Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

USAID O‘zbekistonda 10 million dollarlik dasturni ishga tushirdi

USAID O‘zbekistonda 10 million dollarlik dasturni ishga tushirdi

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda yoshlarning ishga joylashish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan 10 million dollarlik dasturni («YES») ishga tushirdi. AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, besh yillik dastur 8−11-sinf maktab o‘quvchilar malakali xodim, tadbirkor sifatida ishlash uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga ko‘maklashadi va yoshlar bandligini oshiradi.

Dasturning taqdimot marosimida hukumat va xususiy sektor vakillari, xalqaro tashkilotlar, mahalliy nodavlat tashkilotlari va turli manfaatdor tomonlar ishtirok etdi. O‘zbekistonlik ikki yosh tadbirkor –  Dilmurod Yusupov va Malika Sharopova esa tadbirkorlik yo‘lidagi to‘siqlarni yengib, muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha shaxsiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

«AQSh hukumati yoshlarga martaba yo‘llarini tanlash imkoniyatini berish va O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga muvaffaqiyatli hissa qo‘shishlari uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni taqdim etish bo‘yicha sa’y-harakatlarida xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlik qilishdan faxrlanadi», – deydi AQShning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlari vakili Pol Politis.

Yirik loyiha maktab va maktabdan keyingi dasturlarni o‘z ichiga olib, qizlar va imkoniyati cheklangan yoshlarning ham bandlikdagi rolini oshirishga qaratilgan. USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Mereditga ko‘ra, ayollar va imkoniyati cheklangan yoshlarning bandlik ko‘rsatkichi yuqori emasligi sababli ular mamlakatda foydalanilmagan resurs bo‘lib qolmoqda.

Dastur doirasida amaliy o‘rganishga ustuvor ahamiyat berilib, tadbirkorlik, iqtisodiyot o‘quv dasturlari hamda o‘qitish amaliyoti ishlab chiqiladi va takomillashtiriladi. Loyiha yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini O‘zbekiston mehnat bozoriga mos bo‘lishini ta’minlash uchun xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni ko‘zda tutadi.

USAID, shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar, jumladan, ish tajribasi, murabbiylik va mutaxassislar faoliyatini kuzatish imkoniyatlarini taqdim etadi. Dastur xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashlari va mahalliy va xalqaro sheriklar konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi.

Avval xabar berganimizdek, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi joriy yil avgust oyida O‘zbekistondagi ijtimoiy zaif va nogironligi bo‘lgan ayollarni raqamli iqtisodiyotga jalb qilishga qaratilgan dasturni amalga oshira boshladi.

2022-yil may oyida esa xalqaro agentlik O‘zbekiston qishloq joylarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 2,4 million dollar ajratdi. Bu borada hunarmandchilik korxonalari va yakka tartibdagi hunarmand ayollar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida biznes g‘oyalar tanlovi ham e’lon qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring