Vodiydagi «metan zapravka»lar qachon ochilishi ma’lum qilindi
Hafta oxirida vodiy viloyatlaridagi AGTKShlarning bosqichma-bosqich faoliyatini tiklanishi mumkin.
Ko‘rilayotgan choralar natijasida hafta oxirlariga borib vodiy viloyatlaridagi gaz quvurlarida tabiiy gaz bosimining ko‘tarilib borishi kutilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) gaz bosimining ko‘tarilishiga qarab, ularning faoliyati bosqichma-bosqich tiklanishi rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, gaz bosimi pasaygan kunlarda birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha ob’yektlari (issiqlik elektr stansiyalar, shifoxonalar, maktabgacha va maktab hamda oliy ta’lim muassasalari va boshqalar)ni elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlash zarur hisoblanganligi sababli AGTKShlar faoliyatiga majburiy cheklovlar kiritilgan.
Quvurlarda gaz bosimini bir me’yorga keltirish va ushbu me’yorni saqlab turish uchun AGTKShlari qisqa vaqt oralig‘ida reja-grafik asosida faoliyat yuritib boradi, deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq vazirlik vodiy viloyatlaridagi AGTKShlari faoliyati to‘xtatilganini rad qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter