Uzoq hududlarimiz elektr energiyasi masalasida qanchalik qiynalishi hech kimga sir emas!
Mamlakatni rivojlantirish ko‘p jihatdan ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan insonlarga bog‘liq. Kimyo fanlari doktori, professor, O‘zFA akademigi Abdulahad Jalilov bilan suhbatimiz ilg‘or innovatsion g‘oyalar va ularni hayotga tatbiq etish borasida bo‘ldi.
— Yurtimiz kimyogarlari hozir ko‘proq nimalar bilan shug‘ullanmoqdalar?
— Loyihalarimiz juda ko‘p. Ammo asosan amaliyot uchun kerak bo‘lgan narsalarni yaratish bilan shug‘ullanamiz. Masalan, hozir dunyo bo‘yicha plastmassa buyumlar juda ko‘p ishlab chiqarilayapti. Unga polimer moddasi bilan birga juda ko‘p qo‘shimchalar qo‘shiladi. Yoki rezina buyumlarni oladigan bo‘lsak, u ham juda ko‘p narsalarda ishlatiladi. Deylik, bitta avtomobilga yuzdan oshiq rezina detal ishlatiladi. O‘sha rezinaga kauchuk bilan birga 20 ga yaqin ingrediyent qo‘shiladi. Neft-gaz mahsulotariga ham 20 ga yaqin qo‘shimchalar qo‘shiladi. Mana shu qo‘shimchalarning soni 50 tadan oshib ketadi. Bularning deyarli hammasi import qilinadi. Biz qisqa fursat ichida shularning 30 ga yaqin turini ishlab chiqarishga erishdik. Qani endi korxonalarimiz tayyor bo‘lsa-yu, shu mahsulotlarni joriy qilishga tez kirishsak nur ustiga nur bo‘lar edi.
— Ayni kunda qanday innovatsion loyihalar ustida ish olib borayapsizlar?
— Hozir institutimizda 30 ga yaqin innovatsion loyihani bajardik. Shulardan biri suvda ko‘p bo‘kadigan gidrogel moddasidir. Yaqinda Surxondaryo viloyatiga borganimda universitet talabalariga qilayotgan ishlarimiz xususida gapirib berdim. Talabalar juda ko‘p savol berishdi. Bundan juda xursand bo‘ldim. Chunki yoshlarimizda juda katta qiziqish bor. Faqat ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, qo‘llab-quvvatlab tursak bas.
— Hozirgi kunda gidrogel moddasi haqida ko‘p eshityapmiz. Uning ishlab chiqarishdagi ahamiyati haqida to‘xtalsangiz.
— Surxondaryoga borganimizda univesitetdan tashqari, maktab va letseylardagi yoshlarimiz bilan ham uchrashib, gidrogel haqida gapirib berdim. Undan keyin fermerlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bu haqda keng tushuncha berdik. Suvga o‘ta bo‘kadigan bu moddani o‘simliklar, ko‘chatlar, paxta va bug‘doylarning tagiga solib qo‘yilsa, sug‘organda yoki yomg‘ir yoqqanda u suvga bo‘kadi.
Bo‘kkanda ham 1 gramm modda 1 litrgacha suvni shimib oladi. Keyin namini sekin o‘simlikning ildiziga berib yotaveradi. Qurg‘oqchilikda yoki ekinlar sug‘orilmay qolganda ham o‘simliklarda insonlardagi kabi stress holati ro‘y bermaydi. Nam doim kelib tursa meva-sabzavotlarning hosildorligi 30 foiz oshadi. Mana yaqinda Namangan viloyatida gidrogel moddasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va sinov tariqasida bir gektar yerga gidrogel ishlatib, bir gektariga esa ishlatilmay paxta ekildi. Bir xil parvarish qilindi. Ammo gidrogel ishlatilgan paxta g‘o‘zapoyasining o‘zi ikki metrgacha o‘sib ketdi. Hosildorligi esa 40 foiz oshdi.
To‘g‘ri, hozirgi kunda dunyo bo‘yicha chiqarilayotgan gidrogellar bor. Ammo o‘zimizda chiqarilayotganini ishlatsak yaxshi emasmi?! Ma’lumki, bizda neft juda kam. Kambag‘allashib qolgan neft quduqlarimizga gidrogel solinsa, samaradorlik 8-10 foiz oshadi. Yaqinda buni sinab ko‘rganimizda neftning foizi 14,7 ga chiqdi, ya’ni ikki baravar oshdi. Shuning uchun prezident kuyib-pishib, shu kabi mahsulotlarni mahalliylashtirish masalasini takror va takror ta’kidlayapti. Bu biz olimlarning ichimizdagi gap.
— Ishlab chiqarish uchun ayni kunda yana qanday imkoniyatlar mavjud deb o‘ylaysiz?
— Ayni kunlarda korroziyaga chidamli juda yaxshi qoplama ishlab chiqara boshladik. Buning nomi epoksiuretan deyiladi. Eng rivojlangan mamlakatlar, masalan, Amerika va Yaponiyada gaz quvurlarining ustiga birinchi epoksis smola, keyin issiq va sovuqqa chidamli bo‘lgan modda surtiladi. Biz shu ikkalasini bitta, ya’ni epoksiuretan qilib chiqardik. Keyin uni uzun quvurga surtib sho‘r yerga 11 oy ko‘mib qo‘ydik. Hech narsa o‘zgarmadi. Yonidagi maxsus qoplamasiz joylari esa chirib ketdi. Foydasi yaqqol sezildi. Shu narsalarni har qanday metall konstruksiyaga, hatto mashinalarning tagiga qoplama sifatida ishlatsa ham bo‘ladi. Biz ana shularni tezroq ishlab chiqarishni joriy qilishimiz kerak.
O‘zbekiston janubiy kenglikda joylashganligi bois issiq ob-havoda yong‘in chiqishi xavf bor. Shuning uchun yong‘inga chidamli materiallar ustida ishlashimiz lozim. Masalan, materiallarga 5-10 foiz antipirin moddasi qo‘shilsa yonmaydigan bo‘ladi. Hozir ana shu moddadan shu qadar ko‘p yaratdikki, hatto 17 ta patentga talabnoma yubordik. Shundan uchtasini oldik ham. Hozir shunga o‘xshash yana 30 ga yaqin loyihamiz bor.
— Shogirdlaringiz haqida ham gapirib bersangiz.
— Shogirdlarimiga keladigan bo‘lsam, hozir qo‘limda o‘ndan ortiq doktorant ishlayapti. 300 ga yaqin patent olganman. 80 ortiq fan doktori, fan nomzodlarini chiqarganman. Shu yaqin orada sakkiz nafari chiqdi va yana besh-olti nafari tayyor. Chunki shogirdlarimning ishlari, ilmiy maqolalari ko‘p, patentlari bor.
Prezident Janubiy Koreyaga borganida bu davlat bilan institutimiz hamkorlik qilishi haqida kelishuv imzolangan. Men doim korxonalarga borganimda jihozlar va texnologiya masalasida dunyodagi eng yaxshi namunalarni olib kelish kerakligini ta’kidlayman. Chunki shunday qilinsa energiyamiz ham tejaladi, xomashyolarimizdan ko‘proq mahsulot chiqaramiz. Bu iqtisodimiz uchun koni foyda.
Umuman kimyo sanoati bir so‘m xarajatga uch so‘m foyda beradigan soha hisoblanadi. Biz ana shu tomonlarini ko‘proq o‘ylashimiz kerak. Masalan, oddiy bo‘yoqlarning kilosini chet eldan falon pulga olamiz. Agar buni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysak iqtisodimiz gullab-yashnaydi. Yana bir taklifim: O‘zbekistonga import qilinayotgan kimyoviy moddalar ro‘yxati olimlarimizga ko‘rsatilishi va ular ana shu moddalarni o‘zimizda ishlab chiqarish ustida bosh qotirishi kerak. Ishlab chiqarishda grantlar berilayotganda ham shu jihatlarga e’tibor qaratilsa yaxshi bo‘lardi. Axir O‘zbekistonda bu soha oldindan juda yaxshi rivojlangan va juda kuchli kimyogarlarimiz bo‘lgan.
— Chet davlatlarda tahsil olib, o‘sha yurtlarda qolib ketayotgan ilmli yoshlarimizni vatanga qaytarish borasidagi fikringiz qanday?
— Vazirlar Mahkamasida vakolati katta bo‘lgan boshqarma ochilsa va ular chetda o‘qiyotgan talabalar bilan uzviy bog‘lanib tursa yaxshi bo‘lardi. Ana shu talabalarimiz vatanimizga qaytib kelganidan keyin ularga katta e’tibor berish kerak. Ko‘pchilik rahbarlar o‘zidan aqlli odamni ishga olgisi kelmaydi. Bu juda yomon holat. Boshqarma ana shuni nazoratga olib, chet davlatda o‘qib kelgan talabani ish bilan ta’minlab, maoshlarini yaxshilab bersa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Tan olish kerak, chetda o‘qiyotgan talabalarning ilmiy salohiyati kuchli bo‘ladi. Chunki u yoqda tanish-bilishchilik yo‘q, hamma o‘z kuchi bilan o‘qiydi, izlanadi va harakat qiladi.
O‘zbekiston yer osti va yer usti boyliklari va mehnatkash xalqi bilan juda farovon yashashga loyiq mamlakat. Biz ana shunga erishadigan bo‘lsak hech kim vatandan chiqib ketmaydi.
— Ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun yana qanday ishlarni amalga oshirish kerak deb o‘ylaysiz?
— Ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun birinchi navbatda kadrlar masalasiga juda katta e’tibor berish darkor. Chunki hamma narsani kadrlar hal qiladi. Masalan, kimyo sanoatini olib qaraydigan bo‘lsak, kamdan-kam kadrlar ilmiy unvonga ega. Korxonalarni ilmiy unvonli odamlar bilan to‘ldirish davr talabi. Chunki olim odam uzoqni o‘ylab ish qiladi. Qanday yangi mahsulot olish mumkinligi va uning sifatini yaxshilash masalasida chuqur o‘ylaydi.
Ikkinchidan yangilik yaratgan ilm odamlarini rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish lozim. Keyin korxonalarga maxsus ajratilgan ilmiy fond bo‘lishi zarur. Ilmiy fond bo‘yicha korxona uchun eng zarur narsalarga albatta olimlarni jalb qilib, ular bilan birga ishlash kerak. O‘zbekiston xomashyoga boy mamlakat. Masalan, tilla konida bir tonnadan uch gramm oltin olinsa, qolgan moddalar tashlab yuboriladi. Axir bu tayyor maydalangan ruda-ku. Uning ichida o‘nlab kimyoviy elementlar bor. Bu rudalar Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tog‘-tog‘ bo‘lib uyulib yotibdi. O‘sha rudaning ichida indiy degan element bor. Bu quyosh nurini elektr energiya va issiqlik energiyasiga aylantirishda juda qo‘l keladigan modda. Axir O‘zbekiston uchun shu kerak-ku! Chunki elektr energiya masalasida uzoq hududlarimiz qanchalik qiynalishi hech kimga sir emas. Gaz masalasida ham xuddi shunday. Shuning o‘rniga uyining tepasiga quyosh batareyalari o‘rnatib qo‘yilsa, bu muammo hal bo‘ladi. Turkiya, Germaniya, Daniya bizga nisbatan ancha sovuq mamlakatlar bo‘lsa-da, ular bundan unumli foydalananishadi.
— Nega unda quyosh batareyalaridan foydalanish bizda ommalashmayapti?
— Chunki sal qimmatga tushadi. Bu masalada davlat dotatsiya ajratsa yaxshi bo‘lardi. Turkiyada qish faslida bu batareyalar bilan suvni 47 darajagacha isitish mumkin ekan. Bizning quyosh nuriga mo‘l qishlarimizda esa bu natija undan-da yuqori bo‘ladi. Ko‘mirni yoqib, energiya olamiz va bu bilan atrof-muhitga qanchadan-qancha zarar yetkazamiz. Quyosh energiyasi esa eng zararsizdir.
— Chet ellar bilan patentlar masalasida ham shartnomalar tuzilayaptimi?
— Germaniya va Rossiya bilan doimiy hamkorlikda ishlayapmiz. Yaqinda Rossiyada doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishda opponentlikka chaqirishdi. Borganimda eng yaxshi ilmiy jihozlar ro‘yxatini olib keldim. Qaniydi shunday jihozlar bizda ham bo‘lsa... Opponent bo‘lganda bir narsani sezdimki, ularning 60-70 foiz ishini jihozlar bajarar ekan. Bizda esa teskarisi. 30 foizini jihozlar, qolgan 70 foizi qo‘lda bajariladi. Xudo xohlasa, Janubiy Koreya bilan hamkorlikdan juda yaxshi natijalar kutilayapti. Ishonaman, O‘zbekiston kimyosi hali dunyoda yana o‘z so‘zini aytadi.
Gulruh Yormatova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter