Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mutlaqo oqlab bo‘lmaydi» — buxorolik mas’ullar bolalarni kaltaklagan o‘qituvchi haqida

«Mutlaqo oqlab bo‘lmaydi» — buxorolik mas’ullar bolalarni kaltaklagan o‘qituvchi haqida

Foto: Xabar.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda «Feodalcha dars o‘tish uslubi - Buxoro» sarlavhasi ostida video-xabar tarqaldi.

Unda Buxoro shahridagi 4-IDUM (ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi) boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Munira Vohidovaning o‘quvchilarni urgani holati haqida so‘z borgan. «Xabar.uz» muxbiri holatni o‘rgandi.

O‘rganuvga ko‘ra, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Munira Vohidovaning ushbu ixtisoslagan maktabda 2013-yildan buyon faoliyat yuritib kelgan va u ayni paytda maktabning 4 «D» sinf o‘quvchilariga  saboq berib kelmoqda.

Bildirilishicha, maktabda 1400 dan ortiq o‘quvchi tahsil oladi. Bundan ilgari maktabda bunday holat yuzaga kelmagan. Biroq, aynan shu o‘qituvchining muomalasi yuzasidan ayrim ota-onalar tomonidan e’tirozlar kuzatilgan.

«Bu o‘qituvchimiz 2018-yildan buyon maktabda faoliyat yuritib kelmoqda. O‘z faoliyatini yetakchilikdan boshlagan. Uning izlanishlarini inobatga olib, 5-6 yilcha ilgari o‘qituvchilik vazifasini berganmiz.  Vohidova  o‘ziga yuklatilgan vazifani ijobiy bajarib kelgan, juda talabchan, qattiqqo‘l. Lekin shunga qaramasdan, uning muomalasi yuzasidan bir nechta ota-onalar tomonidan e’tirozlar kuzatilgandi. Bu yuzasidan o‘qituvchining o‘zi bilan muhokama qilganmiz»,-deydi maktab direktori Zubayda Rajabova.

Maktab direktori Zubayda Rajabova.

Maktab direktorining bildirishicha, bundan bir necha kun ilgani ushbu sinfda ta’lim olib kelayotgan o‘quvchilardan birining ota-onasi farzandiga qo‘ng‘iroq qilib, ayni vaqtda dars soatlari tugagani va uni uyga olib ketishini aytgan. Biroq, bola  o‘qituvchisi Munira Vohidova tomonidan «Korzinka.uz»ga (maktab va savdo majmuasi oraliq masofasi kamida 400-500 metrni tashkil qiladi) yuborilgani va u yerdan maktabga endi qaytayotganini bildirgan. Bolasidan xavotirlangan ota-ona zudlik bilan maktabga yetib kelgan va o‘qituvchi ustidan maktab ma’muriyatiga shikoyat qilgan.

«Haqiqatan ham o‘qituvchining o‘quvchilarni o‘z shaxsiy masalasiga biriktirishi, ularni yakka holda maktab hududidan chiqarishga haqi yo‘q,—so‘zida davom etadi maktab direktori, - Bundan tashqari, maktabda hech qachon urib, tarbiyalash kerak emas. Bu pedagogika sohasiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Holat yuzasidan menga aytishlaricha, o‘qituvchi o‘quvchilardan yozma ish olgan. Yozma ish natijalari yaxshi chiqmagach, u shunday va umuman o‘qituvchiga xos bo‘lmagan noo‘rin yo‘l tutgan. O‘qituvchining urib jazolagan o‘quvchilari orasida aynan o‘sha - «Korzinka.uz»ga borib kelgan bola ham bo‘lgan. Bu esa har qanday ota-onani ham jahllantiradi»,— deydi Zubayda Rajabova.

Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, maktabda 90 dan ortiq kameralar bo‘lib, o‘qituvchi va o‘quvchilarning har bir hatti-harakati yozib olinadi. Va aynan Munira Vohidovaning bir nechta o‘quvchilarni urib jazolashi holati ham ushbu sinf kamerasi «nishon»idan joy olgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu o‘quvchining ota-onasi farzandini boshqa maktabga olib ketishini bildirgan. Maktab direktori esa o‘qituvchi bilan bog‘lanib, takroriy xatosi uchun o‘quvchining ota-onasidan kechirim so‘rashini talab qilgan. Afsuski, o‘qituvchidan o‘quvchisining ota-onasiga nisbatan «bilganini qilsin!» –degan qo‘pol javob qaytargan. Bu esa ota-onalarni jahllantirgan va holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

«Xabar.uz» muxbiri viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyevadan holat yuzasidan munosabatini so‘ragan.

«Men o‘qituvchi va o‘qituvchilarning o‘zi bilan yuzma-yuz suhbatlashmay turib, bir nima deyishim qiyin. Hamma holatni chuqur o‘rganamiz. Biroq, bu har bir fuqaroning haq-huquqi bo‘lsa-da, ota-onaning bu tasvirni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganini oqlamayman. Xuddi shuningdek, o‘qituvchining ham yonini olmoqchi emasman. Vaholanki, o‘qituvchi pedagogga xos bo‘lmagan mutlaqo noto‘g‘ri yo‘l tutgan. Uning ham bolani urib tarbiyalash harakatini umuman oqlab bo‘lmaydi. Ammo, ota-onaning bir o‘qituvchining noo‘rin hatti-harakati tufayli butun boshli ta’lim tizimini obro‘sizlantirishga harakat qilishi ham yaxshi bo‘lmadi»,— dedi Dilfuza Mustafoyeva.

«Hozirda holat Buxoro shahar IIO FMB tomonidan tegishli tartibda qayddan o‘tkazildi va holat yuzasidan tezkor surishtiruv harakatlari boshlandi. Arizachilarning da’vosi, ya’ni arizasi bilan bog‘liq ishlar o‘rganiladi. Va shundan so‘ng holat yuzasidan batafsil munosabat bildiriladi»,—dedi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring