Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyaning do‘stlarda hayrat, raqiblarda hasad uyg‘otayotgan yangi quroli

Turkiyaning do‘stlarda hayrat, raqiblarda hasad uyg‘otayotgan yangi quroli

Bayraktar avlodiga mansub uchuvchisiz qurilmalar harbiy maydonlarda sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Foto: AFP

Turkiya uchuvchisiz parvoz qiluvchi harbiy qurilmalar bozoridagi o‘rnini mustahkamlamoqda. Yaqinda mamlakat havo kuchlariga Bayraktar Akinci TİHA deb atalgan uchuvchisiz qurilmalar taqdim etilgan edi. «Baykar Makina» mudofaa shirkati yaqin muddatda Bayraktar TB3 bo‘yicha izlanishlar ham yakunlanishini ma’lum qildi.

«Baykar Makina» kompaniyasi bir necha yillardan beri uchuvchisiz parvoz qiluvchi jangovar apparatlar yaratish ustida tadqiqotlar olib bormoqda. Ushbu izlanishlar mahsuli sifatida 2009 yili Bayraktar TB1 qurilmasi yaratildi. Besh yil o‘tib, shirkat uning yangi avlodini taqdim etdi. Bayraktar TB2 8 km balandlikda 24 soatu 34 daqiqa davomida parvoz qilib, o‘rta masofaga parvoz qiluvchi uchuvchisiz qurilmalar orasida rekord o‘rnatdi. Bayraktar TB2 uzoq muddat davomida havoda kuzatuv olib borib, nisbatan qisqa fursatda nishonni yo‘q qilish imkoniga ega.

Bayraktar TB2 Suriya, Liviyadagi harbiy harakatlarda samarali foydalanilgan. Uchuvchisiz qurilma raqiblarning o‘nlab tanklari, vertolyotlari, artilleriya tizimini ishdan chiqargan, dushman jangchilarni mahv etgan. Xususan, Turkiya tomonidan Shom tuprog‘ida amalga oshirilgan «Furot qalqoni» (Fırat Kalkanı),  «Zaytun novdasi» (Zeytin Dalı Harekâtı) kabi operatsiyalarda qo‘l kelgani haqida ma’lumotlar mavjud.

Bayraktar TB2 Turkiyaning Kurdiston ishchi partiyasi terrorchilariga qarshi kurashida ham keng qo‘llanmoqda. «Baykar Makina» mudofaa shirkati ishlab chiqarayotgan uchuvchisiz qurilma 2020 yil oktyabr,  noyabr oylarida Tog‘li Qorabog‘dagi janglarda yana bir karra sinovdan o‘tdi. 

Prezident Erdo‘g‘on Bayraktar Akinci TİHA uchuvchisiz apparatlarining ilk namunasiga imzo chekmoqda. Foto: AA

Ozarboyjon Bayraktar TV2 qurilmalari yordamida raqib ob’yektlariga kuchli zarba berdi. Tahlilchilarga ko‘ra, rasmiy Bokuning qo‘li baland kelgan jangda Turkiya uchuvchisiz qurilmalari ham g‘alabaga sezilarli hissa qo‘shdi.

Mudofaa bozorida Bayraktar TV2 qurilmalari xaridorgir bo‘lib bormoqda. Anqara mazkur qurilmalarni hozirga qadar Ukraina, Qatar, Turkmaniston, Ozarboyjon kabi davlatlarga yetkazib bergan. Yaqindan boshlab Turkiya o‘z tarixida ilk bor Yevropa Ittifoqi va NATO a’zosi bo‘lgan Polshaga ham uchuvchisiz qurilmalarni sota boshladi. Yangi bitimga muvofiq, Polshaga 24 dona Bayraktar TV2 yetkazib beriladi.

Joriy yil 29 avgust kuni Turkiya armiyasi Bayraktar Akinci TİHA qurilmalarini qabul qilib oldi. Yangi avlod aslahalarni topshirish marosimida qatnashgan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Turkiya mazkur texnologiyaga ega bo‘lgan uchinchi davlatga aylanganini qayd etdi.

«Biz dunyoga uchuvchisiz texnologiyalar ishlab chiqarish bo‘yicha salohiyatimizni ko‘rsata oldik. Turkiya endi faqat sotib oladigan mamlakat emas, biz ishlab chiqarish va sotishga ham qurbimiz yetishini isbotladik», – dedi R.T.Erdo‘g‘on.

E’tiborga molik jihati, Bayraktar Akinci TİHA butkul Turkiyada ishlab chiqarilgan qismlardan tarkib topgan. Yangi avlod qurilma 12200 metr masofada, 360 km/soat tezlikda, 24 soat davomida parvoz qila oladi.

«Baykar Makina» shirkati hamraisi Seljuk Bayraktarga ko‘ra, jangovar uchuvchisiz qurilmalarning uchinchi avlodi 2022 yilda ilk parvozni amalga oshiradi.

Uchuvchisiz apparatlar – ko‘p sonli konstruktorlarning jamoaviy mehnati mahsuli. Foto: Google Images

«Yaqin kelajakka nazar tashlasak, Bayraktar TB3 konsepsiyasini ko‘rishimiz mumkin. Cun’iy yo‘ldoshda boshqariladigan bu uchuvchisiz parvoz apparati minglab kilometr masofani bosib o‘tadi. Biz Bayraktar TB2dan biroz kattaroq va Akıncı uchuvchisiz parvoz qurilmasidan kuchsizroq bo‘lgan hujum dronlari haqida gapiryapmiz. Yangi uchish apparati uchish-qo‘nish yo‘lagi qisqa bo‘lgan kemalarga qo‘na olish qobiliyati bilan ajralib turadi. Bu dunyodagi turdosh namunalarda kam uchraydi», – deydi Massachusets texnologiya instituti bitiruvchi Seljuk Bayraktar.

Oxirgi yillarda Turkiya mudofaa sanoatida mustaqillikka erishishga harakat qilmoqda. Anqaraning Rossiyadan S-400 tizimini sotib olishi ortidan AQSh tomonidan sanksiya joriy etilishi mudofaa sohasidagi izlanishlarni jadallashtirdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatda so‘nggi yillarda qurol ishlab chiqarish bo‘yicha import keskin qisqargan, bu boradagi ko‘rsatkich 80 foizdan 20 foizga kamaygan. 2002 yili Turkiyada mudofaa sanoati yo‘nalishida 62 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirga kelib ular soni 1500 ga yetgan. Mudofaa sanoatidagi tovar aylanmasi 1 milliard dollardan 11 milliard dollarga, mudofaa loyihalari budjeti esa 5,5 milliard dollardan 60 milliard dollarga o‘sgan. Ushbu o‘zgarishlarni inqilob deb atagan prezident Erdo‘g‘on Turkiya harbiy-mudofaa sohasidagi yutuqlarini do‘st mamlakatlar bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini ham ta’kidlagan.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring