Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ucell»ning abonentlarga Navro‘z «sovg‘asi»

«Ucell»ning abonentlarga Navro‘z «sovg‘asi»

Foto: «Pixland»

«Ucell» kompaniyasi kecha, 13 mart kuni o‘z rasmiy saytida antiqa e’lon berdi.

«Haqi oldindan to‘lanadigan xizmat ko‘rsatish tizimi tariflaridagi narxlarda o‘zgarishlar», deb nomlangan bu xabarning asl mohiyatini oddiy abonent bir o‘qishda anglab olishi dargumon.

«Hurmatli abonentlar! Shuni e’tiborga olishingizni so‘raymizki, haqi oldindan to‘lanadigan xizmat ko‘rsatish tizimi (Prepaid) tarif rejalarini optimizatsiyalash maqsadida 2018 yil 23 martdan «Ucell» kompaniyasi bir qator o‘zgarishlar kiritmoqda», deb boshlangan e’londa yozilishicha, «Ijobiy», «Ko‘proq!», «Oddiy», «Fresh» tarif rejalarida bo‘lgan abonentlarga 3 oy davomida HAR KUNI TAS-IX yo‘nalishi uchun 50 MB taqdim etiladi! «Qulay internet», «OK» tarif rejalarida bo‘lgan abonentlarga esa 3 oy davomida HAR KUNI «Telegram» uchun 33 MB taqdim etiladi!

Zo‘rku, deysizmi? Ha, zo‘r, buyog‘i undanam zo‘r! E’lonni o‘qishda davom etamiz:

«Ijobiy», «Ko‘proq!», «Oddiy», «Qulay internet», «Do‘stlar orasida», «Baxtli 25», «Baxtli 25+», «Aniq», «Aniq+», «Omadli», «Omadli+», «Erkin suhbat», «VIP» tarif rejalarida va «Istalgan raqam» aksiyasi bo‘yicha tarif rejalariga ulanishda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha narxlar PASAYTIRILADI:

Yo‘nalish

Narxi

O‘zbekiston bo‘yicha chiquvchi qo‘ng‘iroqlar

125 so‘m

Tarmoq ichidagi va O‘zbekiston bo‘yicha SMSlar

80 so‘m

Internet (1 Mb)

350 so‘m

Qoyil, bo‘larkanu! Hammayoqda narxlar oshib yotganida, «Ucell» uni pasaytiryaptimi? Tasanno! Shoshmangchi, e’lonni qolganiniyam o‘qiylik:

«Yuqoridagi tarif rejalarida limitdan tashqari «Ucell»  tarmog‘i ichidagi chiquvchi qo‘ng‘iroqlar 1 daqiqasi uchun  95 so‘m qiymatida narxlanadi».

Essiz, hamma tarif rejasida «PASAYTIRILADI» so‘zi ishlatilmaptida, juda boshqacha jaranglayotgandi.

E’lonning davomida «Tarif rejalaridagi boshqa o‘zgarishlar» deyilganu, kattagina jadval berilgan. Jadvalda tarif rejalari va ularning abonent to‘lovi narxlari, tarmoq ichida va O‘zbekiston bo‘yicha chiquvchi qo‘ng‘iroqlar narxlari, SMS va internet narxlari keltirilgan.

Qizig‘i, bu yerda oddiygina qilib «o‘zgarishlar» deb qo‘yilgan. Bu o‘zgarishlar avvalgi narxlar bilan taqqoslanmagan yoki boshqa bir izoh berilmagan. Shuning uchun ko‘pchilik abonentlar e’lon matnida yuqoriroqda sanalgan «MB taqdim etiladi»,  «PASAYTIRILADI»ni o‘qib, xursand bo‘lib chiqib ketishi hech gap emas.

Lekin, shoshilmay turing, «Haqi oldindan to‘lanadigan xizmat ko‘rsatish tizimi tariflaridagi narxlarda o‘zgarishlar»ning asl mohiyati aslida e’lon oxirida keltirilgan jadvaldaga o‘xshaydi. Bu bandga «PASAYTIRILADI» deb ta’rif berilmagan, demak bir gap bor.

Jadval boshida keltirilgan «Ijobiy» tarif rejasini kompaniya sayti orqali ayni damdagi va 23 martdan keyingi «o‘zgarishlar»ini taqqoslab ko‘ramiz:

Ayni damda — abonent to‘lovi (kuniga) 252.6 so‘m; tarmoq ichidagi chiquvchi qo‘ng‘iroqning daqiqasi 84.2 so‘m; O‘zbekiston bo‘yicha chiquvchi qo‘ng‘iroqning daqiqasi 126.3 so‘m; SMS — 84.2 so‘m; Internet 1 Mb — 421 so‘m.

23 martdan boshlab — abonent to‘lovi (kuniga) 395 so‘m; tarmoq ichidagi chiquvchi qo‘ng‘iroqning daqiqasi 95 so‘m; O‘zbekiston bo‘yicha chiquvchi qo‘ng‘iroqning daqiqasi 125 so‘m; SMS — 80 so‘m; Internet 1 Mb — 350 so‘m.

Mana endi vaziyat biroz oydinlashganday.

Yuqorida «PASAYTIRILADI» deb berilgan tariflar ichida «Ijobiy» tarif rejasi ham bor. Rostan ham, O‘zbekiston bo‘yicha chiquvchi qo‘ng‘iroqning daqiqasi 1.3 so‘mga (!) «PASAYTIRILGAN»,  SMS — 4.2 so‘mga, Internet 1 Mb uchun — 89 so‘mga arzonlagan. Ammo...

Tarmoq ichidagi chiquvchi qo‘ng‘iroqning daqiqasi 10.8 so‘mga oshgan. Eng asosiysi, tamoqdan foydalansangiz ham, foydalanmasangiz ham har kuni to‘lanadigan abonent to‘lovi 142.4 so‘mga qimmatlashgan!  

«Ko‘proq!» tarif rejasida kunlik abonent to‘lovi 184,5 so‘mga; «Oddiy» tarif rejasida 171,6 so‘mga oshgan. Qolgan tarif rejalarida ham shu tarzda abonent to‘lovlari sezilarli darajada oshirilgan.

Har bir kompaniya narx siyosatini o‘zi belgilaydi. Abonent o‘ziga ma’qul kompaniyani tanlab, uning xizmatlaridan foydalanadi. Bu bozor qoidasi. Ammo hech bo‘lmaganda, millionlab mijozlarga aslida narxlar sezilarli darajada oshirilganini boricha, aniq va lo‘nda yetkazilsa bo‘lmaydimi?

Ayrim yo‘nalishlarda narxlar ozgina pasaygani bo‘rttirib ko‘rsatiladi-yu, nega oshirilganda «OShIRILADI» deb ogohlantirilmaydi?!

Aslida bunday e’lonlar rasmiy saytda tushunarsiz tilda joylashtirib qo‘yilishi emas, har bir mijozga foydalanayotgan tarif rejasi qanchalik qimmatlashishi SMS tarzida jo‘natilishi kerak (internet paketlari arzonlashganda jar solinadiku!).  Chunki hamma mijoz ham kompaniya saytiga kirib, e’lonlarni kuzatishni bilmaydi. Biladiganlarning ham hammasi bunaqa tartibda joylangan xabarga tushunmaydi.

Bunday «o‘zgarishlar»dan keyin ertaga bechora abonent hayron bo‘lib yuradi: «Nega telefonim ko‘p pul yeb qo‘yyapti», deb.

Bu usullar zamonaviy marketing yurishimi, ayyorligimi, boshqami, bilmadigu, ammo, ochiqcha aldov bo‘lmasa ham, o‘z mijozlaridan asl haqiqatni yashirish hisoblanadi.

«Ucell» abonentlari Navro‘z bayrami arafasida kompaniyadan bunday «syurpriz»ni  kutishmagani aniq.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring