Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda «Regapen», «Selofen» va «Tropikamid» sotgan dorixona rahbarlari qo‘lga olindi

Toshkentda «Regapen», «Selofen» va «Tropikamid» sotgan dorixona rahbarlari qo‘lga olindi

DXX va IIV xodimlari hamkorligida Toshkent shahar Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida «YeVRO MED FARM» MChJga qarashli dorixonada kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi yo‘lga qo‘yilganligi fosh etildi. Ushbu dorixona ko‘zdan kechirilganda 364 dona «Regapen», 85 dona «Selofen» va 13 dona «Tropikamid» dori vositalari noqonuniy saqlanayotganligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirilib olindi. Shuningdek, dorixona rahbari O‘.A.ga tegishli avtomashinadan ham 1610 dona «Regapen», 200 dona «Selofen» va 399 dona «Tropikamid» dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Surishtiruvlar jarayonida ushbu noqonuniy ishlar zanjiri fuqaro A.B.ga borib taqaldi. U tomonidan Chilonzor tumani, 17-mavze, 33-uyning 26-xonadoniga yashirib qo‘yilgan 7600 dona «Tropikamid» dori vositasi protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, A.B. kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarini yana bir hamtavog‘i P.M.ga yetkazib turganligi, natijada Chilonzor tumanining 1-mavzesida joylashgan unga tegishli «ARRAKASTA GROUP» nomli dorixonada bunday preparatlar sotilayotganligi ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbir davomida ushbu dorixonada 100 dona «Tropikamid» dori vositasi qonunga xilof ravishda saqlanayotganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, Uchtepa tumanida joylashgan «KAMOLA-XUR INVEST» MChJga qarashli dorixona rahbari P.B. garchi maxsus litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib, mijozga 1 dona «Selofen» kapsulasini 20 ming so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi. Dorixona ko‘zdan kechirilganda 3139 dona «Selofen» va 923 dona «Regapen» dori vositasi borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.

O‘tkazilgan tadbirlar natijasida jami 2897 dona «Regapen», 3425 dona «Selofen» va 8112 dona «Tropikamid» dori vositalari musodara qilindi.

Ta’kidlash lozimki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan «pregabalin», «zaleplon», «tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilganligi bois, tarkibida ushbu moddalar bo‘lgan «Regapen», «Selofen» va «Tropikamid» dori vositalari faqatgina maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalarda sotilishi belgilangan.

Bunday dori vositalarining sog‘lom odam tomonidan uzoq vaqt iste’mol qilinishi kelgusida unga nisbatan tobe’likni keltirib chiqaradi va alal-oqibat insonda narkologik kasalliklarni yuzaga keltiradi, shuningdek, ichki organlarga toksik ta’sir ko‘rsatadi. Dozasini oshirish esa hatto o‘limga ham olib keladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring