Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda o‘ta xavfli retsidivist o‘z xotiniga OIV kasalini qasddan yuqtirdi

Toshkentda o‘ta xavfli retsidivist o‘z xotiniga OIV kasalini qasddan yuqtirdi

Foto: «Tengrinews»

Qashqadaryodagi Qarshi zonasida jazoni o‘tayotgan vaqtida OIV bilan kasallangan kishi, o‘zining sha’riy turmush o‘rtog‘iga qasddan OIV kasalligini yuqtirgani aniqlangan, deb xabar bermoqda «Uznews.uz».

Bu bilan bog‘liq jinoiy ish Olmazor tuman sudining o‘z binosida, yopiq sud majlisida, sudya Bekzod Umirov raisligida olib borildi. Davlat ayblovchisi sifatida ushbu ishda Olmazor tuman prokurorining katta yordamchisi Baxtiyor Akramov qatnashdi.

1980-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, muqaddam 5 marotaba sudlangan, Toshkent shahar Olmazor tumani Qoraqamish dahasida istiqomat qilgan fuqaro E.H. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 113-moddasining 4-qismi bilan ayblanib qamoqqa olingan.

E.H. 2017-yilning 28-may kuni o‘z uyida bo‘la turib, o‘zini 2012-yilning fevral oyidan buyon Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasi shahar OITSga qarshi kurashish markazi tomonidan «D» nazoratiga olinganini bilgani holda, shar’iy turmush o‘rtog‘i A.B. bilan jinsiy aloqa qilish orqali unga OIV kasalligini yuqtirgan.

E.H. o‘z turmush o‘rtog‘i bilan himoyalanmagan jinsiy aloqada bo‘lgach, oradan 10 kun o‘tib, A.B.da terida toshmalar toshishi, tana haroratining ko‘tarilishi, umumiy holsizlik va keyinchalik ishtaha pasayishi va soch to‘kilishlari kabi klinik belgilarning paydo bo‘lgan.

Sudlanuvchi E.H. sud majlisida aybiga qisman iqror bo‘lib, 2009-yilda sodir etgan jinoyati uchun Qarshi zonasida jazoni o‘tayotgan vaqtida gigiyenik talablarga rioya qilmaganligi, ya’ni britva ishlatish orqali yuqtirganligi, 2009-yilda qamoqxona tomonidan IFA+, IB+ tashxisi bilan nazoratga olinganini aytib o‘tgan.

Sud E.H.ning sudlanganlik holati tugamaganligi, hozirgi kunda qasddan og‘ir jinoyat sodir etganini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 34-moddasi 3-qismining «b» bandi talablaridan kelib chiqqan holda uni o‘ta xavfli retsidivist deb topdi.

E.H. aybdor deb topilib unga nisbatan qo‘llanilgan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirilgan hamda uzil-kesil o‘tashlik uchun unga nisbatan 5 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring