Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turmush o‘rtog‘im 6 oy ishlab «dekret»ga chiqdi: «dekret puli» qanday hisoblab beriladi?..

Turmush o‘rtog‘im 6 oy ishlab «dekret»ga chiqdi: «dekret puli» qanday hisoblab beriladi?..

Savol: mehnat ta’tiliga chiqqan edim. Mehnat daftarchamga ishga kirganim yozilgan, biroq mehnat ta’tiliga chiqganimdan so‘ng ancha yil o‘tib borsam,  «turdavoy»imga yozib berishmadi. Qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?

Savolingiz sal mavhumroq. Ya’ni ta’tilga chiqib, ancha yildan keyin bordim deyapsiz. Agar bola parvarish ta’tilini nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, MK 405-moddasiga ko‘ra, bolani parvarishlash ta’tillari davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillarning ko‘pi bilan olti yili mehnat stajiga qo‘shiladi, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shib hisoblanadi.

Agar Siz bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan bo‘lsa, u holatda MK 171-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodimga uning mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani, shuningdek mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berishi shart. Ish beruvchi xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish bilan bog‘liq hujjatlarning tegishli ravishda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini ham berishi shart.

Shuningdek, MK 125-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi ishga qabul qilish, boshqa ishga doimiy o‘tkazish va mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mehnat daftarchasiga hamda «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritishi shart.

Savol: bir tashkilotda 5 yil ish stajim bor. Qisqarish sababli ishdan bo‘shadim. Oradan 2 yil o‘tib yana qayta ish joyimga tiklandim. Ish haqimga avvalgi ishlagan davrim qo‘shib hisoblanadimi?

Bu holatda ustama belgilashni tartibga soluvchi qonunchilik hujjati yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, masalan, jamoa shartnomasiga qarash kerak. Agar yuqoridagi hujjatlarda xodimga u tashkilotda ishlagan har besh yil uchun falon foiz ustama to‘lanadi deyilgan bo‘lsa, bu holatda sizni oldin ishlagan 5 yilingizga ham ustama to‘lanishi lozim. Agar xodimga u tashkilotda uzluksiz ishlagan har besh yil uchun falon foiz ustama to‘lansin deyilgan bo‘lsa, u holatda sizga ustama to‘lanmaydi, chunki stajingizda 2 yil uzilish bo‘lgan.

Savol: men  6-senyabrdan mehnat ta’tiliga chiqdim. Oyning 15-sanasida mehnat ta’tilim pulini tashlab berilishi kerak edi, ammo kechiktirildi. Menga kechiktirilgan mehnat ta’tili puli uchun peniya to‘lab beriladimi?

MK 233-moddasiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tili vaqti uchun haq to‘lash jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda, biroq ta’til boshlanguniga qadar oxirgi ish kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi. Demak, Siz 6-sentyabrdan ta’tiliga chiqqan bo‘lsangiz, sizga ta’til puli 5 sentyabrdan kechikmasdan to‘lab berilishi lozim edi. Sizning holatda ish beruvchi mehnat qonunchiligini buzgan va bu MJTK 49-moddasiga ko‘ra bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, MK 333-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bankning o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart. Xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan pulli kompensatsiyaning miqdori Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining o‘n foizi miqdorida belgilanadi.

Savol: turmush o‘rtog‘im 6 oy ishlab «dekret»ga chiqdi. «Dekret puli» qanday hisoblab beriladi?

MK 404-moddasi 1-qismiga ko‘ra, «dekret puli» o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanishi belgilangan.

Prezidentning 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-son qaroriga ko‘ra, 12 oydan ko‘proq tanaffusdan so‘ng mehnat faoliyatini qaytadan boshlovchi xodimlar uchun «dekret puli» 75 foiz to‘lanishi belgilangan.

Demak, xodim 1 kun ishlagan bo‘lsa ham, unga «dekret puli» to‘lab berilar ekan, faqat yangi ishga kirib to‘liq 12 oy ishlamagan xodimlarga «dekret puli» 75 foiz to‘lanar ekan.

«Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizom 4-paragrafi 40-48-bandlari homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani, 5-paragrafi 49-78-bandlari esa vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni hisoblash tartibini tartibga soladi.

Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani tayinlash va to‘lash uchun belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo‘ladi. Varaqa yo‘qolgan hollarda nafaqa uning o‘rniga takroriy berilgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi (dublikat) asosida beriladi.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar barcha hollarda xodimning haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi.

Nafaqalarni hisoblashda asos qilib olinadigan haqiqiy ish haqiga ish joyidan, sug‘urta badallari undirilib to‘lanadigan jami ish haqi to‘lovlari kiradi.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik ta’tili boshlangan oydan oldingi 12 oy davrida olgan va sug‘urta badallari chegirilgan barcha mukofotlarning 1/12 qismi nafaqa hisoblab chiqariladigan oylik ish haqiga qo‘shilib, o‘rtacha oylik ish haqi miqdori aniqlanadi.

Savollaringizni @xabargayoz_bot ’ga jo‘natishingiz mumkin.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring