Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiy davlatlarning o‘z ijtimoiy tarmog‘ini yaratish taklif qilindi

Turkiy davlatlarning o‘z ijtimoiy tarmog‘ini yaratish taklif qilindi

Turkiy dunyo mamlakatlari mavjud ijtimoiy tarmoqlarga muqobil ravishda o‘z ijtimoiy platformasini yaratishi vaqti keldi, deydi Anadolu axborot agentligi muharriri Yahyo Bostan. Istanbulda 27 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy dunyo sharhlovchilari simpoziumida chiqish qilishgan taniqli jurnalist «darsliklarga kiritishga arzigulik» axborot xuruji holati haqida ham hikoya qildi, deb xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri. 

«Raqamli texnologiyalar kuchayib,  ijtimoiy tarmoqlar nufuzi ortishi bilan an’anaviy matbuot o‘z maqomini boy berdi. Albatta, bu holdan fojia yasamagan ma’qul. Negaki, har bir xotima xayrli ibtidoni ham anglatadi. Ijtimoiy tarmoqlar insoniyat va xususan, ommaviy axborot vositalari koriga yaragani shubhasiz. Ayni choqda,  tanganing orqa tomoniga boqqan holda, ijtimoiy platformalarning salbiy jihatlarini e’tibordan qochirmaslik kerak. Eng xatarli jihati, onlayn platformalar  haqiqat yuziga parda tortib, kompromat va dezinformatsiyaga keng yo‘l ochdi», – deydi Anadolu axborot agentligi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Yahyo Bostan. 

Notiq bu borada bir qator misollarni keltirdi. Ma’lumki, joriy yil 6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqiy muzofotlarida kuchli zilzilalar ro‘y berdi. Og‘ir sinov kunlarida jamiyat yana bir karra soxta axborot to‘lqiniga duch keldi.

«Asr falokati» deb atalgan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish payti dezinformatsiya xuruji kuchaydi. Masalan, Hatay muzofotida kuzatilgan holatni darsliklarga ham kiritish mumkin. Zilzilaning ilk kunlarida ulkan sinovga ro‘baro‘ kelgan odamlar o‘zini yo‘qotib qo‘ygani sir emas. O‘sha kunlarda Hataydagi suv ombori to‘g‘oni vayron bo‘lgani va toshqin yuzaga kelishi haqida mish-mish tarqaldi. Odamlar jon talvasasida hududni tark etishga tushdi. Birgina soxta xabarning tarqalishi o‘nlab salbiy holatlarga olib keldi. Bu esa haqiqatdan yolg‘onni ajratish borasida matbuotning mas’uliyati yanada ortganidan dalolat beradi», – deydi Yahyo Bostan.

Qayd etilishicha, bugungi kunda dunyo bo‘yicha odamlar kuniga o‘rtacha 6 soatu 37 daqiqa vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazmoqda. Demak, an’anaviy jurnalistika ham ijtimoiy platformalar imkoniyatlaridan unumli foydalanishi lozim.

«Bizning davrga kelib muxbir kasbining ahamiyati pasaydi, fuqaroviy jurnalistika shakllandi. Qo‘lida uyali aloqa vositasi bor zamondoshimiz go‘yo jurnalistga aylandi. Ammo har qanday holatda ham yuqori kasb mezonlariga tayangan jurnalistikaning ahamiyati yo‘qolmasligiga ishonaman. Ayni choqda, turkiy davlatlar ham global ijtimoiy platformalarga muqobil ravishda o‘z ijtimoiy tarmog‘ini yaratishi davr talabidir», – deb xulosa qildi Anadolu axborot agentligi vakili.

Avval xabar berganimizdek, simpoziumda nutq so‘zlagan Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi matbuot va teleradio bo‘limi rahbari, doktor O‘g‘uz Gyoksu raqamli diktatura, raqamli fashizm va dezinformatsiya jahon mamlakatlari, xususan, turkiy dunyo o‘lkalarining mustaqilligi va taraqqiyotiga xavf solayotganidan ogohlantirgan edi. Unga ko‘ra, ko‘p millionlab foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotiga egalik qilayotgan yirik texnologik shirkatlar ularni o‘z manfaati yo‘lida tasarruf etishga urinmoqda. Bu esa raqamli diktatura deb atalgan yangi bir fenomonni yuzaga keltirdi.

Anjuman davomida turkiy dunyo manfaatlarini himoya qiluvchi media loyihalarni yanada kuchaytirish, turkiy olamning ovozi global miqyosda baralla yangrashi yo‘lida hamkorlik qilish muhimligi bot-bot ta’kidlandi.

Istanbulda o‘tgan Turkiy dunyo sharhlovchilari simpoziumida Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Shimoliy Kipr, Vengriya qatorida O‘zbekiston vakillari ham qatnashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring