Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiy davlatlar muftiylari tarixiy hujjatni imzoladi

Turkiy davlatlar muftiylari tarixiy hujjatni imzoladi

20-oktyabr kuni Ozarbayjonning Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy tashkilotlari rahbarlari kengashining nizomi imzolandi. Bu haqda xabar bergan O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati nizomni «tarixiy hujjat» deb atagan.

Marosimda turkiy davlatlar diniy yetakchilari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zboy hoji Tag‘anuli, Turkmaniston muftiysi Yalqob hoji Xo‘jakeldiyev va Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Bag‘dod Amreyev ishtirok etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘z nutqida yangi imzolangan nizom turkiy xalqlar tinchligi va farovonligini mustahkamlash, mushtarak qadriyatlarni keng yoyish, o‘zaro tajriba almashish va turli sohalardagi aloqalarni yanada ravnaq topshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shusha shahridagi marosim turkiy dunyo ulamolari anjumanining mantiqiy davomi sanaladi. 19 oktyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylarining III yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.

Muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov safar davomida Ozarbayjon musulmonlari idorasi raisi Ollohshukur Poshozoda bilan ham uchrashdi, ikki davlat diniy idoralari o‘rtasida memorandum imzolandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring