Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tungi klub yonidagi pichoqbozlik tafsilotlari ma’lum qilindi

Tungi klub yonidagi pichoqbozlik tafsilotlari ma’lum qilindi

Arxiv foto

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi tungi klub yonida ommaviy janjallashuv oqibatida to‘rt kishi pichoqlangani, ulardan ikki nafari vafot etgani xabar qilingandi.

Toshkent shahar IIBB mazkur hodisa yuzasidan qo‘shimcha tafsilotlarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 20-sentyabr kuni ertalab soat 6:00 atrofida patrul-post xizmati xodimlariga Amir Temur ko‘chasidagi tungi klub yonida mushtlashuv yuz bergani haqida ma’lumot kelib tushgan. Xodimlar voqea joyiga yetib kelganida pichoq bilan yaralangan to‘rt nafar yigitdan biri – 18 yoshli A.G. voqea joyining o‘zida hayotdan ko‘z yumgani oydinlashgan. Uch nafar yigit shifoxonaga yetkazilgan. Shifoxonada janjalda ishtirok etganlardan yana biri – 23 yoshli D.S. ham hayotdan ko‘z yumgan. 21 yoshli A.A. va 28 yoshli A.T. ayni vaqtda shifoxonaga joylashtirilgan.

Kelishmovchilik ikki guruh yigitlari orasida kelib chiqqan. 8 kishidan iborat bo‘lgan birinchi guruh orasida ikki nafar qiz ham bo‘lgan va ularning hammasi Amir Temur ko‘chasida joylashgan tungi klub yonida bo‘lgan. 5 kishilik ikkinchi guruh ham o‘sha atrofda bo‘lgan.

«Qizlardan birining o‘z guruhidagi yigitga aytgan gapi boshqa guruhdagi yigitga xuddi unga aytilgandek tuyulgan. Shu sababli orada kelib chiqqan mojaro mushtlashuvga aylanib ketgan», – deyiladi xabarda.

Aniqlik kiritilishicha, mushtlashuv davomida ikkinchi guruh ishtirokchisi 23 yoshli S.X. pichoq chiqarib, tartibsiz ravishda zarba berishni boshlagan. Oqibatda to‘rt nafar yigit jabrlanib, ulardan ikki nafari vafot etgan.

Voqea joyiga yetib kelgan Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan 23 yoshli S.X., 18 yoshli S.K., 23 yoshli R.X. va yana bir necha kishi qo‘lga olinib, ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha jinoyat ish qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi tariqasida jinoiy ishga jalb qilingan S.X. qo‘lga olingan.

Ayni vaqtda kelishmovchilikning yana ikki nafar ishtirokchisi S.K. va R.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Mazkur shaxslar ham qo‘lga olingan.

Kelishmovchilikning boshqa ishtirokchilarini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani qayd etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring