Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda sifatsiz dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan ota-bola qo‘lga olindi

Toshkentda sifatsiz dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan ota-bola qo‘lga olindi

Toshkent shahri Olmazor tumanida 76 yoshli fuqaro va uning 46 yoshli o‘g‘li yashash manzilidagi xonadon yerto‘lasida umumiy qiymati 1 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi jami 72 nomdagi 3 615 quti dori vositalarini saqlab kelgani aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ota-bolalar mamlakatga noqonuniy olib kelingan bunday dori vositalarini muntazam ravishda vodiy viloyatlaridan arzon narxda xarid qilib, poytaxtdagi mijozlarga sotish bilan shug‘ullanishgan.

«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasining xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalari davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan hamda ularni maxsus sharoitlarda saqlashning belgilangan qoidalariga amal qilinmagan. Shu sababli mazkur dori vositalarini yurtimizda saqlash, sotish, tashish va tibbiyotda qo‘llash taqiqlanadi.

Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,186-3-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahridagi dorixonalardan birida sotish uchun saqlab kelinayotgan, shubha uyg‘otuvchi 456 turdagi 57 407 dona dori vositalari, 18 turdagi 835 dona dori vositalarining yasama bo‘sh qutilari hamda 1 dona dori tayyorlash moslamasi mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Ushbu dori vositalarining 160 turdagisi davlat reyestrida qayd etilmaganligi, 274 turdagisiga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmaganligi, 50 turdagisi sifatsiz, yaroqlilik muddati o‘tgan hamda 7 turdagisi esa qalbakilashtirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, dori vositalarning umumiy qiymati 3,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Holat yuzasidan dorixona mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring