«Xalq banki»: Call-center, «Bonu shirinliklari», kreativ yoshlar (foto)
«Xalq banki» bilan tanishganimga uch yildan oshdi. O‘shanda mashinaga kredit olgandik. Shu uch yil ichida mijoz sifatida biron marta ularning ishonchini suiiste’mol qilmadik. Kreditni imkon qadar vaqtida to‘ladik. Ammo uch yildan keyin bu bank bilan yana bir bor to‘qnashishimizga to‘g‘ri keldi. Kreditni yopib, mashinani o‘z nomimizga o‘tkazamiz, deganimizda bir oylik kreditimiz hisobga tushmagani aniq bo‘ldi. Uni hisobga tushirish uchun ikki oy vaqtimiz ketdi. Ana shunda men matbuot kotibi qanday ishlashi kerakligini anglab yetdim.
Ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan asabbuzarlik postidan keyin «Xalq banki»ning matbuot kotibi menga aloqaga chiqdi — ikki soatga qolmay muammo hal bo‘ldi.
Hech qancha o‘tmasdan Gulnoza Alimova Jizzax viloyatiga tashkil qilinayotgan press-turga taklif qildi: «Opa, press-turga keling, balki xulosangiz o‘zgarar, sizni qiynayotgan savollarni berarsiz, javob olarsiz». Odatda tanqid qilingan tashkilotning matbuot kotibi jurnalistlarni o‘ziga dushmandek qabul qilardi...
Dastlabki tashrif buyurgan manzilimiz Jizzax viloyatida «Xalq banki»ning kredit mablag‘lari asosida o‘z ishini boshlagan «Bonu shirinliklari» fabrikasi bo‘ldi.
«Xalq banki»ning kredit mablag‘lari evaziga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan korxona bugungi kunda 450 dan ortiq xodimni ish bilan ta’minlagan. Korxonaning 6 ta liniyasida oyiga 700 tonnaga yaqin mahsulot tayyorlanadi. Yillik quvvati qariyb 4 ming tonna bo‘lgan korxona ishlab chiqarish jarayonida Rossiya hamda Belarusdan keltirilgan sifatli xom ashyodan foydalanmoqda.
Mazkur korxona 2009-yilda tashkil etilgan bo‘lib, «Xalq banki»dan faoliyat ko‘lamini kengaytirish hamda zamonaviy ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish uchun qariyb 10 mlrd. so‘m kredit olgan. Hozirgi kunda bu yerda qandolat, xususan, turli qadoqlangan konfet, vafli, pecheniye, keks, pirojniye va tort singari 100 dan ortiq mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Bugungi kunda korxona mahsulotlari qo‘shni mamlakatlar — Afg‘oniston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, shuningdek, Ozarbayjon va Xitoyga eksport qilinmoqda.
Vafli qanday tayyorlanadi?
Xorijning bir ko‘rsatuvi bor «Bu qanday tayyorlanadi?» degan. O‘sha ko‘rsatuvni qiziqib ko‘rardim. Axir oddiy qog‘ozning rulon holiga keltirilishi yoki biror shirinlikning pishirilib, mashinada qog‘ozga o‘ralishi qiziqda. Har qanday press-turning zavqli tomoni — jarayon ishtirokchisiga aylanishingiz. Mashinalar to‘xtovsiz ishlaydi, ora-orada uni boshqarib turgan yigit-qizlarni ko‘rasiz. Mashinalarning ovozidan ham va bir lahza bo‘lsa-da nazoratdan chetga og‘ishmaslik uchun gaplashishga imkon yo‘q.
Ana, biri unni idishga soladi, undan keyin sariyog‘, shakar va boshqa ingrediyentlar.
«Asosan Afg‘onistonga eksport qilamiz. Sababi halol yog‘ ishlatamiz, mijozlarning ishonchi biz uchun muhim», — deydi ishchi qizlardan biri.
Vaflilar dastlab katta kitob muqovasidek holatda kesiladi, orasiga krem surilib, kichik qismlar bo‘laklanadi, so‘ngra qadoqlanadi. Vafli tayyorlanayotgan sexdan shirin maza keladi — vanilin, qaynatilgan qiyom va turli mevalar.
Tashrif davomida biz «Bonu shirinliklari» fabrikasi tomonidan «Bonni» brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni tatib ko‘rib, sinovdan o‘tkazish hamda unga baho berish imkoniga ham ega bo‘ldik.
Uncha-muncha brend bilan bellasha oladigan shirinliklar...
«Yarim tunda ham qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin»
Press-turning navbatdagi manzili — «Xalq banki»ning aloqa markazi bo‘ldi. Kunning ikkinchi qismida Call-center faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ushbu markaz 2020-yilning 1 iyunida ilg‘or xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda tashkil qilingan bo‘lib, ayni vaqtda bu yerda 70 ga yaqin xodim tomonidan aholi va mijozlarning murojaatlariga tezkor javob qaytarilib, samarali xizmat ko‘rsatilmoqda. Zarur hollarda operator tomonidan filial yoki boshqaruvning mas’ul xodimiga qo‘ng‘iroq qilinib, masalaga oydinlik kiritilyapti. E’tiborlisi, qo‘ng‘iroq qilib navbatga tushgan va operator bilan ulana olmagan mijozlarga markaz operatorlarining o‘zlari qayta qo‘ng‘iroq qilishadi. Bu Callback xizmat turi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: statistik tahlillar ko‘rsatishicha, har bir aloqa markazi xodimi 1 kunda o‘rtacha 100 ta qo‘ng‘iroqqa javob beryapti. Ularning 60 foizi kirish qo‘ng‘iroqlari bo‘lsa, 40 foizi telefon qilib, bog‘lana olmagan fuqarolar bilan qayta aloqaga chiqish majburiyatidir. Aloqachilarning quloqlari band, hammasi ziyrak.
Aloqa markazi ishga tushganida dastlab soat 9:00 dan 18:00 ga qadar ishlagan bo‘lsa, o‘tgan yilning aprel oyidan boshlab kunu tun — 24/7/365 rejimida 3 ta navbat asosida uzluksiz faoliyat yuritmoqda Call-center ishga tushgandan boshlab joriy yilning iyun oyi holatigacha jami 594 ming 341 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Qizig‘i, shundan 35 614 tasi aynan kunu tun ishlash vaqti hisobiga, ya’ni 24/7 rejimida qabul qilingan. Demak 3 smenada ishlash muhim ekan-da.
Aloqa markazi bilan bog‘lanish u qadar qiyin emas. Shunchaki 1106 qisqa raqamini terib, chaqiruv tugmasini bosish kifoya. Uyda turib «Xalq banki» bilan bog‘liq ishlaringizni bitirasiz ekan.
Masalan, yo‘qotilgan plastik kartangizni bloklash yoki aksincha, «elektron hamyon»ni blokdan chiqarish yoki bankdan yechib olingan pul masalasi. Plastik karta balansi va o‘tkazmalar tarixini bilish, «HUMO» plastik kartasi egalariga SMS-xabarnoma xizmatini yoqish ham markaz operatorlari uchun bir zumlik ish. Qolaversa, bu yerda jismoniy shaxslar kreditlari to‘lovi uchun ID-raqamlarni bilib berish va chakana kredit mahsulotlariga ariza qabul qilish, «Mobil banking» va «Internet banking», «SMS banking» kabi qator masofaviy xizmat turlari ham ko‘rsatiladi. Hattoki, aytaylik kechasi soat 3 da qo‘ng‘iroq bo‘lishi mumkin. Mijoz plastigidan kredit uchun yechib olingan pul mablag‘i haqida ma’lumot olish uchun.
Xullas, aloqa markaziga taalluqli bo‘lmagan masala yo‘q. Kun davomida hal etilmagan murojaatlarga esa bankning ichki nazorat va hududiy filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish kompleksi bilan birgalikda ijobiy yechim topilyapti. Umuman olganda, Call-center «Xalq banki»ning chinakam «yuragi»ga aylanmoqda!
Mana shu markazda bir yosh yigit e’tiborimni tortdi. Bu Ulug‘bek Gadoyev edi. Qitmirligim tutib savol berdim, bankka asosan tanish-bilishlik bilan ishga olishadi, deyishadi, bu yerga qanday kelib qolgansiz?
«2020-yilning fevral oyida «Xalq banki» Inson resurslarini boshqarish (HR) departamentida bosh mutaxassis vazifasida ish faoliyatimni boshlaganman, — dedi Ulug‘bek Gadoyev hozirjavoblik bilan. — 2020 yilning mart oyida Boshqaruv raisi buyrug‘i asosida Inson resurslarini boshqarish (HR) departamentiga vaqtincha vazifa bajaruvchi direktor lavozimiga tayinlanganman hamda Call-center loyihasi yuzasidan Jizzax shahriga xizmat safariga yuborilib, nomzodlarni saralab ishga qabul qilganmiz. 2021-yil 1-noyabrga qadar aloqa markazida direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyatimni davom ettirganman.
2021-yil 1-noyabrdan boshlab Alternativ kanallar boshqarmasi Masofaviy bank xizmatlari bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlayapman. Rossiya federatsiyasining Belgorod milliy tadqiqot universiteti, Muhandislik texnologiyalari va tabiiy fanlar institutida o‘qiganman. Iqtisodiyot va moliya sohasida axborot tizimlari va texnologiyalari fakultetini tamomlaganman (bakalavr). Hozirgi kunda AT «Xalq banki» tizimida yangi mobil ilova va uning veb-dasturini yaratish hamda bankning billing tizimini tashkil qilish yuzasidan ishlamoqdamiz. Aytib qo‘yay, bu yerda faqat o‘z bilimingizni namoyish eta olsangizgina ishlay olasiz».
Men bu press-turda kashf qilgan yoshlar orasida kreativ fikrlaydigan Gulnoza ham, Ulug‘bek ham xorijda tahsil olishgan ekan. Gulnoza Alimovaning aytishicha, rezyumesi uchta joyga o‘tgan va «Xalq banki»dan tashqari, ikki joyning nufuziyam, maoshiyam baland bo‘lishiga qaramay, bank matbuot kotibligini tanlagan: «Xalq banki»ni tanlaganimda ko‘pchilik hayron qolishdi. Men esa «Xalq banki»da matbuot kotibining qiladigan ishlari ko‘p ekan, balki yordamim kerakdir bularga», deb rozi bo‘ldim.
Ha, men shuncha yillik tajribam asnosida ilk bor matbuot kotibining jurnalistlarni o‘ziga do‘st deb ko‘radiganini, tanqidga ijobiy munosabatda bo‘ladiganini, jurnalistdan madad kutadiganini ko‘rdim. Gulnoza aytdiki: «Xalq banki»ni yanada xalqqa yaqinlashtirish, kamchiliklarini to‘g‘rilashga sizlar kabi mijozlardan ko‘mak va taklif olishga doim tayyorman».
Press-turdan keyin, yana bir bor, bizga xorijda o‘qib, ishlab kelayotgan mutaxassislar juda zarurligini, adolatli jamiyat qurishda aynan shularning ko‘magi katta bo‘lishini yana bir bor his qildim. Ularning safi yanada kengayishi ularning qo‘llab-quvvatlanishiga, rag‘batlantirilishiga bog‘liq...
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter