Toshkentning 12 darvozasi va qal’a devori xaritasi (foto)
Toshkent shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti direktori o‘rinbosari Kamoliddin Fayzullayev eski shahar qal’asining 12 darvozasi va O‘rdaning joylashgan o‘rni qidirilayotganligi haqida avval gapirib bergan edi. Ushbu maqolada muallif mazkur ob’yektlar joylashgan o‘rnining bugungi kunda mavjud oriyentirlarga nisbatan joylashuvi haqida batafsil so‘zlab beradi. Poytaxtning qadimiy xaritalari va yuqorida sanab o‘tilgan ob’yektlarning bugungi kundagi joy holatiga nisbatan joylashishi bilan Toshkent hokimligi tomonidan ishga tushirilgan interaktiv platformada tanishish mumkin.
Mazkur ob’yektlarning aniq joylashuvini kartografik arxiv materiallarini bugungi kundagi joyga geografik bog‘lash orqali aniqlash imkoni bo‘ldi. Buning uchun biz 1866-1872, 1890, 1912, 1977 va 2019-yillarda yaratilgan xaritalardan foydalandik.
Eski shahar qal’asining devori va 12 darvozasi hamda O‘rdaning tarixini ishtiyoq bilan o‘rganishingiz uchun Toshkent shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti his.tashkent.uz interaktiv platformasida bir yarim asrga taalluqli xaritalarni joylashtirdi.
Maqola so‘nggida faylga havola topasiz. Mazkur faylning formati eski shahar qal’asining devori va 12 darvozasi hamda O‘rdaning joylashgan o‘rnini Google Earth (Google Planeta Zemlya) geoaxborot tizimida batafsil o‘rganish imkoniyatini yaratadi.
KMZ formatidagi faylni Google Earth ilovasi yuklangan uskunalarda ochish mumkin.
Windows, Mac, Linux operatsion tizimlar o‘rnatilgan kompyuterlar uchun Google Earth ilovasi;
Android uchun Google Earth ilovasi;
AppStore servisida Google Earth ilovasini bizning mintaqadan yuklab bo‘lmaydi. Google Earth ilovasini Iphone telefonlariga yuklash uchun telefon sozlamalarida mintaqani o‘zgartirish kerak – aks holda Google Earth ilovasi AppStore servisida ko‘rinmaydi.
1865-yilda Toshkent shahri 4 ta ma’muriy-hududiy birliklar – dahalardan iborat bo‘lgan: janubi-sharqda – Beshyog‘och, janubi-g‘arbda – Ko‘kcha, shimolda –Sebzor va sharqda Shayhontohur dahalari.
Toshkent shahri ma’muriy-hududiy birliklari maydonlari
Beshyog‘och |
441 ga |
Ko‘kcha |
341 ga |
Sebzor |
311 ga |
Shayhontohur |
624 ga |
Shaharning umumiy maydoni |
1717 ga |
Beshyog‘och darvozasi
Beshyog‘och darvozasi 1865-1866-yilgi podporuchik Kolesnikov xaritasida
Beshyog‘och darvozasi qadimiy Toshkentning janubida joylashgan edi. Podporuchik Kolesnikovning xaritasida (1a-rasm) sariq chiziq bilan Beshyog‘och darvozasiga olib boradigan yo‘llar ko‘rsatilgan. Ushbu ko‘chalarning geometriyasi 1890-yilga kelib ham deyarli o‘zgarmagan (1b-rasm).
Bugungi kunda esa, 2019-yilgi ortofotoplanda ko‘ringanidek (1v rasm), ushbu darvoza Beshyog‘och maydonida, Beshyog‘och ko‘chasi va Magic City ko‘ngilochar bog‘ining markaziy kirish joyi o‘rtasida joylashgan bo‘lar edi.
Bu va keyingi xaritalardagi yashil chiziq qal’a devori o‘rnini bildiradi.
Kamolon darvozasi
Kamolon darvozasi 1865-1866-yilgi podporuchik Kolesnikov xaritasida
Bugungi kunda Kamolon darvozasi (boshqa manbaalarga ko‘ra Tersariq, Qangli deb nomlangan) Shayhontohur tumanidagi Kamolon ko‘chasida Oftob va Qozirobod ko‘chalari oralig‘ida joylashgan bo‘lar edi.
Buni aniqlash uchun biz 1866 va 1890-yillar xaritalaridagi yo‘llar trayektoriyasini (sariq chiziq bilan belgilangan) 2019-yilgi ortofotoplan bilan solishtirdik.
Darvozalardan tashqari shahar qal’asida bir nechta o‘tish joylari, ya’ni teshiklar bo‘lgan. Shahar aholisi ulardan asosan qishloq xo‘jaligi ishlari mavsumida foydalanishgan. Mavsum yakunlanishi bilan yoki shahar xavfsizligiga tahdid bo‘lganda mazkur teshiklar yopib tashlangan. Shunday o‘tish joylaridan biri Beshyog‘och va Kamolon darvozalari orasida joylashgan.
Samarqand darvozasi
Samarqand darvozasi 1865-1866-yilgi podporuchik Kolesnikov xaritasida
Mashhur Samarqand darvozasi shaharning janubi-sharqiy qismida joylashgan edi. Bu darvozadan chiqadigan yo‘l Samarqandga olib borar edi – o‘sha yo‘l xaritada sariq chiziq bilan belgilangan.
Qadimiy xaritalarni va shaharning zamonaviy ortofotoplanlarini taqqoslash orqali bugungi kunda darvozalarning mavjud oriyentirlarga nisbatan joylashuvini aniqladik: darvoza Samarqand darvozasi ko‘chasida Termiz tor ko‘chasi va Kamolon ko‘chasi oralig‘ida joylashgan.
Ko‘kcha darvozasi
Ko‘kcha darvozasi 1865-1866-yilgi podporuchik Kolesnikov xaritasida
Shayx Zayniddin bobo maqbarasidan 980 metr sharqda Ko‘kcha darvozasi joylashgan edi. Kolesnikovning xaritasida (4a-rasm) sariq chiziq bilan mazkur maqbaraga boradigan yo‘l (rasmning chap tomonida) ko‘rsatilgan.
Rasmda sariq chiziq bilan ko‘ndalang turgan ko‘cha 1977-yilgi topoplanda (4b-rasm) Uyg‘ur nomi bilan ko‘rsatilgan. Bu ko‘chadan tramvay yo‘li o‘tgan edi. XX asrda darvozalar xuddi mana shu ko‘chada joylashgan bo‘lar edi.
Bugungi kunda Ko‘kcha darvozasi shu nomdagi ko‘chada xuddi shu nomdagi tor ko‘cha va Jalolobod ko‘chalari oralig‘ida joylashgan bo‘lar edi.
Chig‘atoy darvozasi
Chig‘atoy darvozasi 1865-1866-yilgi podporuchik Kolesnikov xaritasida
Chig‘atoy darvozasi nomini mashhur sarkardaning o‘g‘li nomi bilan bog‘lashadi. Darvoza shaharning shimoli-g‘arbiy tomonida joylashgan edi. Uning yaqinidan Kalkovus arig‘i oqib o‘tar edi.
Kolesnikov xaritasida (5a-rasm) sariq chiziq bilan shimoli-g‘arbga boradigan yo‘l ko‘rsatilgan, 100 yil o‘tgandan keyin esa (5b-rasm) bu yo‘l Farobiy ko‘chasi deb atala boshlandi.
Bugungi kunda esa, 2019-yilgi ortofotoplanda ko‘ringanidek
(5v-rasm), ushbu darvoza Farobiy va Chig‘atoy Darvoza ko‘chalarining kesishmasida joylashgan bo‘lar edi.
Sag‘bon darvozasi
Sag‘bon darvozasi podporuchik Kolesnikovning 1865-1866-yilgi xaritasida
Chorsu bozoridan shimolga ketadigan yo‘l Sag‘bon darvozasi orqali o‘tgan. Kolesnikovning xaritasida (6a-rasm) o‘sha yo‘l vertikal sariq chiziq bilan belgilangan.
Agar shu chiziqni 1977-yilgi topografik planga tushursak (6b-rasm), XXasrning ikkinchi yarmida mazkur yo‘l Sag‘bon ko‘cha deb atalganligi ma’lum bo‘ladi.
Bugungi kundagi oriyentirlarga nisbatan Sag‘bon darvozasi Nurafshon aylanma va Sag‘bon ko‘chalarining kesishmasidan 100 metr shimolda joylashgan bo‘lar edi.
Qorasaroy darvozasi
Qorasaroy darvozasi (chapdan yuqori burchakda) va Teshik-qopqa (o‘ngda) o‘tish joyi podporuchik Kolesnikovning 1865-1866-yillardagi xaritasida
Qorasaroy darvozasi shaharning eng shimoliy nuqtasida joylashgan edi. Kolesnikovning xaritasida (7a-rasm) ko‘rinib turibdiki, yo‘l to‘g‘ri chiziq bo‘ylab shimolga tik yo‘nalgan bo‘lsa-da (sariq chiziq bilan ko‘rsatilgan), darvoza yo‘l o‘qida joylashmagan. Balki bu shahar mudofaasini ta’minlash bilan bog‘liqdir.
1977-yilgi topoplanda (7b-rasm) mazkur yo‘l Qorasaroy ko‘chasi deb nomlangan. Bugungi kunda darvoza Qorasaroy va Ziyovuddin Boboxon ko‘chalarining kesishmasida joylashgan bo‘lar edi.
Qorasaroy darvozasidan 430 metr sharqda qal’a devoridan o‘tish joyi – Teshik-qopqa joylashgan edi (7a-rasm). Teshik asosan zarurat tug‘ilganda ochilgan: qal’adan tashqarida qabriston bor edi. Ammo u darvoza maqomiga ega bo‘lmagan.
Taxtapul darvozasi
Taxtapul darvozasi podporuchik Kolesnikovning 1865-1866-yilgi xaritasida
Taxtapul darvozasi Kalkovus arig‘i ustidagi ko‘prikdan shimolroqda joylashgan edi. Kolesnikov xaritasiga ko‘ra (8a-rasm) darvozadan shahar tashqarisiga uch tomonga yo‘l ketgan.
1977-yilgi topoplanda (8b-rasm) yo‘llar va ko‘chalar konfiguratsiyasi hamda chorrahaning joylashuvi qisman saqlanib qolgan.
2019-yilga kelib (8v-rasm), joyning ko‘rinishi 1866 yildagidan tubdan farq qiladi. Shu bilan birga, xaritalarning fragmentidan tashqari ularni to‘liq solishtirish hisobiga ham darvozaning o‘rnini aniqlash mumkin.
Bugungi kunda ushbu darvoza Nurafshon, Ahmad Donish, Taxtapul Darvoza, Taxtapul va Sebzor ko‘chalarining kesishmasida joylashgan bo‘lardi.
Labzak darvozasi
Labzak darvozasi podporuchik Kolesnikovning 1865-1866-yilgi xaritasida
Labzak darvozasi Anhor kanalining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan edi (qirg‘oq daryoning oqimi bo‘yicha aniqlanadi). Kolesnikovning xaritasida (9a-rasm) Labzak darvozasiga olib chiqadigan ko‘cha 1912-yilgi xaritada ham (9b-rasm), 2019-yil ortofotoplanda ham (9v-rasm) saqlanib qolgan.
Bundan tashqari Minor qabristoni ichidagi yo‘lakcha (o‘ngda past burchakdagi sariq chiziq) ikkala eski xaritalarda ko‘cha sifatida ko‘rsatilgan. Ob’yektning uchchala xaritada mavjudligi xaritalarni Labzak darvozasi yaqinida bir-biriga aniqroq bog‘lashga yordam berdi.
Yana bir qiziq ma’lumot: Kolesnikov xaritasida Labzak arig‘i Anhordan boshlanadigan qilib ko‘rsatilgan va bu haqida boshqa manbalarda ham yozilgan, ammo keyin tuzilgan xaritalarda Labzak arig‘i ancha pastroqdan boshlanadi.
Qashg‘ar darvozasi
Qashg‘ar darvozasi podporuchik Kolesnikovning 1865-1866-yilgi xaritasida
Kolesnikov xaritasida (10a-rasm) Qashg‘ar darvozasi qal’a mudofaa istehkomlaridan birining janubiy qismida turibdi. Qal’a ichidan chiquvchi yo‘llardan biri sariq chiziq bilan ko‘rsatilgan, va yo‘l Toshkentdan 24 km shimoli-sharqda joylashgan Niyozbek qal’asiga olib borgan. Bugungi kunda ham ushbu yo‘l Niyozbek yo‘li ko‘chasi deyiladi (10b-,10v-rasmlar).
Qashg‘ar darvozasining 1890-yilgi xaritada (10b-rasm) joylashgan o‘rnini aniqlash uchun sariq chiziq bilan belgilangan yo‘l trayektoriyasini ikkala xaritada solishtirdik.
Sariq chiziq tugagan joyda 1890-yil xaritasida qora rangga bo‘yalgan binolar joylashganini ko‘ramiz. Ushbu binolarning joylashgan o‘rni Kolesnikov xaritasida ko‘rsatilgan Qashg‘ar darvozasi o‘rniga to‘g‘ri keladi. Bu fakt ikkala xaritani geografik bog‘laganda ham tasdiqlandi.
Shunday qilib, darvozaning joyi 1890-yilgi xaritada ham aniqlandi. Endi darvozaning joylashuvini bugungi kundagi ob’yektlarga nisbatan ham aniqlab olishimiz kerak.
1890-yilgi xaritada ko‘rsatilgan qamoqxona yonidagi ikki bino e’tiborimizni tortdi. Mazkur binolardan biri bugungi kunda ham mavjud (10v-rasm) va ungacha darvoza o‘rnidan masofa 365 metrni tashkil qiladi.
Shunday qilib, 1890-yilgi xaritada darvozadan mazkur binogacha masofani o‘lchagan bo‘lsak, 2019-yilgi ortofotoplanda shuning teskarisini, ya’ni mavjud binodan o‘sha yo‘nalishda 365 metr masofa o‘lchab, Qashg‘ar darvozasining bugungi kundagi joyini aniqladik.
Aniqlashimizcha, Qashg‘ar darvozasi Amir Temur shoh ko‘chasi bo‘ylab, Qiyot (S-5) mavzesidagi 16 qavatli 2a-uy yonida bo‘lar edi.
Qo‘qon darvozasi
Qo‘qon darvozasi podporuchik Kolesnikovning 1865-1866-yilgi xaritasida
Qo‘qon darvozasi O‘rdadan uzoq bo‘lmagan joyda, Chovli arig‘ining chap qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lgan. Darvozadan Farg‘ona vodiysiga yo‘l ketgan. Podporuchik Kolesnikovning xaritasida (11a-rasm) keyingi xaritalar bilan aynan mos tushadigan ob’yektlar yo‘q.
Ammo praporshik Vasilevning 1870-yilgi xaritasida (11b-rasm) Qo‘qon darvozasidan tashqari bugungi kungacha saqlanib qolgan bino (chapdagi yuqori burchakdagi qizil chiziq) va Amir Temur xiyoboni markazi aks ettirilgan.
Bu ob’yektlar bizga Qo‘qon darvozasining bugungi kundagi oriyentirlarga nisbatan joylashuvini aniqlashga yordam berdi: darvoza hozirda Istiqlol ko‘chasida, Hyatt mehmonxonasidan janubroqda joylashgan bo‘lardi.
Qo‘ymas darvozasi
Qo‘ymas darvozasi podporuchik Kolesnikovning 1865-1866-yilgi xaritasida
Qo‘ymas darvozasi (Qatag‘on, Qirilmos) Anhorning chap qirg‘og‘ida, O‘rdadan janubroqda joylashgan edi.
Kolesnikov xaritasida (12a-rasm) 1866-yilda qurilgan yangi rus qal’asining darvozasi ko‘rsatilgan. Ma’lumot o‘rnida: ushbu qal’aning darvozalaridan biri bugungi kunda ham saqlanib qolgan – u «Yunus Radjabiy» mahallasida joylashagan. 1977, 1992 va 2005-yilgi topoplanlarda rus qal’asi qoldiqlari o‘z aksini topgan. Yuqoridagi xaritalarda rus qal’asi qoldiqlari sariq chiziq bilan ko‘rsatilgan.
Yana hisob-kitoblarga qaytamiz. Kolesnikovning xaritasida (12a-rasm) yangi rus qal’asi oltiburchak shaklida tasvirlangan. Qal’a bo‘ylab Mesyasev, Xmelyov va Obux darvozalari belgilangan. Kolesnikov xaritasida ko‘rsatilgan qal’a ichidagi rejalashtirish amalga oshmay qolgan. Masalan, xaritada xoch bilan belgilangan cherkov qurilmay qolgan.
Bundan tashqari, Kolesnikov xaritasida Toshkentning yangi kvartalida cherkov yonida uy belgilangan (12a-rasmning o‘ng tomonida yuqori burchakda). Xuddi shu uy 1890-yilgi xaritada ham (12b-rasm) tasvirlangan.
Shunday qilib, «Yunus Radjabiy» mahallasida joylashgan rus qal’asi darvozasining va cherkov yaqinidagi uyning aniq joylashuvini bilamiz. Ularga asoslanib, Qo‘ymas darvozasigacha bo‘lgan masofani aniqlaymiz. Masofa tegishlicha 420 va 250 metrni tashkil qiladi.
Bugungi kunda Qo‘ymas darvozasi Anhor bo‘yida Senat binosining janubiy tomonidan 150 m masofada joylashgan bo‘lar edi (12v-rasm).
Qal’a devorlarining darvozalar orasidagi uzunligi
Beshyog‘och – Teshik |
955 m |
Teshik – Kamolon |
541 m |
Kamolon – Samarqand |
999 m |
Samarqand – Ko‘kcha |
1542 m |
Ko‘kcha – Chig‘atoy |
2353 m |
Chig‘atoy – Sag‘bon |
909 m |
Sag‘bon – Qorasaroy |
1038 m |
Qorasaroy – Teshik-qopqa |
486 m |
Teshik-qopqa – Taxtapul |
1030 m |
Taxtapul – Labzak |
1651 m |
Labzak – Qashg‘ar |
1373 m |
Qashg‘ar – Qo‘qon |
1247 m |
Qo‘qon – Qo‘ymas |
1416 m |
Qo‘ymas – Beshyog‘och |
1818 m |
Qal’a devorining umumiy uzunligi |
17 358 m |
O‘rdaning joylashgan joyi
Shu o‘rinda Toshkent tarixida muhum o‘rin egallagan O‘rdaning joylashuvi to‘g‘risida ma’lumot berishni joiz deb bildik. Bugungi kunda O‘rda deganda Anhorning o‘ng qirg‘og‘idagi Alisher Navoiy va Abdulla Qodiriy ko‘chalari orasidagi hudud tushuniladi. Hattoki 1912-yilda chop etilgan xaritalarda ham O‘rda Anhorning o‘ng qirg‘og‘ida ko‘rsatilgan.
Ammo, endi biz aniq bilamizki, O‘rda Anhorning chap qirg‘og‘ida bo‘lgan: janubda Mustaqillik monumenti va Tasviriy san’at galereyasigacha (Buyuk Turon ko‘chasi, 2 uy) va shimolda «Turkiston» konsert zaligacha bo‘lgan hududni egallagan.
Toshkent shahri qal’asi darvozalarini tiklash 2021-yil uchun Davlat dasturida poytaxt hokimligi oldiga qo‘yilgan vazifalardan biridir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter