«UMS» kompaniyasi turli boj, to‘lov va yig‘imlardan ozod etildi
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida raqamli infratuzilmani yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori e’lon qilingani haqida xabar bergandik.
Qarorga ko‘ra, «Universal Mobile Systems» MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini 100 foiz miqdorda yangi tashkil qilingan davlat muassasasi shaklidagi «Raqamli ishonch» raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobiga beg‘araz asosda topshirildi.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Jamg‘arma yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda ikki oy muddatda samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari (KPI) va mamlakatda raqamli iqtisodiyotni joriy etish uchun zarur texnik bazani yaratish bilan bir qatorda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019-2021-yillarda «Universal Mobile Systems» MChJni rivojlantirish Konsepsiyasini (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) ishlab chiqish va tasdiqlashi belgilandi:
- operatorning boshqaruv tizimiga, shu jumladan, mobil xizmatlar ko‘rsatish sohasida yetarli tajribaga ega malakali mutaxassislarni jalb etish orqali innovatsion menejmentni joriy etish;
- ichki kuch va mablag‘larni safarbar etish, telekommunikatsiya uskunalarini modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan qayta jihozlash;
- O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlangan mamlakatlar darajasida internet global tarmog‘iga ulanish imkoniyatlari bilan imkon qadar to‘liq qoplashni bosqichma-bosqich ta’minlash;
- barcha davlat xizmatlarining faqatgina operatorning ma’lumotlarga ishlov berish markazlari orqali ko‘rsatilishini ta’minlash.
Shuningdek, «UMS» milliy operatori 2021-yil 1-dekabrga qadar muddatga telekommunikatsiya sohasida faoliyatni amalga oshirishga litsenziya berish uchun davlat boji, radiochastotalar spektridan foydalanish uchun to‘lov, shuningdek, radioelektron vositalardan foydalanish uchun ekspluatatsiya yig‘imi to‘lashdan ozod etildi.
«UMS» milliy operatoriga:
- faqat o‘z tijorat ehtiyojlari uchun, boshqa operator va provayderlarga ovozli telefoniya va internet trafigi xalqaro kanallarini tashkil etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqisiz xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga (ma’lumotlar va ovoz uzatish tarmoqlariga), shu jumladan, «IP-telefoniya» texnologiyasidan foydalangan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish;
- zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarish maqsadida Jamg‘arma bilan kelishilgan holda shartnoma asosida mustaqil xorijiy, milliy konsultant va ekspertlarni jalb etish huquqi berildi.
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori ishga qabul qilishda xodimlar ma’lumotining eng past darajasi, ishchilar kasblari bo‘yicha malaka razryadlarini belgilash yuzasidan tegishli yo‘nalishda xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan mutaxassislarga nisbatan qo‘llanishi, istisno tariqasida, tavsiyaviy xarakterga ega ekani belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter