Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

UZIMEI bo‘yicha qator qulayliklar joriy etildi

UZIMEI bo‘yicha qator qulayliklar joriy etildi

Foto: «Xabar.uz»

Jismoniy shaxslarning xorijdan telefonlarni olib kirishida yanada qulayliklar yaratildi.

2019 yildan buyon Hukumat qarori bilan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish amalga oshirib kelinayotgan edi. Mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish, fuqarolarga qulay sharoit yaratish hamda mobil qurilmalarning noqonuniy ro‘yxatga olinishining oldini olish orqali jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish maqsadida Hukumatimizning yana bir qarori qabul qilindi. Bu haqda bugun, 27 oktyabr kuni «ICTWEEK UZBEKISTAN – 2023» axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida o‘tkazilgan tadbirda e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar hamda chet el fuqarolari uchun mobil qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida bir qator qulayliklar yaratilmoqda.

Birinchidan, jismoniy shaxslar xorijdan o‘zi bilan olib kirgan ikkita mobil qurilma (telefon)ni bojxona to‘lovlarisiz ro‘yxatdan o‘tkazishi imkoniyati yaratildi.

Bungacha fuqarolar tomonidan faqat bir dona xorijdan o‘zi bilan olib kelgan telefonni bojxona to‘lovlarisiz ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilgan edi.

Ikkinchidan, endilikda telefonlarni ro‘yxatga olishda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan o‘zga shaxslar tomonidan foydalanish imkoniyatilariga barham beriladi.

Telefonlarni UZIMEI tizimida ro‘yxatga olishda masofadan turib (onlayn) shaxsni biometrik identifikatsiya (Face-ID) qilish joriy etildi. Ushbu qulaylik orqali fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlaridan o‘zgalar foydalanishining oldi olinadi.

Mazkur texnologiya yordamida jismoniy shaxs o‘ziga tegishli mobil qurilmalarni ro‘yxatga olishni o‘zining biometrik ma’lumotlaridan foydalangan holda onlayn tarzda amalga oshiradi. Bunda, jismoniy shaxs IMEI kodlarini ro‘yxatga olishni rasmiy veb-sayt (uzimei.uz), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va uning mobil talqini hamda tizim ro‘yxatga oluvchilariga bevosita murojaat qilgan holda biometrik identifikatsiya orqali amalga oshirishi mumkin.

Endilikda mazkur texnologiya jismoniy shaxlarning bevosita ishtirokida mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish imkoniyatini yaratadi hamda bu orqali ularning huquqlarini himoya qilish va noqonuniy ro‘yxatga olish holatlarining oldini olishga asos bo‘ladi.

Uchinchidan, yurtimizga xizmat safari yoki turizm uchun kelayotgan xorijiy fuqarolar mobil qurilmalaridan ro‘yxatdan o‘tkazmasdan foydalanish davri amaldagi 30 kalendar kunidan 60 kalendar kunigacha uzaytirildi.

Ushbu qulaylik yaratilishi natijasida yurtimizga tez-tez keluvchi chet el fuqarolari o‘z telefonlaridan O‘zbekiston hududida 2 oygacha foydalanishlari mumkin bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida investitsiya loyihalari doirasida jalb etilayotgan chet el mutaxassislarining bir oydan ortiq muddatda mamlakatimiz hududida bo‘lishi mobil qurilmalardan foydalanish muddatini uzaytirishni taqozo etmoqda.

Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan har bir olib kirilayotgan mobil qurilma bojxona chegarasini kesib o‘tishda deklaratsiyalanishi hamda deklaratsiya natijasi bo‘yicha mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimiga integratsiya qilinishi ular tomonidan qonuniy olib kirilishiga asos bo‘ladi. Bu bilan noqonuniy xatti-harakatlarning oldi olinishiga erishiladi. Buning natijasida fuqarolar o‘zi bilan olib kirgan qo‘shimcha ikkinchi mobil qurilmani UZIMEI tizimida muammosiz ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring