«Unicon.uz»da Farida Afro‘z bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Bugun 27 aprel kuni «Unicon.uz»da Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, yigirmadan ortiq she’riy to‘plamlar muallifi, «Shuhrat» medali, «Do‘stlik» ordeni sovrindori shoira Farida Afro‘z bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbati ko‘rinishida tashkillashtirilgan uchrashuv yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining ayollar, bolalar va oila yo‘nalishida kiritilayotgan yangiliklar, ta’lim sohasidagi islohatlar, ularning ahamiyati va jamiyat uchun qanchalik dolzarbligi haqidagi fikrlar bilan boshlandi.
Bosh qomusimiz Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi buyuk ajdodlarimizning davlat va xalq birligi, insonparvarlik va adolat ustuvorligi haqidagi yuksak g‘oyalariga tayanganligi bilan ham ahamiyatli ekani ta’kidlab o‘tildi.
Markaz xodimlari taklifiga ko‘ra shoira o‘z ijodidan namunalar o‘qigani – tadbirning kulminatsiyasi bo‘ldi. Tinglovchilar o‘zbek tilining bor latofati, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini o‘zida namoyon etgan she’rlardan bahramand bo‘lishdi.
Uchrashuv mushoira, qizg‘in savol-javoblar, ijtimoiy-siyosiy muhokamalarga ulanib ketdi.
– Markazimizda ijodiy uchrashuvlar tashkil qilish, kitoblar yarmarkasini o‘tkazish odat tusiga kirgan, – deydi «Unicon.uz» xodimi Habiba Rasulova. – Bugungi uchrashuv ham xodimlarning talablariga binoan tashkil etildi. Biror ishtirokchining zerikib yoki qachon tugar ekan, degan ma’nodagi nigohini ko‘rmadim. Barcha xodimlar faol va katta qiziqish bilan ishtirok etdi. Bugungi ijodiy uchrashuvdan nafaqat ma’naviy ozuqa oldik, balki mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlar va unda o‘zbek ayolining xotin-qizlar manfaatlari yo‘lidagi mehnatlariga ham guvoh bo‘ldik.
Tadbir yakunida shoira Farida Afro‘z ishtirokchilarga o‘zining eng sara to‘plaridan tuhfa qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter