Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya ko‘chalaridagi erkatoy hayvonlar (foto)

Turkiya ko‘chalaridagi erkatoy hayvonlar (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Hindistonlik siyosatchi, arbob Mahatma Gandining bir gapi bor: «Millatning buyukligi va ma’naviy rivojlanganligi, uning jonivorlarga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi».

Rivojlangan mamlakatlarning barchasida hayvonlarga munosabat o‘zgacha. Masalan, Amerikada karantin paytida boshpanasiz hayvonlar saqlanadigan muruvvat uyida birorta kuchuk qolmagan, odamlar tomonidan barchasi boqib olingan. Angliyada kuchugiga qo‘pol munosabatda bo‘lgan fuqaroga 8 oylik qamoq jazosi tayinlangan.

Germaniyada esa itlarning huquqlari Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan.

Fransiyada har bir uy hayvonining bo‘ynida maxsus, yo‘qolsa topish oson bo‘lishi uchun «chip»lar taqilgan.

Finlandiyadagi egasiz hayvonlar saqlanadigan «muruvvat» uylarida hayvonlar maxsus dorili suvlarda cho‘miltiriladi, yaxshi ovqatlantiriladi. 

Jonivorlarga muruvvatli xalqlardan yana biri — turkiyaliklardir. Turkiyaga safarimiz, ya’ni «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasidagi ishtirokimiz davomida mushuk va kuchuklar, umuman hayvonot dunyosiga e’tibor bizni o‘ziga tortdi.

Qaysi bir hududga bormang, u yerning mushuk va kuchuklari erkin, hech kimdan hayiqmasdan yuradi. Va ularning barchasi sizning erkalashingizga yoki mehmon qilishingizga monelik qilmaydi. Buning sababini mahalliy aholi doimo ularga mehribonlik ko‘rsatishida, deb bilish mumkin.

Bolalarning ham hayvonlarga bolalikdan mehri oshishiga o‘sha erkatoy bo‘lib yurgan hayvonlarga yaratilgan muhit sabab bo‘lsa kerak. Qolaversa, bizdan farqli o‘laroq ota-onalar farzandlariga «hayvonga tegma, kasallik yuqadi» yoki «yaqinlashma, tishlab oladi» degan tanbehlarni bermaydi. Balki shu uchun ham u yerdagi bolajonlar ham hayvonlardan qo‘rqmas va mehribondir.

Ularning ko‘cha hayvonlari, ochig‘i, biz uyda boqadigan mushuk va itlardan tozaroq, sog‘lomroq va maxsus boqilgandek. U yerdagi oshxonalar hatto hayvonlar uchun ma’lum bir vaqtda ochiladi va jonivorlar ham xuddi o‘rgatilgandek bir paytda to‘planadi. Eng ajablanarlisi, ular odamlar qayerda gavjum bo‘lsa, o‘sha yerda hoziru nozir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring