Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tunda miltiq ko‘tarib yurgan «itotarlar» 15 sutkaga «ketdi»

Tunda miltiq ko‘tarib yurgan «itotarlar» 15 sutkaga «ketdi»

15 aprel kuni Yangiyo‘l shahar Navro‘z dahasidagi 4-uy oldida 3 nafar shaxs «daydi itlarni otish» vaji bilan tunda qurol ko‘tarib yurganiga oid xabar tarqalgandi.

Shu kuniyoq «itquvarlar»ning iziga tushgan Toshkent viloyati IIBB JQB va Yangiyo‘l shahar IIB JQB xodimlari ularning shaxsini aniqlaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yangiyo‘l shahar Navro‘z dahasida yashovchi D. Salimov (1976 yilda tug‘ilgan), A. Hamroqulov (1982 yilda tug‘ilgan) va A. Karimov (1983 yilda tug‘ilgan) 2020 yil 14 aprel kuni soat 21:00da karantinli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzib, Navro‘z dahasi hududida sport pnevmatik miltig‘i bilan go‘yoki «it ovlab» yurishgan ekan.

Yangiyo‘l tumani IIB tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruvlar natijasida nomi qayd etilgan shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid hujjatlar rasmiylashtirildi.

Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, uchchovlonning «ishi» kuni kecha Yangiyo‘l shahar ma’muriy sudida ko‘rib chiqilib, ularning har biriga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Shuningdek, sud qarorida huquqbuzarlardan maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘lik xarajatlarni (sutkasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida) undirish hamda ashyoviy dalil sifatida olingan ikki dona «HATSAN STRIKER» nomli sport pnevmatik miltiqlari yo‘q qilinishi ham belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring