«Uch ildiz» romani yangi nashrining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning mashhur «Uch ildiz» romani 1958 yildan buyon necha avlodlarning ma’naviy mulkiga aylangan. Asarning yangi nashrini muallif shogirdi To‘lqin Eshbek bilan birga 2010 yilda qayta nashrga tayyorlab, bir yana bir bob qo‘shgan.
Toshkent shahridagi muhtasham “Turon” axborot-kutubxona markazining anjumanlar zalida 9 may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Pirimqul Qodirov xotira kechasi va adibning “Dunyo nashr” nashriyoti tomonidan chop etilgan «Uch ildiz» romani yangi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, betakror asarlari bilan millionlab kitobxonlar qalbidan mangu joy olgan atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov 1928 yil 25 oktyabrda tavallud topgan. 1951 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlab, Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti aspiranturasiga kirgan, “Abdulla Qahhorning urushdan keyingi ijodi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1954-1963-yillarda u sobiq ittifoq Yozuvchilar uyushmasi qoshida o‘zbek adabiyoti bo‘yicha maslahatchi, 1963-1983-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi, 1989-1994 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofotlari qo‘mitasi raisi lavozimlarida ishlagan. 1990-2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati bo‘lib, parlamentning Fan, madaniyat va ta’lim qo‘mitasida faoliyat ko‘rsatgan.
Adibning “Uch ildiz” (1958), “Qora ko‘zlar” (1966), “Olmos kamar” (1977), “Yulduzli tunlar” (“Bobur”) (1979), “Avlodlar dovoni” (1988), “Ona lochin vidosi” (1997) romanlari, “Qadrim” (1961), “Erk” (1968), “Yayra institutga kirmoqchi” (1970), “Meros” (1974), “Akramning sarguzashtlari” (1974), “Najot”, “Baxillar va botirlar” (1980) qissalari, “Qalb ko‘zlari” (2001) badialar kitobi adabiyot ixlosmandlarining ma’naviy mulkiga aylandi.
“Qadrim” qissasi asosida “Sening izlaring” badiiy filmi, “Yulduzli tunlar” romani asosida ko‘p seriyali videofilm suratga olingan. Qator yillar “Bobur” pesasi O‘zbek milliy akademik drama teatrida, “Insof” pesasi viloyatlar drama teatrlari sahnalarida namoyish etilgan.
Filologiya fanlari nomzodi Pirimqul Qodirov “Til va el” (1972), “Xalq tili va realistik proza” (1973), “Til va dil” (2005) risolalar yaratgan, u ikki jildli “Adabiyot nazariyasi” kitobining “Adabiy asarning tili”, “Adabiy jarayon” boblarini yozgan. Adib va adabiyotshunos olimning “Til va el” (2005) ilmiy badiasi mumtoz ona tilimizga, “Amir Temur siymosi” (2007) ilmiy badiasi Sohibqiron Amir Temurning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan.
Taqdimotda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adib va shoir To‘lqin Eshbek shunday dedi:
– 1980 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) Jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgach, “Uch ildiz” romanini ishtiyoq bilan mutolaa qilar ekanmiz, bu asar go‘yo bizning talabalik davrimiz haqida yozilgandek taassurot qoldirardi. Asar voqealarida o‘zimizning ikki toifadagi domlalar va talabalarni ko‘rgandek bo‘lardik.
Oradan necha o‘n yillar o‘tayotganiga qaramay asarda tasvirlanganga o‘xshash voqealar hamon davom etayotgandek; talabalarga chinakam ilm berib mehrini qozonayotgan, yosh iste’dodlarni ezgulikka chorlayotgan o‘qituvchilar bir yon va ilmdan yiroq, faqat o‘z manfaatini o‘ylab, o‘zlariga o‘xshash ba’zi yoshlarni xatarli yo‘llarga boshlab yuradiganlar bir taraf bo‘lib kurashayotganlari bor gap... Talabalarimiz ham asar qahramonlaridan qolishmaydi. Ular orasida umidli yoshlarni ko‘rganda quvonsak, tarbiyasi haminqadarroqlari uchraganda befarq qaramaymiz. Romandagi Temur Akbarov, Abdurahmon Toshevdek fidoyi ustozlardan andoza olishga va yoshlar qalbiga yo‘l topishga intilamiz.
Romanning yana bir muhim jihati – talabalarga kitob o‘qish, dars tayyorlash mas’uliyati va madaniyatini, hayotda munosib o‘rnini topish yo‘llarini o‘rgatsa, o‘qituvchilarga o‘z ustida qanday ishlash, yosh ilm toliblari bilan qay tarzda munosabatda bo‘lish borasida katta saboq beradi.
Asarni qunt bilan mutolaa qilayotgan o‘quvchi XX asr o‘rtalarida yashagan avlodning bilim va saviyasi, ilm olishga intilishi, dunyoqarashi bilan o‘z zamondoshlarini qiyoslab ko‘rish hamda xulosa chiqarish imkoniga ega bo‘ladi.
Zotan, bu romanni teran nigoh ila o‘qiganlar ma’nan boyib, hayotda oq-u qorani ajratishda, ezgulik yo‘lini tanlashda adashmaydilar.
Sobiq mustabid tuzum davrida Pirimqul Qodirovni respublikamiz rahbarlaridan biri nohaq ayblaganida biz, muxlislari ham ruhan aziyat chekkan edik. Adibni ko‘rganda o‘zini olib qochadiganlar ko‘paygan (bu insonga qanchalik ruhiy ta’sir ko‘rsatishini izohlashga hojat yo‘q) paytda – 1987-yili Qibray tumani tahririyatida Pirimqul Qodirov bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazish jasorat bilan teng edi. Uchrashuvda ishtirok etgan kitobxonlar bilan savol-javob, samimiy suhbatlardan ustozning ko‘ngli ko‘tarilganini ko‘rib yengil tortgan edik.
Atoqli adib bilan o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvlar, suhbatlar (ular gazeta-jurnallarda yoritilgan) katta saboq bo‘lardi. So‘nggi suhbat ijodning mashaqqatli yo‘llari, “Uch ildiz” romani va uning yangi nashri haqida edi.
“Uch ildiz” nomi zamirida yoshlarning kamolotga erishishi yo‘lida avvalo uchta ma’naviy ildiz otishi g‘oyasi yotibdi. Birinchisi, puxta bilim olish, ikkinchisi, haqiqiy inson bo‘lish va uchinchi ildiz – muhabbatga asoslangan oila qurish. Har bir inson shu tariqa baxt-iqbolga erishishi mumkin. O‘ylaymanki, bugungi yoshlar ham avvalo ana shunday ma’naviy ildizlar otishga intiladilar.
Asar qahramonlaridan biri professor Abdurahmon Toshev ig‘vogarlar tomonidan fakultetdan quvilgan. U Oybek akani yodga soladi. Bu ulug‘ adibning hayotida shunga o‘xshash voqelar yuz bergan. Oybek akaning nasablari Toshmuhammad ekani nazarda tutilib, asar qahramoni – Toshev bo‘ldi. Abdulla Qahhor domlamizga “Qo‘shchinor” romanini yozgani uchun juda adolatsiz hujumlar bo‘lgandi. Bu hol Temur Akbarov degan domla timsolida ko‘rsatilgan. Boshqa obrazlar prototipi ham hozirgi Milliy universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari edi... Asardagi Mahkam va Ochil obrazlari orqali adib o‘zining hayotga qarashlari, orzu-umidlari o‘z ifodasini topgan bo‘lsa, Gavhar va Zamira obrazlarida Pirimqul akaning umr yo‘ldoshi Sofiyaxon ayaning siymosi aks etgan. Romanda yosh shoir Ochil Samadov o‘z domlasi Temur Akbarovga o‘qib bergan she’rni adib 1950 yilda kursdoshlarim davrasida o‘qib bergan. Xullas, Pirimqul akaning talabalik davrida qalbida kechgan tuyg‘ular “Uch ildiz” romanida o‘z aksini topgan.
Toshkentda romanning qo‘lyozmasi muhokama qilinganda Abdulla Qahhor uni qo‘llab-quvvatlagan, Konstantin Simonov «Uch ildiz»ni satrma-satr tarjimasini o‘qib ijobiy fikr bildirgan edi.
Yangicha tafakkur ham ijobiy-salbiy barcha hodisalar va personajlarning haqiqiy manzarasini ochib berishga xizmat qilishi kerak. Hozir dunyo bo‘ylab keng tarqalayotgan yangicha tafakkur – inson zotini halokatdan qutqarishga qaratilgandir. Odamzodni omon saqlash vazifasi oliy insonparvarlik ekan, uning alohida zarralari bo‘lgan ijobiy-salbiy xarakterdagi kishilarni yomon muhit ta’siridan va illatlar girdobidan qutqarib olish ham yuksak odamiylikka kiradi.
«Uch ildiz»ga adib Abdulla Qahhorning bahosi Pirimqul Qodirovni ilhomlantirib yuborgan edi. 1957 yil kech kuzida romanning qo‘lyozmasi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida Abdulla Qahhor, Shuhrat, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov va yana o‘n-o‘n besh kishilik adabiyotchilar davrasida muhokama qilindi. Muhokamada aytilgan fikrlar orasida ko‘pimizni hayratga solgan gap – Abdulla akaning quyidagi so‘zlari bo‘ldi: «Ancha vaqtdan beri men o‘zbek adabiyotida momaqaldiroq guldurosini eshitmay yurgan edim. Nazarimda, mana shu asar adabiyotimizga momaqaldiroqday gulduros solib, chaqmoqday yaltillab kirib kelyapti».
Shundan so‘ng Abdulla Qahhor yosh adib Pirimqul Qodirovni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga birinchi tavsiyanomani bergan.
Asar voqealari aks etgan 1955 yildan buyon shuncha zamonlar o‘tdi. Bu orada buyuk o‘zgarishlar yuz berdi. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, hayotimiz, dunyoqarashlarimiz tubdan o‘zgarib ketdi. “Komsomol”, “partbyuro” degan gap-so‘zlar unutildi. Romanda esa o‘sha davrga xos shunaqa tushunchalar anchagina edi... Endi “komsomol”ga o‘xshash gaplar bo‘lmasa-da, zamonamiz yoshlari o‘z tashkiloti safida kamolga yetmoqda. O‘sha davr va hozirgi talabalarning qalb kechinmalari, hayotda munosib o‘rnini topishga intilishlarida ajib uyg‘unlik bordek. Shularni hisobga olib, asar biroz tahrir qilindi. Ba’zi eskirgan so‘z va iboralar zamonaviy atamalar bilan o‘zgartirildi, ayrim tushuncha va qarashlarga oydinlik kiritilib, mazmunan boyitildi.
Asar qahramonlari ham ulg‘ayib, 1991 yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishishi yo‘lida faollik ko‘rsatganlari bor gap. Ular ma’naviy ildizlari mustahkam bo‘lib kamolga yetganlari haqida yana bir bob qo‘shildi. Bu romanga o‘ziga xos “xotima”dir.
Ustoz Pirimqul Qodirov 2010 yil 20 dekabr kuni so‘nggi manzilga kuzatildi...
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Meros komissiyasi mas’ul kotibi ustoz adib Pirimqul Qodirovning ijodiy merosini izchil o‘rganish va targ‘ib etish bilan bir qatorda ba’zi ishlarini poyoniga yetkazib qo‘yishni ham zimmasiga oldi.
“Uch ildiz”ning mazkur yangi nashri ulug‘ adib ruhini shod etib, millionlab muxlislari ma’naviy mulkiga aylanib boraveradi, degan umiddamiz.
Kitob taqdimotida kitobsevar yoshlar, adabiyot ixlosmandlari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.
Sharofiddin To‘laganov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter