbatda, mineral-xomashyo resurslarni chuqur qayta ishlash va eksport bozorlariga chiqish uchun yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi qo‘shma korxonalar tashkil etishga tayyor ekani qayd etildi.

Shu maqsadda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma dastur qabul qilish hamda qo‘shma investitsiya fondlari, sarmoyalarni kafolatlash va sug‘urtalash kabi vositalar yordamida ikki mamlakat biznes vakillarini aniq loyihalarni amalga oshirishga rag‘batlantirish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari marosim ishtirokchilari e’tiborini pandemiya sharoitida iqtisodiyotni raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish alohida dolzarb ahamiyat kasb etganiga qaratdi.

Shu munosabat bilan, Xalqaro savdo, bojxona rasmiylashtiruvi, transport, ta’lim sohalariga axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqish g‘oyasi ilgari surildi.

O‘zbekiston Prezidenti pandemiya oqibatida kelib chiqqan global ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni yengib o‘tish uchun ikki tomonlama va mintaqaviy darajada yanada yaqin muvofiqlashuv va hamkorlikka o‘tkir zarurat borligini ta’kidladi.

Ishlab chiqarish sur’atlarining pasayishi, tibbiy tovarlarga ehtiyojlarning ortishi, moliyaviy beqarorlik va global yetkazib berish zanjirlarining buzilishi sharoitida hech bir mamlakat yakka holda pandemiyaning salbiy oqibatlarini yengib o‘ta olmasligi alohida qayd etildi.

So‘zining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘rgazma ishtirokchilari faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi hamda EKSPO yakunlari jahon savdosini tiklash va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish jarayoniga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.

Marosimda Serbiya, Chili, JAR prezidentlari, Ispaniya va Pokiston hukumatlari, qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari ham murojaat yo‘lladilar.

Import mahsulotlari uchinchi Xitoy xalqaro ko‘rgazmasi doirasida 5-noyabr kuni Shanxay shahrida O‘zbekiston-Xitoy biznes forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Unda Xitoyning yirik savdo va investitsiya kompaniyalaridan 150 nafarga yaqin vakil ishtirok etadi.

Forumda O‘zbekistonning investitsiyaviy, eksport va turizm salohiyati namoyish etiladi. Xususan, Xitoy ishbilarmon doiralari neft-gaz, to‘qimachilik, kimyo, elektrotexnika, metallurgiya, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va qurilish tarmoqlarida o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikning yangi imkoniyatlari bilan tanishadi.

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistondagi qulay ishbilarmonlik muhiti, erkin iqtisodiy zonalar hududida biznes yuritish, iqtisodiyotning turli sohalarini rivojlantirishda erishilgan muvaffaqiyatlar to‘g‘risida ham ma’lumot berilishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring