«Ali bobo va qirq qaroqchi» haqida haqiqatlar

Bundan 45 yil muqaddam, 1979-yilda «O‘zbekfilm» va «Eagle Film» (Hindiston) sobiq ittifoq va hind ekranining yulduzlari ishtirokidagi «Ali bobo va qirq qaroqchi sarguzashtlari» nomli badiiy filmni suratga olishni boshladi. Film 1980-yili ekranga chiqarilgach, bir zumda tomoshabinlar mehrini qozondi. Bir yil ichida faqat sobiq ittifoqning o‘zida 52 million tomoshabin ko‘rdi. Ssenariy muallifi Boris Saakov «Ali bobo va qirq qaroqchi sarguzashtlari» qanday yaratilgani haqida gapirib berdi...
1977-yilda «O‘zbekfilm» meni «Ali bobo va qirq qaroqchi» ertagiga ssenariy yozib berishimni so‘radi. Men matal matniga ko‘r-ko‘rona ergashishni istamadim. Asl manbani modernizatsiya qilib, undagi qahramonlarni o‘zgartirdim. Shunday qilib, hikoyam markaziga Ali boboning o‘zi emas, balki yovuz Abu Hasan ham chiqdi. Men qaroqchi bir vaqtning o‘zida shahar hukmdori ham bo‘ladi degan fikrga keldim. Bu jamiyatimizni mahv etgan ikkiyuzlamachilik haqidagi hikoya bo‘lib chiqdi. Hukmdor kunduzi odamlarni sokin hayot kechirishga da’vat etib, farovon yashashlari ta’minlanishiga va’da beradi, tunda esa karvonlarni o‘g‘irlaydigan, fuqarolarda qo‘rquv uyg‘otadigan qaroqchilar to‘dasini boshqaradi. Men mashhur rus aktyori Rolan Bikovni ikkiyuzlamachi hukmdor rolida ko‘rdim. U Abu Hasan roliga bajonidil rozi bo‘ldi va bu qahramonni bekamu ko‘st o‘ynab berdi.
Filmning aksar qismi Hindistonda suratga olingan, kino guruhi bilan men ham u yerga bordim. Gap shundaki, sovet va hind kinosining o‘ziga xos xususiyatlari sezilarli darajada farq qilardi. Shuning uchun film ikki talqinda suratga olingan. Hind variantida musiqa va raqslar ko‘proq, sovet versiyasi esa ixchamroq edi.
Odamlar qandaydir tarzda suratga olish jarayoni qayerda bo‘lishini bilib olib, olomon bo‘lib borishardi. Ma’lum bo‘lishicha, hindlar baxtli, omadli odamga teginsa, o‘zlari ham baxtli bo‘lishiga qat’iy ishonishadi. Shuning uchun suratga olish paytida ko‘pchilik aktyorlarga teginishga harakat qilishdi. Shu bois ish qiyin kechdi va hind prodyuserlari aktyorlarning tinchligini himoya qilish maqsadida harbiy yordam so‘rashga majbur bo‘ldilar.
Dharmendra, Xema Malini va Zinat Omon hind kinosining yulduzlari edilar. Filmda Ali bobo va Marjonani o‘ynagan Dharmendra va Xema uzoq vaqtdan beri Hindistondagi eng muvaffaqiyatli tijoriy juftlik bo‘lib kelgan. Ayni paytda ularning muhabbati Xema oilasida norozilikka olib kelgan edi. Aktrisaning otasi, qizining ayniqsa Dharmendra bilan aloqasiga qarshi edi. Sababi Dharmendra uylangan, farzandlari bor edi. Go‘zal Xema Maliniga ketma-ket sovchilar kelar, ular orasida mashhur hind aktyorlari ham bo‘lib, lekin aktrisa hech birini yoqtirmas va rad etardi.
Ko‘p o‘tmay, Xemaning otasi yurak xurujidan vafot etdi. Bu ma’lum darajada uning Dharmendra bilan munosabatlari taqdirini hal qildi. Aks holdda Xema o‘z hayotini rasman turmush qurgan erkakka topshirishga jur’at etolmagan bo‘lardi. Hinduizmda ko‘pxotinlilik yo‘q, lekin Dharmendra braxman kengashidan birinchi nikohni bekor qildirmasdan ikkinchisi uchun ruxsat olishga muvaffaq bo‘ldi.
Otasining o‘limidan ikki yildan so‘ng, 1980-yili may oyida «Ali bobo va qirq qaroqchining sarguzashtlari» filmi suratga olib bo‘lingach, bu sevishganlar Xemaning eng yaqin qarindoshlari va Dharmendraning otasi huzurida oddiy, uy sharoitida rasmiy turmush qurdilar. Ajablanarlisi shundaki, jamiyat bu nikohni qabul qildi. Xema Malini va Dharmendraning Asha va Ahana ismli ikki qizi bor.
Filmning boshqa qahramoni – Fotima rolini o‘ynagan Zinat Omon aktyor Sanjay Xon bilan topishdi. Ularning o‘zaro munosabati haqidagi mish-mishlar Xonning rafiqasi Saringa yetib bordi va u Zinat haqida dod solib, katta shov-shuv ko‘tardi. Aytishlaricha, Zinat Omon shundan so‘ng asta-sekin ruhiy tanazzulga uchragan. Uning faoliyatida depsinish, pastga qulash kuzatilgan.
Sobiq ittifoqdan suratga olish guruhi Hindistonga qishda uchib ketdi, ammo tashqaridagi issiq dahshatli edi. Kinorejissyorlar Bombeyning Arab dengizi sohilidagi hashamatli Horizon mehmonxonasiga joylashtirildi. Ovqatlanish shtabi tashkil qilishdi, u yerda aktyorlar va suratga olish guruh a’zolari uchun elektr pechkalarda taomlar tayyorlandi. Mahsulotlar o‘zlari bilan sobiq ittifoqdan olib borilgan va kino qutilariga solingandi. U yerda hamma narsani topish mumkin edi: sabzi, piyoz, grechka, makaron... Hatto hind oshxonasi uchun mashhur va an’anaviy bo‘lgan guruch ham pulni tejash maqsadida olib borilgandi.
Aktyorlar kuniga 92 rupiy miqdorida ish haqi olib turishdi. O‘sha kunlari bu yaxshigina pul edi. Hindistonda hamma narsa arzon bo‘lib, qimmatbaho toshlar, zargarlik buyumlari va zamonaviy mahsulotlar atigi bir tiyinga sotilgan.
Sovet ekranining yulduzlariga kelsak, filmda Mustafo rolida Frunzik Mkrtchyan, Ali boboning onasi rolida Sofiko Chiaureli va Sim-sim g‘ori ruhi sifatida Elena Sanayeva ishtirok etishgan. Rolan Bikov va Frunzik Mkrtchyan ittifoqda juda mashhur edilar. Ammo Hindistonda ularni hech kim tanimasdi, shu bois oddiy odamlar kabi munosabatda bo‘lishdi. Frunzik bunga chiday olmadi va Hindistonda arman cherkovini izlashga qaror qildi. O‘zi bilan Rolan Bikovni sayohat hamrohi sifatida oldi.
Ikkovlon hind rikshasini yollashdi va erta tongda yo‘lga chiqishdi. Ular kechqurun qaytib kelishdi. Arman ibodatxonasi Kalkuttada ekan.
Frunzik Mkrtchyan va Rolan Bikov «Ali bobo va qirq qaroqchi sarguzashtlari» filmi ekranga chiqqandan so‘ng darhol Hindistonda mashhur bo‘lishdi. Qahramonlari salbiy bo‘lishiga qaramay, hind tomoshabinlari ularni yaxshi ko‘rib qolgan edi. Rolan Bikov, hatto Hindistonda Abu Hasan roli uchun eng yaxshi xorijiy aktyor sifatida sovrinni qo‘lga kiritdi. Mkrtchyanga hind kinematograflarining filmlarida rol o‘ynash takliflari tushdi. Ammo uning ittifoqda ishi ko‘p edi, shunga qaramay, u Hindistonda yana bir bor filmda rol o‘ynashga muvaffaq bo‘ldi.
«Ali bobo va qirq qaroqchi sarguzashtlari» filmi iqtidorli o‘zbek rejissyori Latif Fayziyev tomonidan suratga olingan. Hindiston tomonidan yosh rejissyor Umesh Mehra ish olib bordi. U Latif Fayziyevning ishiga qarab, keng ko‘lamli filmlarni suratga olishni o‘rgandi. Ushbu kinoasar nafaqat keng miqyosda suratga olingan, balki murakkab sahnalashtirilgan. Film Markaziy Osiyoning ta’sirchan dasht va shahar me’moriy landshaftlari, hind qo‘shiqlari, raqslari va jang sahnalari bilan to‘la. Ishlab chiqarish bir million ikki yuz ming rublga tushgan. Taqqoslash uchun: bir qismli filmning narxi atigi 300–400 ming rublni tashkil qilardi.
1980-yil oxiriga kelib, «Ali bobo» 52 million tomoshabin mehrini qozonib, sovet ijarasining yetakchisiga aylandi. Bir qator festivallarda sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Hatto Dushanbeda Gran-Pri bilan taqdirlandi.
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter