Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Vallomat bo‘lmaydimi?..» – Sardor Umurzoqov o‘tkazgan majlisning audiosi tarqaldi

«Vallomat bo‘lmaydimi?..» – Sardor Umurzoqov o‘tkazgan majlisning audiosi tarqaldi

Kecha, 28 oktyabr kuni gazdan uzilgan issiqxonalar muammosi bo‘yicha Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan Administratsiya rahbari Sardor Umurzoqov majlis o‘tkazdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu yig‘ilish audiosi tarqaldi.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari issiqxonalarda gaz ta’minoti ogohlantirishsiz uzilganini qattiq tanqid ostiga olib, tadbirkorlarning e’tirozlari haqqoniy va adolatli ekanini ta’kidlagan.

«Bizga har bir dollar, har bir mahsulot havodek kerak. Hozir mahsulot pishayotgan vaqtda issiqxonalarni gazdan uzishimiz... Biz qaysi davrda yashayapmiz? Davlatimiz rahbari kuyinib, «inson qadri» deyaptilar. Bizda inson qadri qani? Tadbirkor qadri qani? Qaysi bitta issiqxonachining dardi eshitildi? Qaysi bir tadbirkorning muammosiga yechim topildi? Faqat uyoqqa bor, buyoqqa bor. Toshkentga kelgan kechagi tadbirkorlar hududlardagi gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan umuman ogohlantirishsiz gazdan uzilgan. Hozir ulardan so‘rasangiz, ogohlantirganmiz, deydi. Qanday ogohlantirgansizlar: borib ogohlantirib, shartta gazni uzgansiz. Eng yomoni, ko‘p tadbirkorlarimiz gazning pulini oldindan to‘lab qo‘ygan. Bu haqqoniy va adolatli e’tirozlarni vujudga keltirdi. Yana tadbirkor yomon, kim yaxshi unda? Zo‘ravonlik qilgan gaz xodimi yaxshimi?

Eng zaif va javob berolmaydigan qatlamni qurbon qilishga ahd qildik. Mayli, 1,5 foiz gazni iqtisod qildik, buning hisobiga eksportni va ish joylarini «o‘ldirdingiz», kreditini to‘lolmay, tadbirkor bankrotga uchraydi. [Кейин] nima qiladi bular? Kim bularga javob beradi? Men bekorga hozir DXX rahbarlarini ham chaqirmaganman. Bu davlat xavfsizligiga tahdid qilyapti yoki noto‘g‘rimi? Ertaga eksportni davlatga kim tiklab beradi? Tadbirkorga daromadini kim tiklab beradi, kim kreditini qaytarib beradi?» – deydi Umurzoqov.

Yig‘ilishida aytilishicha, 4 ta viloyat – Buxoro, Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi issiqxonalar gazdan uzilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Sardor Umurzoqov Prezident administratsiyasining nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Saidlaziz Saidkarimov, Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Bahodir Turabov va bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshevga  quyidagicha topshiriq bergan:

«Sizlarga topshiriq – mana shu 4 ta viloyatning «Hududgaz» boshqarmasi boshliqlari qilgan ishlarni o‘rganasizlar. Nimaga asosan qildi, faoliyatini tekshirib berasizlar.

Agar bitta kichkina jinoyat alomati bo‘lsa, so‘ramasdan jinoiy javobgarlikka tortasizlar. Qonun doirasida. Menga yozib beribsizlar, ogohlantirish, hayfsan… «Prosta tak» birortasi qutulmasligi kerak. Agar ko‘rsatmani rahbariga (qarshi) bersa, rahbarini ham javobgarlikka tortasizlar. Raismi, muovinmi, kim bo‘lishidan qat’i nazar», – deya ta’kidlagan administratsiya rahbari.

Sardor Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, gazdan uzilgan issiqxonalar orqali 10 mingga yaqin aholi doimiy daromad va ish o‘rni bilan ta’minlangan bo‘lgan.

«Hozir men tilga olgan issiqxonalarda 10 mingga yaqin aholi ish bilan ta’minlangan edi. Ular nima bo‘ladi? 10 ming odam bu – oilasi bilan 50 ming odam degani. Shuncha odam norozi va kambag‘allik darajasiga tushib ketadi. 50 mingtasi ertaga ko‘chaga chiqadi. Nimaga va kimga kerak bu?

Bizdagi «gaz-zapravkalar»ga qancha o‘g‘irlanib, gaz sotilyapti. O‘zi vaqti keldi, buning hammasini ko‘tarib, jinoiy javobgarlikkacha tortish kerak. Qachongacha bular gazni o‘g‘irlaydi? Narigi yoqda halol, peshona terini to‘kib, riskka borib, kredit olib mehnat qilayotgan odamlarning orqasidan 10 ming oilaning qozoni qaynayapti. Bu faqat to‘xtatilgani. Bular nonsiz qolishi, qiynalishi kerakmi?

Hammasini ko‘taring, «zapravka»niyam, boshqasiniyam. Vallomat bo‘lmaydimi, kim bo‘lishidan qat’i nazar. O‘g‘irlagan gazini tiyinigacha tiklatamiz», – degan Sardor Umurzoqov.

Shundan keyin Sardor Umurzoqovga hisobot bergan hukumat rasmiysi ayni paytgacha 48 ta issiqxona gazga ulangani va ulash ishlari davom etayotganini aytgan.

«Siz menga bugun kafolat xati yozib berasiz, tagiga har bir issiqxonaning nomi bilan yozib chiqasiz. Bittasi qolib ketsa ham, mendan xafa bo‘lmaysiz», – deb unga javob bergan Umrzoqov.

Eslatib o‘tamiz, kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxonalarda gaz ta’minotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Administratsiya rahbari Sardor Umurzoqovga topshiriq bergan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring