Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«UzAuto Motors» sudda yutdi, biroq...

«UzAuto Motors» sudda yutdi, biroq...

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi «UzAuto Motors» AJda qonun hujjatlari talablari asosida tekshirish o‘tkazilganligi, buning natijasida korxonani yengil avtomobillar narxini asossiz oshirgan deb topib, mashina baholarini tushirish va ortiqcha olingan mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish vazifasini yuklagandi.

O‘z navbatida «UzAvto Motors» AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma’muriy sudiga shikoyat arizasi kiritib, qo‘mita maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish buyicha 19.08.2020-yildagi qarorini haqiqiy emas, deb topishni so‘ragandi.

Qariyib bir oy davom etgan sud majlisi bugun yakuniga yetdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Toshkent shahar ma’muriy sudining 2020-yil 30-oktyabrdagi hal qiluv qarori bilan arizachi «UzAuto Motors» AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga nisbatan Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish bo‘yicha 2020- yil 19-avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi qanoatlantirildi.

Qisqasi, «UzAuto Motors» AJ sudda yutdi.

Agar sudning mazkur qarori javobgar tomonning shikoyati asosida yuqori instansiyalarda ham ko‘rilib, o‘zgarishsiz qoldirilsa, monopol korxona ishlab chiqarayotgan avtomobillarning oshirilgan narxi shu holicha qolaveradi. Yaqin kelajakda esa narxlar yanayam ko‘tarilmasligiga kafolat yo‘q.

Sud qaroridan «UzAuto Motors» AJdan boshqa hech kimning, xususan, iste’molchilarning xursand bo‘lmasligi ehtimoli yuz foizga teng. Chunki o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mashinalarning na narxi, na sifati maqtanishga arzigulik?! Yurtdoshlarimizning esa «UzAuto Motors» atalmish monopol korxona mahsulotidan boshqasini sotib olish imkoniyati chegaralangan.

Shunday ekan, adolat qaror topdi, deyishga til boradimi?!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring