Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«To‘ylar va marosimlarni qat’iy tartibga solish vaqti keldi». Komissiya o‘zining birinchi majlisini o‘tkazdi

«To‘ylar va marosimlarni qat’iy tartibga solish vaqti keldi». Komissiya o‘zining birinchi majlisini o‘tkazdi

Kecha, 20-sentyabr kuni Oliy Majlis Senatida To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining birinchi majlisi o‘tkazildi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining «To‘ylar, oilaviy  tantanalar,  ma’raka  va  marosimlar  o‘tkazilishini  tartibga  solish  tizimini  yanada  takomillashtirish  to‘g‘risida»gi qo‘shma qarorining ijrosini ta’minlash yuzasidan hududlarda olib boriladigan targ‘ibot tadbirlarini  tashkil etish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Majlisda to‘ylar va oilaviy marosimlarni qat’iy tartibga solish vaqti kelganligi alohida qayd etildi.

Qo‘shma qarorning ijrosini ta’minlash haqida so‘z yuritilar ekan, majlisda avvalo «To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi nizom talablaridan kelib chiqib, qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, tegishli javobgarlikni belgilash, bu borada zarur normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish lozimligi aytib o‘tildi. Ushbu Nizom talablari ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhimligi qayd etilib, o‘rnatilgan tartib buzilishi holatlarini mahalliy Kengash sessiyasilariga kiritish va uning muhokamasini tashkil qilib borish taklif etildi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari ishtirokida jamoatchilik nazoratini olib borish lozimligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, majlisda oilaviy tantana va marosimlarda pullik avtotransport xizmati ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalashning alohida tartibini ishlab chiqish, ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining faoliyatini tashkil etish, fuqarolar yig‘ini raislarining bu boradagi faolligini oshirish masalalari ham muhokama etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring