Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tungi klub qotillarining ombudsmaniga ochiq xat

Tungi klub qotillarining ombudsmaniga ochiq xat

Kuni kecha «Gazeta.uz» internet nashrida jurnalist Nikita Makarenkoning «Ma’naviyat Toshkentni barbod qiladimi» sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. 

Ushbu maqolaga ko‘plab ziyolilar munosabat bildirmoqda, mulohaza va munozaralar aytilyapti. Xususan, tahririyatimizga pedagogika fanlari doktori, Respublika ma’aviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Muhammadjon Quronovning fikr-mulohazalari bildirilgan maktub kelib tushdi. Uni quyida e’tiboringizga havola etamiz.


«Salom, aziz vatandoshim Nikita!

«Ma’naviyat» Toshkentni barbod qiladi» maqolangiz zo‘r chiqibdi. Tabriklayman. Chunki unda ma’naviyat nima, degan savolga dunyodagi eng noto‘g‘ri javobni aytibsiz. Chunki odamning nimani qanday tushunishini uning ma’naviyati hal qiladi. Siz tarixda qolasiz. Tungi klub qotillarining ombudsmeni bo‘lib. Endi darsliklarga «Nikitaning ma’naviyati», degan tushunchalar kirsa, ajablanmang.

Nega shu maqolangizni 2018-yil 11-avgustgacha yozmadingiz? O‘shanda ham Siz «olabo‘ji», deb qo‘rqitayotgan ma’naviyat bor ediku!

Ozgina e’tiborli bo‘lganingizda ma’naviyatchilarning «tungi klublarni yopish muammo yechimi emas. Odamlarning ma’naviyatini yuksaltirish kerak», degan pozitsiyasini telekanal, ijtimoiy tarmoqlardan bilib olardingiz.

Tungi klub qotillarining ombudsmeni. Keling, g‘oyalaringiz kuchini bir sinab ko‘raylik. Ma’naviyat: Sizningcha ma’naviyat «Fuqarolar erkinligini cheklayapti». Lekin aslida ma’naviyat tungi klublardagi qotillarga qarshi kurashmayaptimi? Siz bilan mening hayotimiz, sog‘lig‘imizni himoya qilmayaptimi?

Sizningcha ma’naviyat «madaniy muhit, xavfsiz infratuzilma, liberal jamiyat, ijodkor, ishtiyoqmand odamlarga, ko‘ngilochar tadbirlar, do‘stona muhitga qarshi, debsiz. To‘g‘risini ayting. Yer yuzida biror sog‘ odam sizga qo‘shiladimi? Qo‘shilsa, siz himoya qilayotgan tungi klub qotillari qo‘shiladi.

Sizningcha, ma’naviyat «Jamiyat juda og‘riqli qabul qiladigan» narsa. Aytingchi, «Tungi klublar xavfsiz bo‘lsin. Odamlar aqlini ichib, hayvon bo‘lib, bir-birini o‘ldirmasin», degan pozitsiya qanday jamiyatga og‘riq beradi? O‘zi Siz qanday jamiyatning a’zosisiz?!

Hurmatli Nikita. Yaxshi bilasiz, buyuk ma’naviyatchi Ioann Zlatoust «Yovuzlik va qonunsiz hayot qalblarni o‘ldiradi» degan edi. Keling, qalblarimiz o‘lmasin. Birgalashib, tungi klublardan ma’naviyatni emas, yovuzlikni, qonunsizlikni haydab chiqaraylik.

Nima deysiz?

Muhammadjon Quronov»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring