Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina rahbari ilk uchrashuvda AQSh prezidentiga qanday savol berishini ochiqladi

Ukraina rahbari ilk uchrashuvda AQSh prezidentiga qanday savol berishini ochiqladi

Foto: Axios/HBO

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Amerikaning NVO telekanaliga bergan intervyusida mamlakatning NATOga kirishi muhim ekanini ta’kidladi.

Zelenskiy AQSh prezidenti Jo Bayden Yevrovada xavfsizlikni ta’minlashga katta e’tibor qaratish niyatida ekani, bu borada Ukrainaning NATOga to‘laqonli a’zo bo‘lishi alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi. 

«Agar Ukraina NATO a’zosi bo‘lganida, Ukraina sharqida beqarorlik yuzaga kelmas edi», – dedi V.Zelenskiy.

Suhbat davomida Ukraina yetakchisi AQShning yangi rahbari Jo Bayden bilan ilk uchrashuvda «Janob prezident, biz nega haligacha NATO tarkibida emasmiz?» deb so‘rashini ma’lum qildi. Zelenskiy bunga javoban Bayden rasmiy Kiyevning NATOga a’zo bo‘lishi uchun ko‘mak va’da etishiga umid qilmoqda.

Zelenskiy rasmiy Moskva ayirmachilarni dastaklash orqali Ukrainada yaxlit boshqaruvni zaiflashtirish va mamlakatni federal boshqaruvga o‘tkazishga urinayotganini qayd etgan. Donbassdagi ziddiyatni bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan «Normand formati» (Ukraina, Rossiya, Germaniya, Fransiya) samarali ishlamayotganini ta’kidlagan Zelenskiy unga AQShni ham qo‘shishni taklif etgan.

Ukraina rahbari, shuningdek, AQSh Kiyevga yetarli miqdorda harbiy yordam bermayotganidan yozg‘irib, ko‘mak ko‘lamini oshirishni so‘ragan. 

Avvalroq, 2020 yil dekabr oyida «New York Times» nashriga intervyusida ham Zelenskiy Jo Bayden sobiq prezident Trampga qaraganda Ukrainani yaxshiroq bilishini ta’kidlagan va uning davrida ikki mamlakat robitalari yanada yaqinlashuviga umid bildirgan edi.

Darvoqe, Zelenskiyning intervyusi NVO kanali efirida ketganidan ko‘p o‘tmay, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan telefon orqali suhbatlashdi. Muloqot chog‘i Vashington Kiyevga katta iqtisodiy va harbiy ko‘mak va’da qildi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring