Toshkentda qulagan yuqori kuchlanishli elektr temir ustuni sozlandi
Shu yilning 19-iyun kuni taxminan soat 18:00da Toshkent avtomobil halqa yo‘lining O‘rikzor bozoriga yaqin qismida shamol tufayli yuqori kuchlanishli elektr temir ustuni yo‘lning qatnov qismiga ag‘darilib tushgani haqida xabar bergan edik.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, baxtli tasodif tufayli hodisadan hech kim jabrlanmagan. Biroq yaqin atrofdagi xonadon va binolar vaqtinchalik elektr tokidan uzilib qolgan.
Shu munosabat bilan voqea joyiga Ichki ishlar organlari, elektr tarmog‘i xizmati va tuman hokimligi xodimlaridan iborat tezkor guruh yetib borgan va yuzaga kelgan vaziyat nazoratga olingan. Jumladan, elektr ustuni ag‘darilib tushgan yo‘l qismi yopilib, avtotransportlar harakati yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tkazildi.
Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida yuzaga kelgan nosozlik bir sutka ichida to‘liq bartaraf etilib, elektr ustunlar soz holga keltirildi. Natijada xonadon va binolarda elektr toki qayta tiklandi. Toshkent avtomobil halqa yo‘lidagi vaqtinchalik to‘siq olib tashlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter