Turkmaniston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Ashxobodga taklif qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Turkmaniston Prezidentini tug‘ilgan kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va yangi zafarlar tiladi.
Bugungi Turkmaniston erishayotgan ulkan muvaffaqiyatlar, uning xalqaro nufuzi izchil yuksalib borayotgani Gurbanguli Berdimuhamedov rahbarligida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar va yangilanishlarning, ijobiy betaraflik siyosatining amaliy natijalari ekani alohida ta’kidlandi.
Turkmaniston Prezidentining Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, transport yo‘laklari va energetik infratuzilmani rivojlantirish, suvdan oqilona foydalanish, sportni ommalashtirish borasida va boshqa yo‘nalishlardagi xalqaro miqyosdagi tashabbuslariga yuksak baho berildi.
Oliy darajadagi muntazam muloqot va uchrashuvlar qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirishga xizmat qilayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.
Turkmaniston Prezidentining joriy yil aprel oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan samarali davlat tashrifi hamda uning yakunida erishilgan muhim kelishuvlar va bitimlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligiga yangi sur’at baxsh etib, uni amaliy mazmun bilan boyitgani ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida savdo, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, energetika sohalari, samarali transport va tranzit kommunikatsiyalarini rivojlantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Turkmaniston Prezidenti samimiy tabrik va tilaklar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekiston Prezidentini joriy yil avgust oyida Ashxobodda bo‘lib o‘tadigan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining sammitida ishtirok etishga taklif qildi.
Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashda intilishi qat’iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter