UzAuto Motors faqat kompaniyaning rasmiy manbalariga ishonishni so‘ramoqda
Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida Rossiyadagi avtomobil sotadigan avtosalonlardan birida Ravon rusumidagi avtomobillar uchun narxlarning haddan ortiq darajada arzonligi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Shuningdek, ko‘plab rasmiy vakillar ham UzAuto Motors eksport narxlari bo‘yicha raqamlar tahlilini ushbu ko‘rsatilgan narxlarga asoslanib shakllantirdi.
UzAuto Motors ushbu ayblovlarga rasmiy javob berdi.
«Kompaniya ushbu avtosalonda keltirilgan ma’lumotlarni o‘rganib chiqqandan so‘ng, mazkur avtosalon kompaniyaning rasmiy dileri hisoblanmaydigan Rossiyaning «Mas Motors» avtosaloni ekanligini hamda u o‘z veb-saytida mashinalarni arzon narxlarda taklif qilayotganini aniqladi.
Bundan tashqari, ushbu avtosalon Ravon modelidan tashqari Toyota va Hyundai avtomobillarini ham xuddi shunday arzon narxlarda taklif etmoqda. Biroq, mijozlar avtomobil sotib olish niyatida murojaat qilganda, avtosalon vakillari saytda ko‘rsatilgan narx dastlabki to‘lov ekanligini yoki mijozga boshqa qimmatroq mashinani taklif qilishayotganini aytishadi.
Ushbu savdo sxemasi mazkur avtosalon tomonidan anchadan buyon amalda qo‘llaniladi, ularning ushbu faoliyati Rossiya telekanalida yoritilgan va ushbu avtosalon «Otzovik» hamda Aool.ru’da salbiy izohlarga ham ega bo‘lgan», — deyiladi UzAuto Motors tomonidan berilgan bayonotda.
Shu munosabat bilan kompaniya mijozlardan rasmiy manbalariga ishonishni so‘radi va quyidagi saytlarga havola berdi:
www.Ravon.ru www.Ravon.kz
www.Ravon.by www.Ravon.ua
www.Ravon.kg www.Uzautomotors.com
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter