Toyota zavodlari birdan to‘xtab qoldi
Yaponiyadagi barcha Toyota zavodlari tizimdagi muammo tufayli ishlamay qoldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, nosozlik Toyota global ishlab chiqarishining qariyb uchdan bir qismiga ta’sir ko‘rsatgan.
Yaponiyadagi barcha Toyota yig‘ish zavodlari 29 avgust kuni tushdan keyin ishini butunlay to‘xtatadi, deb yozadi Business Today. Muammoning sababi — ishlab chiqarish tizimidagi nosozlik.
Kompaniya vakilining dastlabki bayonotiga ko‘ra, «nosozlik kiberhujum bilan bog‘liq emas». Muammo shundaki, nosozliklar tufayli kerakli ehtiyot qismlariga buyurtma berish imkoni bo‘lmayapti.
Yaponiyadagi 14 ta Toyota zavodidan 12 tasi 29 avgust kuni ertalab ishlamay qolgan. Qolgan ikkitasi birinchi smena tugaguncha ishlashda davom etgan. To‘xtab qolishdan ko‘rilgan zarar miqdori hozircha ma’lum emas. Toyota’ning Yaponiyadagi zavodlarida bir kunda o‘rtacha 13,5 mingga yaqin avtomobil yig‘iladi.
«Yaponiyadagi 14 zavod Toyota global ishlab chiqarishining qariyb uchdan bir qismini tashkil qiladi. Kompaniya savdo hajmi bo‘yicha dunyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi hisoblanadi», — deya qayd etadi Business Today.
O‘tgan yili Toyota zavodlarida ishlab chiqarish kiberhujum tufayli bir kunga to‘xtatilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter