Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Kapitoliy hujumiga aloqador deb topildi, ammo uning saylovda ishtiroki taqiqlanmadi

Tramp Kapitoliy hujumiga aloqador deb topildi, ammo uning saylovda ishtiroki taqiqlanmadi

Foto: «BBC»

Kolorado shtati sudyasi AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp 2021-yil 6-yanvarda o‘z tarafdorlarining Kapitoliyga bostirib kirishiga aloqador ekanini tan olgan. Shunga qaramay, uning prezidentlikka nomzodini qo‘yishi taqiqlanmagan, deb yozadi Associated Press.

Sudya Sara Uolles Tramp Kapitoliyga qilingan hujumda ishtirok etgan degan xulosaga keldi. U sobiq prezident advokatlarining «Tramp shunchaki so‘z erkinligi huquqidan foydalangani» haqidagi dalillarini rad etgan.

Shu bilan birga, u Trampning prezidentlikka da’vogarlik qilish huquqiga ega ekanini tan oldi. Chunki Konstitutsiyadagi qo‘zg‘olonda ishtirok etganlarning hukumatda xizmat qilishini taqiqlovchi band «prezidentga taalluqli yoki yo‘qligi ekani aniq emas».

Trampga qarshi da’vo arizasi bilan chiqqan saylovchilar guruhi ushbu qaror ustidan Kolorado oliy sudiga shikoyat qilishni rejalashtirmoqda.

Bu so‘nggi haftada Trampning prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkinligi haqidagi uchinchi sud qarori hisoblanadi. Avvalroq, Michigan va Minnesota shtati sudyalari ham Trampga saylovda qatnashishni taqiqlamagandi.

2021-yil 6-yanvarda prezidentlik saylovi natijalaridan norozi bo‘lgan Tramp tarafdorlari Vashingtonda Kapitoliyga bostirib kirdi. Saylovda demokrat Jozef Bayden g‘alaba qozongan edi.

Namoyishlar politsiya bilan keng ko‘lamli to‘qnashuvlarga olib keldi. Huquq tartibot idoralari isyonga Donald Tramp chaqiriqlari sabab bo‘lgan deb hisobladi va uning ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu boradagi sud mahkamasi 2024-yilda o‘tkaziladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring