Tuman IIB tezkor vakili jinoyatni ochish o‘rniga «yopib» tashladi... Keyin-chi?

Qibraydagi dalahovlisidan xabar olgani borgan Baxtiyor Egamqulov (maqoladagi barcha ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bu yerda o‘g‘irlik bo‘lganini darhol ilg‘adi. Kimdir ancha-muncha qurilish ashyolarini «supurib» ketibdi. O‘g‘irlangan narsalar qo‘ltiqqa tiqib ketaveradigan matohlar emasdiki, jinoyatchi buni qanday uddalaganiga hayronsan. Nahot yon-atrofdagi hech kim ko‘rmagan yoki sezmagan bo‘lsa? Ajab... Mayli, jingina ursin, bo‘lar ish bo‘pti: o‘g‘rining mahoratidan fol ochguncha uni ushlash choralarini ko‘rgan ma’qul. Bunaqa kimsalar shoxida yursa, bizning jonajon militsiyamiz bargida yuradi. «Bir» deganda tumshug‘idan ilvolish cho‘t bo‘ptimi ularga?!
Baxtiyor Egamqulov shu o‘ylar asnosida mahalla profilaktika inspektoriga uchradi. Inspektor voqea joyiga keldi, o‘g‘ri urgan uy, yon-atrofga sinchiklab qarab, nimalarnidir cho‘tlab-chamalagan bo‘ldi. Pirovardida aytdiki, topamiz u yaramasni, siz ketavering, kerak bo‘lsangiz, o‘zimiz xabar beramiz...
Biroq inspektordan xabar bo‘lavermagach, jabrlanuvchi Qibray tuman IIBga murojaat qildi. Uning arizasini qonuniy hal etish tuman IIB jinoyat-qidiruv bo‘linmasi tezkor vakili Ilhom To‘xtasinov chekiga tushdi. Tezkor vakil jabrlanuvchini chaqirdi, voqeani obdan so‘radi, pirovardida u ham aytdiki, o‘g‘rini albatta topamiz, siz ketavering, kerak bo‘lsangiz...
Kunlar haftalarga, haftalar oylarga ulandiki, tuman IIBdan mujda kelsa qani?! Tezkor vakildan darak bo‘lavermagach, toqati toq bo‘lgan jabrlanuvchi tuman prokuroriga arz qildi. O‘tayotgan vaqt qorlar yog‘ib, izlar bosilishiga xizmat qilmoqda axir?!
Ishga prokuratura aralashgach, o‘g‘irlik fakti bo‘yicha jinoyat ishi ochilmagani, aksincha, allaqachon «yopilgani» oshkor bo‘lib qoldi!
Qanday?
Mana bunday: tuman IIB JQB tezkor vakili o‘g‘rini qidirib, riyozat chekib o‘tirmabdi. Shartta jabrlanuvchi nomidan o‘zi (!) IIB boshlig‘iga tushuntirish xati va qarshi ariza yozib, unda go‘yoki voqea yuzasidan «anglashilmovchilik» ro‘y bergani, o‘g‘irlangan narsalar ko‘pam ahamiyatli emasligini bildirib, avvalgi arizasini oqibatsiz qoldirishni so‘rabdi?! Va shu asosda jinoyatni yopib tashlabdi!.. Shu tariqa o‘g‘irlikni «to‘g‘rilabdi» go‘yo...
Albatta, tezkor vakilining «ijodi» fosh bo‘lmay qolmadi. Naqd jinoyatni ochmagani bois uning o‘ziga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Va Jinoyat kodeksining bir emas, uchta moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortildi.
Nega ayblov uchta, qilmish bitta-ku dersiz? Bir qaraganda shunday, biroq mansabdor shaxs sodir etgan bitta jinoyat o‘z-o‘zidan kamida ikkita moddani ham yetaklab keladi. Chunki, u – mansabdor! Mana, tezkor vakil Ilhom To‘xtasinov, u hokimiyat vakili, mansabdor shaxs hisoblanadi. O‘zini rostanam «katta» hisoblab yuradi chog‘i, o‘g‘irlik kabi mayda jinoyat bilan «pachakilashgisi kelmay» uni hisobga olmay qo‘yaqoldi (JKning 2411-moddasi). Buning uchun esa mansab vakolati doirasidan chetga chiqib (206-modda), jabrlanuvchi nomidan tushuntirish xati va ariza yozdi hamda shu soxtalik asosida (JKning 209-moddasi) «ishni yopib» tashladi. Shunaqa, oddiy fuqaro bilan mansabdor o‘rtasidagi farq nainki ularning yurish-turishi-yu qo‘lining uzun-kaltaligida, balki qilmishga beriladigan jazoda ham yaqqol namoyon bo‘ladi...
Jinoyatning muxtasar tafsiloti shu.
Darvoqe, o‘g‘ri qo‘lga tushdimi?
Bu endi alohida mavzu.
X.Xaliqov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudi sudyasi.
Tursunali Akbarov,
«Xabar.uz»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter