Ukrainada deputatlarni urushga yuborish taklif etildi
Ukraina Oliy Radasining sobiq spikeri Dmitriy Razumkov parlament vakillarini ish safari doirasida bir oyga jang maydoniga yuborishni taklif qildi. Sobiq spikerning tegishli tashabbusni tavsiflovchi maqolasi «Ukrainskaya pravda» nashrida chop etilgan.
Razumkovning ta’kidlashicha, gap 60 yoshgacha bo‘lgan xalq deputatlari haqida ketmoqda. Shu bilan birga, ularni frontga yuborish to‘g‘risidagi qarorni Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy qabul qilishi kerak.
«Biz deputatlarni frontga xizmat safariga yuborishni taklif qilamiz. Har bir deputat bir oy muddatga jangovar zonadagi ma’lum bir brigadaga yuborilsin», — deyiladi nashrda.
Radaning sobiq spikeri qo‘shimcha qilishicha, parlament a’zolari jangovar hududga kelganidan so‘ng o‘z harbiy ixtisosligi bo‘yicha vazifalarni bajarishi kerak.
Maqola muallifiga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida 30 nafardan ortiq deputatni jang maydoniga yuborish mumkin emas. Aks holda, qonun chiqaruvchi organning ishi falaj bo‘ladi, deya tushuntirdi u.
Eslatib o‘tamiz, avval prezident Zelenskiy va qo‘mondon Zalujniy o‘rtasida keskinlik kuchaygani xabar qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter