Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp, Si Szinpin va Putin Mustaqillik bayrami bilan Shavkat Mirziyoyevni qutladi

Tramp, Si Szinpin va Putin Mustaqillik bayrami bilan Shavkat Mirziyoyevni qutladi

Foto: O‘zA

Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda davlatimiz rahbariga muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga ravnaq va farovonlik tilab, ezgu istaklar izhor etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan, shaxsan o‘z nomimdan Sizga va do‘st O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklar bildirishga ijozat bergaysiz.

Men Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelmoqdaman, Siz bilan o‘rtamizdagi samarali ishchan va shaxsiy aloqalarni yuksak qadrlayman.

Siz bilan siyosiy o‘zaro ishonchni mustahkamlash, ikki mamlakat va xalqlar farovonligi uchun O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini uzluksiz va izchil rivojlantirishga erishish maqsadida «Bir makon, bir yo‘l» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishga birgalikda sa’y-harakat qilishga tayyorman.

Do‘st O‘zbekistonga taraqqiyot va kuch-qudrat, xalqingizga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Si SZINPIN,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Milliy bayram – O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Mamlakatingiz iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot borasida g‘oyat salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston haqli ravishda dunyo maydonida yuksak nufuzga ega bo‘lib bormoqda, mintaqaviy va xalqaro masalalarda konstruktiv rol o‘ynamoqda.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi azaliy an’anaviy do‘stlik, o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar barcha sohalarda izchil rivojlanayotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlayman.

Ishonchim komilki, biz bundan keyin ham xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashda davom etamiz.

Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, chin yurakdan sihat-salomatlik va muvaffaqiyatlar, barcha yurtdoshlaringizga farovonlik va taraqqiyot tilayman.

Ehtirom ila,

Vladimir PUTIN,

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Sizni va O‘zbekiston xalqini Amerika xalqi nomidan 1 sentyabr –mamlakatingiz mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan tabriklayman.

Sizning Oq uyga tashrifingizni yodga olib, mamlakatlarimiz o‘rtasida so‘nggi yillarda mustahkamlanib borayotgan strategik muloqotlarni yuqori baholashimni ta’kidlashni istar edim.

Shuningdek, Sizning O‘zbekiston ahliga xizmat qiluvchi yanada mustahkam, shaffof va mas’uliyatli tashkilotlar yaratish orqali mamlakat kelajagiga sodiqligingizni qadrlayman.

Sizning muvaffaqiyatli yutuqlaringizda sherik bo‘lishdan g‘ururlanamiz.

Sizga va O‘zbekiston xalqiga kelgusi yillar barqaror va samarali bo‘lishini tilayman. Yanada yaqinroq hamkorlikni qizg‘in kutib qolaman.

Hurmat bilan,

Donald TRAMP,

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti

* * *

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring