Tramp Putindan so‘ng Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qildi: tafsilotlar

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qildi.
Suhbat taxminan bir soat davom etdi.
Keyinroq AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Ukraina rahbari bilan “juda yaxshi” telefon suhbati o‘tkazgani haqida yozdi. “Muhokamalarning katta qismi Rossiya va Ukrainaning so‘rov va ehtiyojlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha prezident Putin bilan kechagi suhbatga asoslandi”, — deb yozadi u.
Tramp shuningdek, davlat kotibi Marko Rubio va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolsdan suhbatning batafsil tavsifini taqdim etishni so‘rashini va u yaqin orada e’lon qilinishini qo‘shimcha qildi.
Bir kun avval Tramp Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashgandi. Davlat rahbarlari mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni, shuningdek, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatish bo‘yicha vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi shartlarini muhokama qildi. Jumladan, 30 kun davomida energetika inshootlariga zarba bermaslikka kelishildi. Ammo Vladimir Zelenskiy Rossiya mazkur kelishuvni buzayotganini iddao qildi.
Britaniya ommaviy axborot vositalari Tramp-Putin suhbatini so‘nggi paytlarda sayyoradagi eng muhimlaridan biri deb atadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter