Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Umidsiz qarz»ni hisobdan chiqarish yangi me’yorlarga moslashtiriladi

«Umidsiz qarz»ni hisobdan chiqarish yangi me’yorlarga moslashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan «Undirilishi umidsiz deb e’tirof etilgan soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Unda, sud qarori bilan majburiyatning bekor qilinishi tufayli yoki bankrotlik orqali tugatish, qarzdorning vafoti yoxud da’vo muddati o‘tishi (tugashi) sababli to‘lanishi mumkin bo‘lmagan qarzni undirilishi umidsiz qarz deb e’tirof etish nazarda tutilgan. (Soliq kodeksining 60-moddasi)

Loyihada undirilishi umidsiz deb e’tirof etiladigan soliq qarzining aniq mezonlari belgilab berilmoqda.

Jumladan:

a) bankrotlik orqali tugatilgan yuridik shaxsning mol-mulki yetarli emasligi sababli soliq qarzi uzilmay qolganda;

b) yakka tartibdagi tadbirkor bankrot deb e’tirof etilganda qarzdorning mol-mulki yetarli emasligi sababli soliq qarzi uzilmay qolganda;

v) yakka tartibdagi tadbirkor vafot etgan yoki vafot etgan deb e’lon qilinganligi munosabati bilan uning mol-mulki soliq qarzini uzishga yetarli bo‘lmaganligi sababli soliqlardan qarzi uzilmay qolganda;

g) jismoniy shaxs vafot etganligi yoki jismoniy shaxs vafot etgan deb e’lon qilinganligi munosabati bilan uning mol-mulki soliq qarzini uzishga yetarli bo‘lmaganda;

d) vafot etgan jismoniy shaxsning soliq qarzi mol-mulkini meros qilib olgan merosxo‘ri (merosxo‘rlari) tomonidan meros qilib olinadigan mol-mulkning qiymatidan ortiq bo‘lganda;

ye) vafot etgan jismoniy shaxsning merosxo‘ri bo‘lmaganda yoki merosxo‘r (merosxo‘rlar) meros olish huquqidan voz kechganda;

j) soliq organi soliq qarzini undirishning belgilangan muddati o‘tishi munosabati bilan uni undirish imkoniyatini yo‘qotganligi to‘g‘risida sud tomonidan hujjat qabul qilinganda, shu jumladan sud tomonidan soliq qarzini undirish to‘g‘risida ariza berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklashni rad etish haqida ajrim chiqarilganda;

z) chet ellik yuridik shaxs soliq organidan hisobdan chiqarilganda, doimiy muassasaning mol-mulki yetarli emasligi va O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan to‘lash imkonsizligi sababli soliq qarzi to‘lanmaganda undirilishi umidsiz deb e’tirof etiladi.

Shuningdek, qaror loyihasida undirilishi umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish uchun asos bo‘ladigan hujjatlar ro‘yxati tasdiqlanmoqda.

Undirilishi umidsiz deb e’tirof etilgan soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi qaror, tegishli hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmay soliq organi qarori asosida hisobdan chiqarilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Soliq organining soliq qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi qarori ushbu Nizom qoidalariga muvofiq emas, deb topilganda Davlat soliq qo‘mitasi yoki sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring