Turkiya Fransiyaga «qora propaganda» yuzasidan xavotir bildirdi
Fransiyaning Anqaradagi elchisi Erve Magro (Herve Magro) Turkiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Suhbat chog‘i diplomatga Fransiyadagi ayrim hukumat mulozimlari va siyosatchilar tomonidan «Kurdiston ishchi partiyasi»ni (PKK) qo‘llovchi «qora propaganda» olib borilayotgani yuzasidan norozilik bildirilgan.
Rasmiy Anqara fransuz hukumatiga Parijdagi elchixona orqali ham o‘z xavotirini yetkazgan.
Gap shundaki, joriy yil 23 dekabr kuni 69 yoshli shaxs Parijning asosan kurd millatiga mansub aholi yashovchi dahasida ommani o‘qqa tutgani oqibatida uch kishi vafot etgan edi. Ushbu hodisa ortidan Parij ko‘chalarida norozilik namoyishlari va zo‘ravonliklar ro‘y bergan. Namoyish chog‘i PKKni targ‘ib qiluvchi shiorlar yangragan.
Turkiya tashqi siyosat mahkamasi PKK/PYD/YPG terror guruhi Parijdagi noxush hodisadan foydalanib, Turkiyaga qarshi targ‘ibot olib bormoqda va zo‘ravonlik g‘oyalarini tarqatishga urinmoqda deb hisoblaydi. Shunga ko‘ra, Anqara Parijdan terror guruhi tomonidan amalga oshirilgan zo‘ravonlik harakatlari chuqur taftish etilishi va «qora propaganda»ga chek qo‘yilishini so‘ragan.
PKK Turkiya va xorijda yuzlab begunoh inson hayotiga zomin bo‘lgan. Tuzilma AQSh, Yevropa Ittifoqi va Turkiyada terror tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan. Tashkilot rasman taqiqlangan bo‘lsa-da, uning a’zolari Yevropa davlatlarida faoliyat yuritishi aytiladi.
Boshboshdoqlik hukm surayotgan Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh kattagina hududini PYD (Demokratik ittifoq partiyasi), YPG (Xalq mudofaasi otryadlari) egallagan. Turkiya rahbariyati PKK tashkilotining qo‘sh qanoti sanalgan mazkur ikki guruh mamlakat va mintaqa tinchligiga tahdid solayotganini aytib keladi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 13 noyabr kuni Istanbulning Istiqlol ko‘chasida mudhish terakt sodir etildi. Portlash oqibatida 6 kishi vafot etdi, 81 kishi jarohatlandi.
14 noyabr kuni Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu bombani qoldirib ketgan shaxs politsiya tomonidan qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
IIVga ko‘ra, tergovda hujum izlari Suriyaga olib borishini ko‘rsatuvchi dalillar mavjud.
Turkiya prezidenti devoni rasmiy vakili Istanbuldagi terakt sabablarini ochiqlar ekan, Anqara bilan do‘stona munosabatlarga harakat qilayotgan barcha davlatlarni terrorchilar bilan har qanday shaklda aloqa qilishni to‘xtatishga chaqirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter