Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar assotsiatsiyasi tuzildi
2022-yilning 12-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaning Bursa shahrida tashkil etilgan Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar assotsiatsiyasini tuzish bo‘yicha ta’sis kengashida ishtirok etishdi.
Xabarga ko‘ra, yig‘ilish ishtirokchilari turkiy tilli davlatlar aloqalari har sohada rivojlanib borayotganini, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar hamkorligini ham yangi bosqichga olib chiqilishi qardosh xalqlar manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidlashgan. Bu tuzilma o‘zaro tajriba almashish, malaka oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirishda platforma vazifasini bajaradi, deyishdi delegatsiyalar vakillari.
Muhokamalardan so‘ng, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston Ombudsmanlari va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlar assotsiatsiyasini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolangan.
Assotsiatsiyaga asos solinishi tarixiy qaror bo‘lib, turkiy tilli davlatlarning hamjihatligi va izchil taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter