Turkiya elchisi: «Ota yurtda elchi bo‘lish men uchun sharaf» (video)
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali O‘zbekistondagi xorijiy davlatlarning elchilari bilan suhbatlarini davom ettiradi. Galdagi mehmon Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Olgan Bekar bo‘ldi.
— Assalom alaykum, janob elchi. Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlanganingizga uzoq vaqt bo‘lmadi. Mana shu davrgacha, aynan sizning elchilik missiyangiz boshlangan kungacha ham ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy, siyosiy va ta’lim jihatdan aloqalarimiz bor edi va siz bu hamkorlikni qay darajada baholagan bo‘lar edingiz?
— Savolingizga javob berishdan avval, bir narsani aytib o‘tishim joiz. Turk-o‘zbek xalqlari bitta oilaga mansub, qardoshlar. Bu juda muhim haqiqat. Buni hech qanaqasiga unutmaslik lozim. Ikki qardosh xalq sifatida bizlar bitta millat, madaniyat, din, til ildizlarining o‘tmishini o‘rtoqlashganmiz. Bir xalq, bir oilaning a’zolarimiz. Bir ildizli tarixga mansubligimiz bois bir-birimizga qanday baho berishimizni ballar bilan o‘lchash nojoiz. O‘rtamizdagi mavjud munosabatlarga alohida o‘rin berganmiz. Qardoshimiz bilan aloqalarimizga ballar bilan baho berish to‘g‘ri yondashuv emas, deb hisoblayman. Shuning uchun biz O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarga, ayniqsa, so‘nggi 4 yilda, mukammal deb baho beramiz. Munosabatlarning o‘tmishi emas, kelajagiga butun sa’y-harakatlarimizni yo‘naltirishga harakat qilyapmiz.
Munosabatlarni siyosiy, harbiy, iqtisodiy, madaniy deb ajratish mumkin, ayniqsa, keyingi yillarda muhtaram Prezident Mirziyoyev yetakchiligida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan islohotlar bilan parallel ravishda munosabatlarimiz har sohada jadallab bormoqda. Bunda g‘ayrat ko‘rsatishda davom etyapmiz.
Men bu yerga kelganimga 3 oy bo‘ldi, 1 mart kuni o‘z ishimni boshladim. Avvalo, shuni alohida aytib o‘tishim lozim: Turkiya elchisi, turk diplomati o‘laroq bizlarning, ya’ni turklarning «Ota yurt» deb ataganlari bu zaminda elchi bo‘lish men uchun buyuk sharaf. Kattadan-katta sharaf. Men kelganimda munosabatlar zotan mukammal darajada rivojlanayotgandi, ayniqsa, ikkala davlat rahbarlari o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar, o‘zaro do‘stlik va ishonch, bizlarning bu munosabatlarni poydevorini tashkil etmoqda. Yetakchilarimiz o‘rtasidagi bu munosabatga tayangan holda, ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklikni rivojlantirish yo‘lida shijoat ko‘rsatishda davom etyapmiz.
— O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi Turkiya bilan munosabatlarini shartli uch davrga bo‘lsa bo‘ladi. Birinchisi, 1991-2005 yillar: bu davrda qator hamkorlik aloqalari o‘rnatildi, turk ishbilarmonlari uchun respublikada keng imkoniyatlar yaratib berildi, madaniy va ta’lim yo‘nalishida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ikkinchisi 2005-2016 yillarni o‘z ichiga oladi va turg‘unlik davri sifatida baholanadi: bunda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar deyarli uzilib qoldi. Uchinchi davr, 2016 yili Samarqandda Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng boshlandi. Aynan shu vaqtdan boshlab aloqalarimiz yana o‘z kuchiga qayta boshladi. Shu uch davrning yutuq, xato va xulosalari qanday?
— Avvalo, yana boyagi gapni aytib o‘tishim lozim bo‘ladi. Turk va o‘zbek xalqlari bitta oilaning a’zolari. Uzoq mushtarak tarixiy o‘tmishga egamiz. Bu zamindan ko‘chib ketib Onado‘lida o‘rnashganmiz. 1991 yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishdi, muayyan chegaralarda o‘z mavjudligini davom ettirmoqda. Endi esa bunday uzoq o‘tmishga ega ikki xalq munosabatlariga keyingi 10 yil, 20 yildan qarash uncha to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki jahonda xalqlararo munosabatlarning poydevorlari uzoq asrlarga bo‘y cho‘zgan.
Bugungi Fransiya-Germaniya aloqalari, Rossiya-Turkiyani olaylik. Ularni davrlarga bo‘lsak, turli natijalar kelib chiqadi. Bu yerda muhimi munosabatlarimizning bugungi holati, ular kelib yetgan nuqta. Shunisi muhim. Biz 2016 yildan boshlab, siz ham aytib o‘tganingizdek, muhtaram Prezident Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi ortidan ikki yetakchi o‘rtasidagi munosabatlarda jiddiy ilg‘orlashga erishildi. Biz ham qardosh O‘zbekistonning siyosatiga mos ravishda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilmoqdamiz. Munosabatlarni 1992-2005, 2005-2016 yil davrlariga bo‘lish... Tabiiyki, biz avvalgi holatlardan saboq chiqaramiz.
Aqlimizning bir chekkasida doimo bularni yodda tutmoq kerak, lekin shuni aytib o‘tishim kerakki, siz sanab o‘tgan bu davrlardan buyon, misol uchun, O‘zbekistonda tadbirkorlik qilayotgan ko‘plab turk fuqarolari ham bor. Ular doimo rivojlanib bordilar. Bu yerdagi turk maktabimiz o‘z faoliyatini davom ettirib bordi. Tobora kengayib, o‘z faoliyatini davom ettirdi. Misol sifatida O‘zbekistonda keyingi 20 yilga kelib, to‘qimachilik sohasida o‘z faoliyatini yuritgan turk tadbirkorlarini keltirish mumkin. Ular bu 20 yil mobaynida biron muammosiz o‘z savdolarini yuritdilar, o‘zbekistonliklarning aholi bandligiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Jami 10 000 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlaganlar.
O‘zbekiston to‘qimachilik eksportining 3/1 qismini amalga oshirayapti. Bularni barchasi keyingi 4 yilda emas, avvaldan bu yerda bo‘lgan, o‘sha paytlardayoq o‘z bizneslarini tashkillashtirganlar. Tizim ichra o‘zbek fuqarosidek ishlab, o‘z faoliyatlarini yuritganlar. Muhimi, bizning bugun bu munosabatlarni rivojlantirishimiz, buning uchun sa’y-harakat qilishimizdir. Eng yirik muvaffaqiyatimiz esa bu bizning davlat rahbarlarimiz va ular yuritayotgan siyosatdir. Bu siyosat yo‘limizni yoritadi.
Shu asosda biz aloqalarimizni qator sohalarda chuqurlashtirish uchun harakat qilyapmiz. Keyingi 4 yilda ishonish qiyin bo‘lgan ishlar amalga oshirildi. Har sohada katta qadamlar tashlandi, mexanizmlar barpo etildi. Misol uchun bular orasida eng muhimi ikki davlat yetakchisi raisligida tuzilgan Strategik sheriklik oliy kengashini aytish mumkin. Bu kengash bir yilda bir marotaba yig‘iladi. Ikki tomonlama munosabatlarning hamma tomoni muhokama qilib olinadi va nimalar qilish kerakligi haqida qarorlar qabul qilinadi. Biz ikki tomonlama munosabatlarning istiqbolidan katta umidlarimiz bor, katta shijoat bilan shu umid sari harakat qilishda davom etyapmiz.
— Tan olib aytishimiz kerakki, O‘zbekiston va Turkiya, ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik imkoniyatlaridan biz to‘la foydalana olmadik. Bu davrda ko‘plab xatolarga ham yo‘l qo‘ydik. Bu xatolarni qayta takrorlamaslik uchun qanday yo‘l tutishimiz lozim?
֫— Agarda biz ikki tomonlama munosabatlarni har sohada rivojlantira olsak, har sohada muloqotlar sonini ko‘paytira olsak, o‘zaro manfaatlar muhofaza qilinib, yuqori natijalarga erishiladi. Buning uchun muloqot kerak. Ikki davlat o‘rtasida har saviyada: siyosatchilar, mulozimlar, madaniy-gumanitar soha vakillari, san’atkorlar, oddiy xalq vakillari deysizmi, barcha darajada muloqotni ko‘paytirish lozim. Hozir bularni amalga oshiryapmiz. Sal avval aytganimdek, Strategik sheriklik oliy kengashi doirasida ikki mamlakat yetakchilari, ikki davlatning vazirlari ikki tomonlama munosabatlarni har tomondan muhokama qiladi.
Shu bilan birga, vazirliklararo uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Misol uchun, hozir O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Turkiyada tashrif bilan bo‘ldi. Yana boshqa qator o‘zaro muloqotlar amalga oshadi. Bu esa bizlarga munosabatlarda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan anglashilmovchiliklarning oldini olishga imkoniyat yaratadi. Qanchalik ko‘p aloqalar mexanizmini barpo eta olsak, shunchalik ko‘p munosabatlarda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarni barvaqt ilg‘ashni, oldini olishni, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmasligimizni ta’minlay olamiz, deb o‘ylayman.
— Turkiya va O‘zbekiston, umuman, turkiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalar kuchayib bormoqda. Turkiy davlatlar bir-birlariga nima bera olishi mumkin? O‘zaro aloqalarda birlamchi jihat nima?
— Turkiy davlatlarning yetakchilari Turkiy Kengash ostida muntazam yig‘ilib turadilar. Bu kengash huzurida ham tashkilotlar bor, ya’ni ham turli xil idoralararo, ham parlamentlararo darajada munosabatlarni rivojlantirish uchun sa’y-harakat qilinmoqda. Bunda muhimi shuki, O‘zbekiston yoki Turkiya yoxud Ozarbayjon, Qozog‘iston har bir mustaqil turkiy mamlakat kuchayishi lozim. O‘zbekiston qanchalik kuchaysa, qanchalik taraqqiy etsa, farovonlashsa shunchalik xursand bo‘lamiz.
Bunda bir-birimizni ham xalqaro platformada qo‘llash, misol uchun BMTda, boshqa tashkilotlarda qo‘llab-quvvatlash, bir-birimizni himoyalash, agarda shuni amalga oshira olsak, zotan qardosh bo‘lish shartlarini xalqaro miqyosda o‘z o‘rniga keltirgan bo‘lamiz, buning uchun avvalo, o‘zaro munosabatlarimizni yuksak saviyalarga olib chiqishimiz lozim.
— Turkiyada ko‘plab o‘zbekistonlik muhojirlar mehnat qilishmoqda. Migratsiya masalasida yechimini kutayotgan qanday muammolar bor?
— Biz bundan juda xursandmiz. Ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro aloqalar rivojlangan sayin, ikkala davlatga tashrif buyuruvchi ham turk, ham o‘zbek fuqarolar soni ham ortib boraveradi. Hozir bizda (Turkiya nazarda tutilmoqda – tahrir) rasmiy raqamlar 60 000 atrofida, norasmiy raqamlarga ko‘ra esa 250 ming o‘zbek fuqarosi yashamoqda.
Bundan tashqari, turizm maqsadida borgan, Turkiyaga tadbirkorlik uchun borib, ish yuritayotgan o‘zbek fuqarolari ham ko‘p. U yerda korxona ochgan o‘zbeklar bor, shuningdek, O‘zbekistonga kelgan turk fuqarolari ham talaygina, deylik ishlash uchun, kichik korxonalar yuritayotgan va hokazo. Biz uchun bu o‘zgarishlar juda muhim. Biz bundan xursandmiz.
Faqatgina bularni nazorat ostida rivojlantirishimiz kerak, chunki migratsiya masalasi, siz ham ta’kidlab o‘tganingizdek, muhim. Migratsiya masalasi, Turkiyada ishlovchi o‘zbek fuqarolari, O‘zbekistonda ishlovchi turk fuqarolari kundalik hayotda duch kelishlari mumkin bo‘lgan muammolarni muhokama qilish uchun ikki tomonlama mexanizmlarga zarurat bor. Bular ham amalga oshirilayapti. Turk va o‘zbek aloqador tomonlarini uchrashtirib masalalarni ko‘tarishda davom etamiz.
Migratsiya masalasining shuningdek, xalqaro jihati ham bor. Xalqaro miqyosda ham Turkiya va O‘zbekiston birgalikda harakat qilishimiz, o‘z manfaatlarimiz yo‘lida siyosat yuritishga sa’y-harakat qilishimiz kerak bo‘ladi. Bu borada biz katta tajribaga egamiz.
Turkiya hozirda dunyo bo‘yicha eng ko‘p migrant qabul qilgan davlat mavqeiga ega. Xabaringiz bor, Suriya migrantlari Turkiyada. Jami 5 millionga yaqin inson Turkiyada migrant bo‘lib yashamoqda. Bu boy tajribamizni, albatta, o‘zbek qardoshlarimiz bilan baham ko‘rishimiz va ularning manfaatlari asosida turli siyosatlarni ishlab chiqishimiz lozim.
— Turkiya ta’lim, fan, texnika, innovatsiyalar, sog‘liqni saqlash hamda sayyohlik xizmatlarini ko‘rsatish borasida ulkan tajribaga ega. O‘zbekiston Turkiyadan qaysi sohalarda yanada ko‘proq narsalar o‘rganishi mumkin va Turkiya qaysi sohalarda bizga yordam bera oladi?
— Turkiya va O‘zbekiston bir-birini boyita oluvchi ikki mamlakatdir. Chunki bizlarning qator umumiy xususiyatlarimiz bor. Qanchalik bir-birimizni yaxshi tanisak, munosabatlarimizning mazmun-mohiyatini shunchalik boyitishimiz mumkin. Turkiyaning qator sohalarda tajribasi, uzoq o‘tmishi bor.
Turizm deysizmi, fan, qishloq xo‘jaligi, sanoat sohasidagi o‘z tajribalarini O‘zbekistonga yetkazishi lozim. Bu borada sa’y-harakatlarimiz ham yo‘q emas. Bu nafaqat ikki davlat o‘rtasida kadrlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun, Turizm vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi turkiyalik maslahatchilarni tayinlangan. Qishloq xo‘jaligi va O‘rmon xo‘jaligi sohalarida ham turk maslahatchilari bor. Bundan tashqari, O‘zbekiston idoralarining o‘zlari ham Turkiyadan mutaxassislarni yollashayapti, taklif qilishyapti. Shu tariqa Turkiyaning tajribalaridan mana shu aytib o‘tilgan sohalarda foydalanilyapti.
To‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mutaxassislariga O‘zbekistonda ehtiyoj bor. Qurilish sohasi ham bundan mustasno emas. Toshkent ham keyingi 4-5 yilda yiriklashib bormoqda. Bu sohalardagi mavjud ijobiy tajribalarimizni O‘zbekiston bilan baham ko‘rishimiz, ularga xizmat yo‘lida foydalanishimiz kerak. Bu borada sa’y-harakatlarimiz davom etmoqda.
— Turkiya deganda, ko‘z oldimizga turizm keladi. Istanbul, Anqara, Qora dengiz bizning Turkiya haqidagi tasavvurimizni shakllantirgan va aksariyat o‘zbekistonliklar Turkiya deganda shu joylarni tushunadi. Umuman olganda Turkiya-O‘zbekiston turizm sohasida qanday loyihalar ko‘zda tutilmoqda.
— Ha, turizm mavzusi ham Turkiya, ham O‘zbekiston uchun katta ahamiyatga ega. Ikkala davlat hamkorlik qilishi lozim bo‘lgan muhim tarmoq. Uzoq yillardan buyon Turkiya turizm sohasida jahonda ilg‘or davlatlardan orasidan o‘rin olib kelmoqda. Bu borada katta tajribaga egamiz.
Turizm Turkiya iqtisodiyoti uchun muhim daromad manbai. Infratuzilma sarmoyalari, turizm tarmog‘ini qanday qilib yanada rivojlantirish mumkin, bu masalalarda katta tajribaga egamiz. Bu jihatdan o‘zbekistonlik mutasaddilarga ko‘mak beryapmiz, fikr-mulohazalarimizni yetkazyapmiz.
Turizm sohasida muhtaram Prezident Mirziyoyev yetakchiligida O‘zbekistonda katta ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, 2016 yildan so‘ng 2017-2019 yillarda O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni juda ortdi. 2017 yilda – 2,5 milliondan, 2019 yilda – 6,5 million sayyohlarni kutib oldingiz.
Har yili sayyohlar soni deyarli bir barobardan o‘sib borganini kuzatishimiz mumkin. Bu to‘lig‘icha bir istiqbol. Istiqbolning poydevori esa muhtaram Mirziyoyevning turizm sohasida amalga oshirgan islohotlari. Islohotlar, qonunlar, loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Infratuzilmani takomillashtirishga harakat qilinmoqda.
O‘zbekistonning salohiyati baland. Buxoro, Samarqand, Xivani Turkiyada hammaning ko‘rgisi keladi. Bizlar tomonimizdan «ota yurt» deb nomlanuvchi zamin, haqiqatdan juda chiroyli shaharlardir. Mening o‘zim borib u yerlarni aylandim, hali ham davom etyapman. Bir marta ko‘rish bilan kifoyalanib bo‘lmaydi.
Ziyorat turizmi jihatidan ham muhim. Ham tarixiy turizm, ham ziyorat turizmi. Naqshbandiy maqbarasi Buxoroda... Turkiyaliklarning ko‘pi ham o‘tmishni ko‘rish, ham diniy nuqtai-nazardan ziyoratlar qilish, shu bilan birga, madaniyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni hohlaydi. O‘zbekistonning taomlari ham bizda mashhur va yoqimli. O‘zbek taomlarini tatib ko‘rish uchun Turkiyadan kelishadi.
Xuddi shunday Turkiyaga ketayotgan o‘zbek fuqarolarining soni ham kun sayin ortib bormoqda. 2019 yil, pandemiyadan avval, 250 ming atrofida o‘zbek fuqarolari turizm bo‘yicha mamlakatimizga tashrif buyurdi. Afsuski, pandemiya butun dunyoga, ayniqsa, turizm sohasiga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.
Nasib bo‘lsa, bu yil pandemiya yaratgan shart-sharoitini bartaraf etishda davom etamiz. Misol uchun biz pandemiya sharoitida «Xavfsiz turizm» shiorini ishlab chiqdik, uning konsepsiyasini bu yerda ham joriy etilishiga ko‘maklashdik. O‘zbekiston turizm sohasida ham o‘z mintaqasida, ham dunyo miqyosida integratsiyalashish uchun qattiq harakat qilyapti. Buning yaqqol dalillaridan bittasi tobora ko‘payayotgan parvozlardir. Misol uchun avval faqatgina Toshkent-Istanbul parvozlari bo‘lgan bo‘lsa, hozir Farg‘onadan, Samarqanddan parvozlar bor. Urganchdan ham reyslar boshlandi. Ya’ni, biz muhim deb o‘ylagan barcha yo‘nalishlardan mamlakatimizga parvoz qo‘ydik. Bu ham mamlakatlararo borib-kelishni qulaylashtiradi, buni katta o‘zgarish, oldinga qadam deb atash mumkin.
Pandemiya ta’siri kamayib borgani sari, ham O‘zbekistonning turizm salohiyatidan yaxshi foydalaniladi, ham ikki davlat o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik rivojlanadi, deb aytsam bo‘ladi.
— Pandemiyaning Turkiya uchun salbiy va ijobiy oqibatlari qay darajada bo‘ldi? Uni yengish uchun qanday choralar ko‘rilyapti? O‘zbekistonda biz qaysi jihatlarini qo‘llasak bo‘ladi?
— Pandemiya — bashariyat boshiga Ikkinchi Jahon urushidan keyin tushgan eng katta falokat. Pandemiya faqatgina Turkiyaga yoki O‘zbekistonga ta’sir o‘tkazmadi, butun mamlakatlarga, xalqlarga, mintaqalarga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Iqtisodiyotlarni murakkab vaziyatga keltirib qo‘ydi.
Turizmni, transportni, odamlarning kundalik turmushda yuz keluvchi barcha sohalarni o‘z nazorati ostiga oldi, albatta, bu katta falokat, uning qarshisida mamlakatlar chora-tadbir ko‘rishni boshladi. Turkiya haqida gapiradigan bo‘lsam, Turkiyada mustahkam Sog‘liqni saqlash tizimi mavjud. Shifoxona infratuzilmalarimiz juda rivojlangani uchun, pandemiya ta’sirlarini hech bo‘lmasa shifoxonalarda ushlab qola oldik. Vaqt o‘tishi bilan pandemiyaga qarshi kurash choralarini ishlab chiqdik. Vaksina masalasida hamkorlik qilishimiz lozim. Pandemiya boshlarida Turkiya O‘zbekistonga kasallikka qarshi kurash uchun turli yordamlar yubordi.
O‘zbekiston ham keyinroq Turkiyaga yordamlar yubordi. O‘zbekistonda esa o‘z vaqtida muhtaram Prezident tomonidan tezkor choralar ko‘rildi. Ana shu choralar yordamida men Toshkentda pandemiyadan umuman xavotirda emasman. Kafelar, restoranlar ochiq, hamma bilan uchrashishingiz mumkin, taom yeyishingiz mumkin, jahonning boshqa davlatlaridan farqli o‘laroq, bu ham ko‘rilgan choralarning naqadar ta’sirchanligini namoyish etmoqda.
— Janob elchi, sizni kitobxon diplomat, deb eshitganmiz. Hozir qanday kitoblar o‘qiyapsiz va eng yaxshi ko‘rgan kitobingiz qaysi?
— Kitob o‘qish zarur. Nafaqat diplomat sifatida, inson sifatida ham, insoniyatni, tarixni tushunish, mavjud munosabatlarni tushunish uchun ham, o‘z ustimizda ishlash uchun ham kitob o‘qish zarur. Menda bu odat. Odatni tark etmaslik uchun doim harakat qilaman.
Bu yerga kelishdan avval, Hamid Ziyoyevning Turkistonda rus hokimiyatiga qarshi kurash haqidagi kitobini o‘qigandim. Bu kitob 2012-2013 yillarda Turkiyada tarjima qilingandi. Keng qamrovli, juda yaxshi kitob. XIX asrda ruslarning O‘rta Osiyoga, Turkistonga qanday qilib yurib borganini, Turkiston xonliklarining ruslarga qarshi qanday qilib kurash olib borganlarini arxiv xujjatlariga asoslanib yoritib beruvchi, muhim tadqiqot. Juda ko‘p foydalandim. Yuriy Malikovning kitobi ham bor. «Modern Central Asia» nomli. Shu kitobni mutolaa qilishni boshladim. Tarixni bilish kerak. Uni bilmay turib kelajakka qarab bo‘lmaydi. Bizning kasbda bizdan avval ishlagan kattalarimizdan Hasan Gyoushning (o‘z vaqtida TIV vazir o‘rinbosari bo‘lgan) «Murakkab poytaxtlarda diplomatiya» nomli kitobi bor. Uni ham o‘qib chiqdim. Xotiralarga, tarixlarga asoslangan kitoblarni muttasil o‘qib boraman.
— Bugungi suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun minnatdormiz.
— Sog‘ bo‘ling, e’tiboringiz uchun rahmat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter