Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan ikki tojikistonlik dafn qilindi

Tojikistonning Xatlon viloyatida «Rossiyada jazo muddatini o‘tayotgan, biroq kutilmaganda Ukrainada bo‘lib qolgan va urushda halok bo‘lgan» ikki muhojir dafn etildi.
2021 yil sentyabrida Boboaziz To‘ydiyev Rossiyada giyohvand moddalarni saqlashda ayblanib qo‘lga olingan va olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Uning otasi Toxir To‘ydiyevning aytishicha, shu yilning 23 sentyabr kuni o‘g‘li telefon orqali «ularni urushga jo‘natishayotganini», aytgan.
«Men ularni jo‘natish mumkin emas dedim, lekin Boboaziz boshqa iloji yo‘qligini aytdi. U urushga borishga majburlangandek tuyuldi», deydi u.
22 yoshli Boboaziz To‘ydiyevning jasadi 12 dekabr kuni Rossiyadan Tojikistonga olib kelingan va o‘zi tug‘ilib o‘sgan Yovon tumaniga dafn etilgan. Marhumning jasadini olib ketishga borgan amakisi Kamolxo‘ja G‘oibov uning jasadini uyga olib kelishda «Rossiya rasmiylari hech qanday yordam bermadi» deydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «qo‘liga hech qachon qurol tutmagan» tajribasiz yigit urushga jo‘natilgan.
«U boshining orqa qismidan yaralangan, boshining deyarli yarmi yo‘q bo‘lib ketgan. Urushda qatnashganlarga moddiy yordam va’da qilgan Rossiya hukumati bizga bir tiyin ham bermadi. Jasadni olib kelish uchun muhojirlar yordamida pul yig‘dik», – deya qo‘shimcha qildi u.
28 yoshli Manuchehr Shodov Kushoniyon hududida dafn etilgan.
«Urushga olib ketilganini bizdan yashirishdi. Hozir hech narsa deya olmayman, shikoyatim ham yo‘q, o‘g‘lim o‘ldirilgan», – deydi uning otasi. Halok bo‘lgan tojikistonlik yigitning do‘stlariga ko‘ra, Manuchehr Sankt-Peterburgdagi qamoqxonada jazoni o‘tayotgan bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter