Ukrainani 10 million kishi tark etishi bashorat qilindi
Ukraina Rossiya bilan urushda mag‘lubiyatga uchragudek bo‘lsa, mamlakatni yana 10 millionga yaqin kishi tark etishi mumkin. Germaniya matbuoti ekspertlarga tayanib yozishicha, ukrainalik qochqinlarning yangi to‘lqini ham G‘arbiy Yevropaga yo‘l oladi.
Ukrainaga G‘arb davlatlarining ko‘magi sustlashgan bir paytda siyosiy davralarda harbiy madadni oshirish talabi yangramoqda.
Germaniya Xristian-demokratlar ittifoqi eksperti Roderix Kizevetterning fikricha, Kiyevga harbiy ko‘mak miqdori oshirilmas ekan, Ukrainadan aholining ommaviy chiqib ketishi ro‘y beradi. Eng xavotirlisi, urush NATO hududiga ko‘chishi mumkin.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan 2022-yil fevral oyidan buyon millionlab aholi vatanini tark etib, Yevropa davlatlaridan vaqtincha boshpana topgan. Urushning dastlabki o‘n kunidayoq ukrainalik qochqinlar soni 1,5 million nafardan oshgan.
Hozirga qadar birgina Germaniya bir milliondan ziyod ukrainalikni qabul qilgan.
Tahlilchilar vaziyat boshqarib bo‘lmas darajaga yetmasligi uchun Ukrainaga faol ko‘mak berish kerakligini uqtirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter